BMTTD mintaqaviy direktorining o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyurdi

Thu Apr 28 00:00:00 EDT 2016

25-28 aprel kunlari BMTTDning Yevropa va MDH mamlakatlari bo‘yicha Mintaqaviy byurosi direktorining o‘rinbosari janob Olivye Adam O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyurib, BMTTDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi o‘zining milliy hamkorlari bilan birgalikda erishga yutuqlari bilan tanishish hamda mamlakatda o‘rnatilgan hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Mazkur tashrif ayni 2016-2020 yillarga mo‘ljallangan YuNDAF dasturi endi ishga tushganida, BMTning Barqaror taraqqiyot maqsadlarini O‘zbekiston ehtiyojlariga moslashtirish jarayoni endi boshlanganida amalga oshgani e’tiborga molikdir.

O‘zining to‘rt kunlik tashrifi mobaynida janob Adam BMTTD YuNDAF dasturining ilgarigi bosqichlari doirasida erishilgan yutuqlarni yuqori baholab, ayniqsa BMTning Ming yillik taraqqiyot maqsadlariga erishish yo‘lida amalga oshirilgan keng ko‘lamdagi ishlarning ahamiyatini alohida ta’kidlab o‘tdi. Jumladan, u o‘z tashrifi davomida BMTTDning ikkita yo‘nalishi, ya’ni mamlakatda amalga oshirilayotgan huquqiy va iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslari bilan yaqindan tanishdi. Mazkur sohalarda BMTTD O‘zbekistonga ilg‘or xalqaro tajriba va bilimlarni olib kirib, mamlakatning milliy salohiyatini yanada yuqori bosqichlarga ko‘tarishda, butun dunyo miqyosidagi nufuzining oshishiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

Janob Adam tashrifi davomida BMTTD vakillari O‘zbekiston Respublikasi Iqtisod vaziri, Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari, Oliy Majlis Senatining Tashqi siyosiy masalalar bo‘yicha qo‘mitasi va boshqa shu kabi nufuzli idora va tashkilotlar bilan uchrashib, keng ko‘lamdagi ikki tomonlama hamkorlik masalalari atroflicha muhokama etildi. Mazkur uchrashuvlar mobaynida hamkorlikda erishilgan yutuqlar tahlil qilinib, istiqbolga qaratilgan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, kelajakdagi loyiha va tashabbuslarning asosiy maqsadlari ikki tomonlama belgilab olindi.

Bundan tashqari, janob Adam o‘z tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining vakillari bilan ham uchrashib, birgalikda amalga oshirilayotgan tashabbuslar natijalarini muhokama etdi. Mazkur tashabbuslar, avvalam bor, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining mamlakat sud tizimiga nisbatan bo‘lgan ishonchi, sud vositalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Xususan, “E-SUD” nomli elektron sud boshqaruvi tizimini amalga tadbiq etish bo‘yicha qilingan ishlar alohida tahlil etilib, bu ishlarning natijasiga yuqori baho berildi, zero ushbu tizim sudlar faoliyatini yanada samaradorroq qilishga, fuqarolar tomonidan berilgan, ayniqsa ijtimoiy jihatdan ojiz bo‘lgan aholi qatlamlari tomonidan berilgan arizalarni qisqa vaqt ichida ko‘rib chiqib, sud qarorlarini avtomatlashgan tarzda qabul qilishga yordam bermoqda.

O‘zbekistonda tadbirkorlik muhitini yaxshilash va Jahon bankining “Biznesni yuritish” hisoboti bo‘yicha O‘zbekiston reytingini ko‘tarishga qaratilgan keng qamrovli loyihalar doirasida BMTTD o‘zining milliy hamkorlari bilan birgalikda mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirishga qaratilgan davlat dasturlarini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Aynan shu masalalar janob Adam va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muhokamaning asosiy mazmuni bo‘ldi.

Mazkur uchrashuv davomida janob Adam “yagona darcha markazlari” modeli O‘zbekistonda keng ko‘lamda amalga tadbiq etilib, ochiq va keng qamrovli inklyuziv bozorlarini yaratishga yordam berayotganligi haqida ma’lumot oldi. Yagona darcha markazlari kichik biznes yuritishni yengillashtiribgina qolmay, umuman tadbirkorlik faoliyatini erkinlashtirish va rag‘batlantirishda eng samarador vositalardan biri hisoblanadi. Janob Adam bunday tashabbuslarni yuqori baholab, ular O‘zbekistonning reytingini yanada oshirishiga shubhasi yo‘qligini ta’kidlab o‘tdi.

BMTTD Mintaqaviy direktorining o‘rinbosari Fuqaroviy himoya instituti qoshidagi Zilzilalarni simulyatsiya qilish majmuasiga ham tashrif buyurdi. Mazkur majmuaning asosiy vazifasi turli tashkilot mutaxassislari va keng aholini zilzila va boshqa tabiiy ofatlar haqidagi bilim va tushunchalarini yaxshilash, bunday ofatlar yuz berganda himoyalanish, katta talofatlarning oldini olish uchun nimalar qilish lozimligi to‘g‘risida amaliy yo‘l-yo‘riqlarni berishdan iboratdir.

Janob Adamning O‘zbekiston Respublikasiga buyurgan tashrifi BMTTD va O‘zbekiston Hukumati o‘rtasida o‘rnatilgan samarali hamkorlikni yanada yuqori bosqichga ko‘tarib, kelgusida birgalikda erishiladigan yangi katta yutuqlar uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.