Yashil iqlim jamg‘armasining moliyaviy yordamini olish yo‘lida O‘zbekistonda yana bir muhim qadam qo‘yildi

Thu Jul 21 00:00:00 EDT 2016

Butun Markaziy Osiyo hududi va jumladan O‘zbekiston hududi bo‘yicha iqlimning isishi kuzatilmoqda. Qurg‘oqlik indeksiga ko‘ra[1] (BMTning Atrof-muhit dasturi doirasida baholanishicha) O‘zbekistonning aksariyat qismi qurg‘oqchil deb ta’riflanishi mumkin. Bundan tashqari, O‘zbekistonda yerlarning tanazzulga uchrashi va qumlanish darajasi nihoyatda yuqori bo‘lib, bu yerlar qurg‘oqlik zonasi deb ham hisoblanadi. O‘rtacha yillik haroratlar har 10 yildan keyin 0,29 0C ga ko‘tarilib, iqlim o‘zgarishi oqibatida mamlakat aholisi va hududlari boshqa mamlakatlarga qaraganda ko‘proq aziyat chekishi mumkin, chunki O‘zbekistondagi iqlim isishining sur’atlari butun dunyo ko‘rsatkichlari bilan qiyoslaganda ikki barobar yuqoridir.[2]

Iqlim o‘zgarishi va mazkur jarayon oqibatida yuzaga keladigan tabiiy talofotlar O‘zbekistonda ozuqaviy xavfsizlikni ta’minlash, aholining farovonligini oshirish, taraqqiyot jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash kabi masalalarni chigallashtirib, mamlakatning YaIMi shakillanishida anchagina katta o‘rin tutgan qishloq xo‘jaligiga nihoyatda salbiy ta’sir korsatib kelmoqda. Mamlakatning qishloq xo‘jaligi iqlim bilan bog‘liq bo‘lgan xavflar tufayli paydo bo‘layotgan muammolarga duch kelmoqda. Mazkur xavflar qatorida suv tanqisligining yanada kuchayishi, qurg‘oqlik davrlarining tez-tez sodir bo‘lib turishi, yer tanazzuli kabi jarayonlarning yanada kuchayib borishi, sel va suv toshqinlarining ko‘payishini misol tariqasida aytib o‘tish mumkin. Mazkur xavflar mamlakatning rivojlanayotgan ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasi va mamlakatning turli hududlarining taraqqiyotiga tahdid solishi mumkin. Shunday qilib, iqlim o‘zgarishi jarayonlariga moslashish, bunday o‘zgarishlarning oldini olish hamda iqlim bilan bog‘liq bo‘lgan xavf va tahdidlarni boshqarish borasida tegishli chora-tadbirlarni rejalashtirish, ishlab chiqish va moliyalashtirish kabi ishlarni amalga oshirish hozirgi kunda nihoyatda dolzarb masala bo‘lib hisoblanadi.

Ushbu borada, O‘zbekistonda tegishli chora-tadbirlarni moliyalashtirish masalasi ko‘ndalang qo‘yilgan. Yashil iqlim jamg‘armasi (YaIJ)ning tez sur’atlarda rivojlanib borishi, mazkur jamg‘armadan foydalanish bo‘yicha maxsus dasturlarning amalga oshirilishi natijasida hamda iqlim borasidagi yangi xalqaro bitimning imzolanishi tufayli O‘zbekiston yaqinda tashkil etilgan mazkur jamg‘arma va boshqa shu kabi jamg‘armalardan unumli foydalanishini ta’minlovchi milliy tizimini shakillantirish imkoniyati paydo bo‘ldi.

YaIJ BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi doiraviy konventsiyasining yagona moliyaviy mexanizmi bo‘lib hisoblanadi. Mazkur mexanizm rivojlanayotgan mamlakatlar iqlim o‘zgarishiga moslashishi, iqlim o‘zgarishining oldini olishiga qaratilgan maxsus chora-tadbirlarni moliyalashtirishga qaratilgan. Shu sababli, BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (YuNEP), BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Dunyo resurslari instituti (DRI) birgalikda mamlakatlar YaIJ tomonidan taqdim etiladigan moliyaviy yordamidan unumli foydalanish borasidagi tayyorgarligini oshirishga qaratilgan maxsus global dasturni amalga oshirmoqda. Ushbu dastur Germaniya hukumati tomonidan moliyalashtirilmoqda. Dastur doirasida to‘qqizta mamlakatga texnik yordam ko‘rsatilib, ushbu mamlakatlarda YaIJ tomonidan taqdim etiladigan moliyaviy yordamdan unumli foydalanish borasidagi tegishli tartib-taomillar va salohiyat shakillantiriladi.

2016 yil 21 iyul kuni Toshkentdagi “Vindham” mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan seminar mazkur global dastur doirasidagi milliy loyihaning rasmiy boshlanishini belgilab berdi. Ushbu seminarda o‘n beshta vazirlik va idoralar vakillari, fuqarolik jamiyati, ta’lim va fan muassasalari vakillari hamda BMTning Taraqqiyot dasturi va Atrof-muhit bo‘yicha dasturi vakillari ishtirok etdi.

Ushbu milliy loyihaning asosiy maqsadi O‘zbekiston Hukumatiga YaIJ sarmoyasidan unumli foydalanish, YaIJ tomonidan moliyalashtiriladigan dastur va loyihalarni samarali kuzatib boorish, nazorat qilish va boshqarish borasida tegishli mutasaddi tashkilotlarning institutsional salohiyatini oshirishda, mazkur tashkilotlar YaIJ sarmoyasidan bevosita foydalanaolishini ta’minlashda yordam berishdan iborat.

Milliy loyiha doirasida YaIJ sarmoyasini olish va undan foydalanish uchun muhim shart-sharoitlar yaratish, jumladan, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarni yechish jarayoniga xususiy sektorni jalb qilish uchun tegishli muhit yaratish, iqlim o‘zgarishining oldini olish, bunday o‘zgarishlarga moslashish bo‘yicha mamlakatda amlga oshirilayotgan chora-tadbirlarning unumdorligini baholash, to‘g‘ri tahlil qilish tizimini takomillashtirish, sarmoya jalb etaoladigan loyihalarni ishlab chiqish va bunday loyihalar doirasida iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash sohasida tub islohotlarni amalga oshirish kabi keng ko‘lamli tadbirlarning amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Loyihaning faoliyati va tadbirlari davlat siyosati va milliy pirovard maqsadlar asnosida rejalashtiriladi.

YaIJ bilan ishlash bo‘yicha milliy vakil va O‘zgidrometning bosh direktori V.Ye.Chubning ta’kidlashicha “O‘zgidromet mazkur loyihani muvofiqlashtiruvchi tashkilot sifatida xizmat qiladi va loyiha barcha milliy ustuvor vazifa va yo‘nalishlarga muvofiq bo‘lishini, kutilgan natijalarga erishishini ta’minlashi uchun javob beradi. O‘zbekiston Respublikasining mutasaddi tashkilotlari, idoralarining institutsional salohiyatini kuchaytirish bo‘yicha ishlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida ko‘plab turli hamkorlar, shu jumladan, xususiy sektor bilan yaqindan sheriklik qilib, keng ko‘lamdagi vazifalarni yechishimiz lozim bo‘ladi. BMT agentliklari tomonidan ko‘rsatiladigan texnik yordamdan foydalanib, YaIJga taqdim etiladigan loyihalar to‘plamini ishlab chiqishimiz lozim. Mazkur loyihalar to‘plami Jahon banki tomonidan ishlab chiqilgan va YaIJning Rahbarlari kengashi tomonidan 2016 yilning iyun oyida tasdiqlangan Orol daryosi havzasida iqlim o‘zgarishining oldini olish va unga moslashish bo‘yicha mintaqaviy dasturga (CAMP4ASB) munosib qo‘shimcha bo‘lishi kutiladi”.

YuNEP, BMTTD va DRI tomonidan amalga oshirilayotgan dastur doirasida Benin, Kolumbiya, Salvador, Fiji, Gana, Keniya, Nepal va Fillippinda ham YaIJ sarmoyasidan unumli foydalanish borasidagi salohiyatni oshirish borasida keng ko‘lamli loyihalar yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur mamlakatlar BMT va DRI kabi xalqaro tashkilotlarning boy tajribasi va salohiyatidan foydalanmoqda. Shu mamlakatlar qatorida, O‘zbekiston ham bunday boy xalqaro tajriba va bilimlardan foydalangan holda iqlim o‘zgarishi oqibatida yuzaga keladigan iqlimiy xavf-xatarlar va muammolarni kamaytirish, ularni bartaraf etish borasida butun dunyo mamlakatlaridan olingan ilg‘or tajriba va amaliy yechimlar haqida ma’lumotga ega bo‘lib, nafaqat bir mamlakat miqyosida balki butun Markaziy Osiyo miqyosida ham iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga qaratilgan dastur va loyihalarni moliyalashtirish borasidagi salohiyatini kuchaytirishga erishadi.


 

[1] BMTning Atrof-muhit bo’yicha dasturiga ko’ra qurg’oqlik indeksi yog'inlar hajmining potentsial bug'lanish summasiga bo’lgan nisbati asosida aniqlanadi (Middleton&Thomas, 1992, 1997).

[2] BMTning Iqlim o’zgarishi to’g’risidagi doiraviy konventsiyasi bo’yicha O’zbekiston Respublikasi tomonidan taqdim etilgan milliy hisoboti. Toshkent, 2008, 205-bet