“Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risidagi” Qonunning yangi tahriri loyihasi muhokama qilindi

Tue Jun 07 00:00:00 EDT 2016

Toshkentning “Poytaxt” biznes markazida O‘zbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risidagi” Qonunning yangi tahriri loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan “davra suhbati” bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda BMT Taraqqiyot dasturining “Mahalliy boshqaruv tizimini qo‘llab-quvvatlash: 2-bosqich” qo‘shma loyihasi doirasida tashkil qilindi.

“Davra suhbati” ishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, Toshkent shahar, Toshkent, Jizzax va Namangan viloyatlari hokimiyatlari vakillari, ilmiy markazlar va universitetlar ekspertlari ishtirok etishdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, 1993 yilda qabul qilingan “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risidagi” Qonun mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini tashkil etish, ularni yo‘naltirish va rivojlantirishda ijobiy rol o‘ynadi. Shuning bilan birga hujjat qabul qilindan buyon qonunchilik asoslari doirasida ham, tashkiliy-amaliy jihatdan ham davlat hokimiyatining markaziy va hududiy darajadagi organlari faoliyatida tub o‘zgarishlar yuz berdi, ular mazmunan va shaklan zamonaviylashtirildi, yangi boshqaruv uslublari joriy etildi. Konstitutsiyaga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari vakolatlarini kuchaytiruvchi, ularning faoliyati hisobdorligi va shaffofligini oshirishga qaratilgan qator qonun va boshqa huquqiy-normativ hujjatlar qabul qilindi. Amalda hududlarni rivojlantirish bo‘yicha joylardagi hokimiyat organlariga yanada ko‘proq javobgarlik yuklatilmoqda. Yuqorida sanab o‘tilgan barcha holatlar qonunni Konstitutsiya va boshqa huquqiy-normativ hujjatlar bilan, shuningdek bugungi kundagi amaliyot bilan moslashtirishni talab etadi.

Bu esa o‘z navbatida mahalliy organlarning mustaqilligini kuchaytirish, ularning hududni rivojlantirishdagi javobgarligini oshirish maqsadida ushbu sohadagi qonunchilikni takomillashishini ta’minlashga, ya’ni “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risidagi” Qonunning yangi tahriri loyihasini ishlab chiqish va qabul qilishga zarurat tug‘diradi.

Xususan, amaldagi qonunda respublika va mahalliy vakillik organlari o‘rtasidagi javobgarlik va vakolatlar aniq chegaralanmagan. Mahalliy xalq deputatlari Kengashi va hokimlar vakolatlari batafsil ko‘rsatib o‘tilmagan.

Tegishli shtat birligi, moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minlash manbaalarining mavjud emasligi, o‘z faoliyatida mahalliy hokimiyatga moddiy va tashkiliy jihatdan bog‘liqligi Kengashlarni ijro etuvchi organlar faoliyatini nazorat qilish, hududiy rivojlantirish dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish hamda hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitni yaxshilash singari vakolatlaridan samarali foydalana olmasligiga sabab bo‘lmoqda.

Shuning uchun ham qonun loyihasida joylardagi davlat hokimiyati organlari mavqeini kuchaytirish, xalq deputatlari mahalliy Kengashi ishini muvofiqlashtiruvchi va yig‘ilishlar oralig‘ida xalq deputatlariga ko‘maklovchi doimiy organni yaratish kabi masalalarni hal qilish ko‘zda tutilgan.

“Davra suhbati” doirasida 2016 yil 22 fevraldagi PQ-2495-sonli «Hududlarni kompleks rivojlantirishni ta’minlashda mahalliy davlat boshqaruvi organlari faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» hamda PQ-2497-sonli “Hududiy davlat boshqaruvi organlari tuzilmasini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorlarga alohida urg‘u berildi. Ushbu qarorlarga muvofiq viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining boshqaruv apparati tuzilmasida hududlarni kompleks rivojlantirish yig‘ma boshqarmalari tashkil etildi. Ularning asosiy vazifalari sifatida hududlarni kompleks rivojlantirishning amaldagi va o‘rta muddatdagi dasturlarini ishlab chiqish, tizimli islohatlar va hududlar iqtisodiyoti diversifikatsiyasini chuqurlashtirish kabilar belgilangan. Shu sababli qonun loyihasiga “joylardagi davlat hokimiyati organlari faoliyatining iqtisodiy asoslari” tushunchasini aniqlab beruvchi alohida modda kiritildi. Shu bilan birga ushbu tushunchaning asosiy elementi sifatida hududlarni rivojlantirish strategiyasi va uning o‘rta muddatli byudjetlashtirish bilan bog‘liqligini ko‘rsatib o‘tish tavsiya etildi.

Tadbirda so‘z olganlarning barchasi “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risidagi” Qonunning yangi tahriri loyihasini qabul qilish bugungi kun uchun dolzarb masala ekanligini ma’qullashdi. Chunonchi, hozirgi paytda hududlardagi hokimiyatlar asosan yuqoridan kelgan ko‘p sonli buyruqlarni bajarish bilan band. Bunday holat, avvalo, mahalliy hokimiyat organlarining byudjet va sarmoyaviy vakolatlarini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlani qabul qilishga zarurat uyg‘otadi. Bu esa o‘z navbatida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Qisqa qilib aytganda, qonunning yangi tahrirda qabul qilinishi joylardagi davlat hokimiyati organlarining rolini sezilarli darajada oshiradi, ularga nomarkazlashtirilgan vakolatlar doirasida respublika hokimiyat organlariga murojaat qilmasdan, mustaqil ravishda davlat boshqaruvi bilan bog‘liq masalalarni o‘z vaqtida yechish, ustuvor yo‘nalishlarni aniqlash va resurslarni mahalliy shart-sharoit va ehtiyojlardan kelib chiqqan holda taqsimlash imkonini beradi.

Muhokama jarayonida qonun loyihasining alohida moddalarini yaxshilashga yo‘naltirilgan konstruktiv takliflar aytib o‘tildi.

Xususan, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risidagi” Qonunning yangi tahririda hokimiyatlar vakolatlari nafaqat kuchaytirilishi, balki konkretlashtirilishi kerakligi, ularga barcha sohalarda yanada ko‘proq erkinlik berish lozimligi, shuningdek, hokimning Kengash oldidagi hisobdorlik protsedurasini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

Shu bilan birga qonun loyihasiga byudjetlararo munosabatlarni tartibga solish tamoyillarini kiritish taklif qilindi. Bu esa moliyaviy mablag‘larni maksimal darajada samarali ishlatilishi uchun byudjetni to‘g‘ri shakllantirish, tasdiqlash va bajarish imkonini beradi.

Bundan tashqari, energiya ishlatish hajmini kamaytirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya tejamkorligini ta’minlovchi texnologiyalarni joriy qilish masalalari bo‘yicha qabul qilingan huquqiy-normativ hujjatlar ijrosi yuzasidan joylardagi davlat hokimiyati organlarining javobgarligi belgilangan alohida modda bilan qonun loyihasini to‘ldirish taklif qilindi.

“Davra suhbati” yakunida “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risidagi” Qonunning yangi tahriri loyihasi ustidan tadbirda bildirilgan taklif va tavsiyalarni inobatga olgan holda qayta ishlashga hamda muhokamani Idoralararo muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhining navbatdagi yig‘ilishida davom ettirishga qaror qilindi.