Jurnalistlar uchun seminar-trening: “Ochiq ma’lumotlardan qanday foydalanish kerak?”

Tue Jun 07 00:00:00 EDT 2016

“Poytaxt” biznes markazida Toshkent viloyati hokimiyati hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi “magalliy boshqaruv tizimini qo’llab-quvvatlash: 2-bosqich” loyihasi hamkorligida “davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rasmiy veb-saytlaridagi ochiq ma’lumotlar bo’limi va ochiq ma’lumotlar portalidan foydalanish” mavzusida seminar-trening bo’lib o’tdi.

Tadbirda Toshkent viloyatining 20 dan ortiq televideniya va radio jurnalistlari, shuningdek, axborot agentliklar, bosma va internet nashrlarning bosh muharrirlari va muxbirlari ishtirok etishdi.

Seminardan ko’zlangan maqsad axboratni etkazishda zamonaviy yo’nalishlar bilan tanishish, jamiyat uchun zarur axbrot mahsulotni yaratishda ochiq ma’lumotlar bilan ishlash, qayta chop etish va vizualizatsiya qilishni o’rganish.

Uchrashuvni o’zining “Ochiq ma’lumotlar portali: maqsad va vazifalar” mavzusidagi taqdimoti bilan O’zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi qoshidagi “Elektron hukumat” markazi departament boshlig’i Zuxriddin Shodmonov ochib berdi. Qayd etilganidek, ochiq ma’lumotlar – bu davlat hokimiyati va mahalliy o’zini o’zi idora qilish organlarining faoliyati haqidagi internet tarmog’ida mashina o’qiydigan formatda joylashtirilgan ma’lumotlardir. Ulardan qonunda ko’rsatilgan istalgan maqsadlarda erkin foydalanish mumkin.

Ochiq ma’lumotlarning elon qilinishi davlat hokimiyati va mahalliy o’zini o’zi idora qilish organlari faoliyatining shaffofligini oshirishiga turtki berishiga ham alohida urg’u berildi. Bu O’zbekistonda huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish yo’lida amalga oshirilayotgan tizimli islohatlarga monanddir.

Ta’kidlash joizki, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “ochiq ma’lumotlar taqdim etilishi hisobga olingan holda internet tarmog’ida O’zbekiston Respublikasining hukumat portalini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida” 2015 yil 7 avgustdagi 232-sonli qaroriga asosan ishga tushirilgan ochiq ma’lumotlar portali data.gov.uz davlat organlarining tizimlashtirilgan mashina o’qiydigan formatda jojlashtirilgan ma’lumotlar saqlanishi uchun yagona platforma vazifasini bajarishi ko’zda tutilgan.

Boshlovchi sifatida seminarda ishtirok etgan anhor.uz axborot tahlil sayti bosh muharriri Lola Islomova tadbir ishtirokchilarini asosiy vazifasi ma’lumotlarni o’quvchiga sodda shaklda etkazish, ya’ni vizualizatsiya qilishda diagrammalar, yig’ma jadvallar, infografikalar qo’llash kabi zamonaviy vositalardan fojdalanishning amaliy ko’nikmalari bilan tanishtirdi.

Uning fikricha, vizualizatsiyadan foydalanishning muhimligi ma’lumotlarni ravshan va aniq aks etira olishdadir. Chunki rasm orqali maqolada bir necha satrlarda namoyon qilish mumkin bo’lgan ma’lumotni qisqa va lo’nda ko’rsatish imkoniyati bor.

Shuningdek, jurnalistlar etiboriga Toshkent viloyati hokimiyatining yaqinda ishga tushirilgan ochiq ma’lumotlar portali data.toshvil.uz havola etildi. Unda iqtisodiy rivojlanish, ta’lim, sog’liqni saqlash, qishloq xo’jaligi, turizm, madaniyat va boshqa sohalarga oid 250 taga yaqin ochiq ma’lumotlar to’plamlari mavjud.

Tadbir ishtirokchilari jamoalarga bo’lingan holda axborotni infografika shaklda tayyorlash bo’yicha o’zaro musobaqa ham o’tkazishdi.

Seminar-trening yakunida uning ayrim ishtirokchilari o’z fikr-mulohazalari bilan o’rtoqlashishdi:

“Olmaliq haqiqati” gazetasi bosh muharriri Dilfuza Ro’zieva:

“Tadbir juda qiziqarli o’tdi va o’ylaymanki, ishtirokchilarning barchasi o’zi uchun kelajakda as qotadigan yangi mahorat va bilimlarni o’zlashtirdi”.

“Chinoz hayoti” gazetasi bosh muharriri Surayyo Axmedova:

“O’tgan seminar nafaqat professional jurnalistlar uchun, balki matbuot xizmati va elektron nashriyotlar mutaxasislari uchun ham juda foydali bo’ldi. Ishonch bilan aytish mumkinki, trening bizning ochiq ma’lumotlar bilan ishlashda vizualizatsiyadan foydalanish, qayta chop etish va talqin qilish borasidagi bilimlarimizni sezilarli darajada oshirishga xizmat qildi. Shunaqa amaliy ko’nikmalarni rivojlantirishga yo’naltirilgan seminarlarni tez-tez o’tkazish maqsadga muvofiq bo’lardi”.