Estoniyalik elektron hukumat bo‘yicha ekspertning O‘zbekistonga tashrifi

Mon Jul 18 00:00:00 EDT 2016

Estoniyalik elektron hukumat bo‘yicha ekspert Villem Alango «O‘zbekistonda nogiron shaxslarga va yolg‘iz qariyalarga professional ijtimoiy xizmat ko‘rsatish» loyihasi doirasida 2 haftalik missiya bilan O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Uning tashrifi ijtimoiy himoya, sog‘liqni saqlash, davlat mulk kadastri sohasida, shuningdek boshqa sohalarda elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha Estoniya tajribasini o‘rganish, turli davlat va nodavlat organlari o‘rtasida axborot almashish uchun muhim imkoniyatlarni taqdim etdi.

Toshkentga tashrif ikkita asosiy maqsadga qaratilgan edi.

Birinchidan, ijtimoiy xizmatlar va yordam oluvchi keksa insonlar hamda nogironlarni hisobga olishning Yagona registrini ishlab chiqishda davlat organlariga ko‘maklashish. Bunday registr aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlariga e’tibor qaratish doirasida idoralararo hamkorlikni muvofiqlashtirish va to‘liqroq boshqaruvni ta’minlash uchun mo‘ljallangan idoralararo boshqaruv axborot tizimidir.

Ikkinchidan, Sog‘liqni saqlash vazirligi uchun «Ijtimoiy himoya» ichki axborot tizimini yaratishda ko‘maklashish.

Missiya chog‘ida xalqaro ekspert Alango ushbu ikki axborot tizimini ishlab chiqishda ishtirok etayotgan manfaatdor tomonlar, shu jumladan Moliya vazirligi, Mehnat vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi va uning Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi, Toshkent shahri hokimligi hamda Elektron hukumatni rivojlantirish markazi vakillari bilan uchrashdi va samarali muloqotda ishtirok etdi.

Missiyaning yakunida 7 iyul juma kuni ekspert Alango Elektron hukumatni rivojlantirish markazida muhim milliy hamkorlarning qo‘shma majlisida o‘z xulosalari va tavsiyalarining taqdimotini o‘tkazdi. Iyul oyi oxiriga qadar Villem Alango «Ijtimoiy himoya» ichki axborot tizimini ishlab chiqish uchun texnik vazifa ishlab chiqadi, shuningdek Yagona registrni ishlab chiqish yuzasidan amaliy tavsiyalar beradi.

Istiqbolda O‘zbekiston davlat organlari va Estoniya elektron hukumati akademiyasi o‘rtasidagi sermahsul hamkorlik BMTTDning milliy hamkorlar bilan qo‘shma loyihalari va xalqaro konferensiyalar doirasida davom ettiriladi.

Villem Alango Estoniya Elektron Hukumat Akademiyasining yetakchi mutaxassisi lavozimida ishlaydi.