O‘zbekistonda kiyim dizayni markazi ochilmoqda

Namanganda kiyim-kechak modeli va dizayni asoslari bo‘yicha O‘zbekistonda kiyim dizayni markazi ochilishi kutilmoqda. Markazning maqsadi ayollar va yoshlarning kasbiy ko‘nikmalari va qobiliyatlarini yaxshilash, aholining ish topish imkoniyatlarini kengaytirish, tayyor maxsulotlarning raqobatbardoshligi va sifatini oshirishdan iborat.

Tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, butun dunyoda yangi libos, kiyim modellariga bo‘lgan talab nihoyatda kuchayib, hozirda iloji boricha qisqa vaqt ichida arzon narxda yangi modellarni ishlab chiqarish talab qilinadi. Ushbu talabni qondirishda an’anaviy texnologiyalar ojizlik qiladi. Dizayn sohasida paydo bo‘layotgan yangi texnologiyalar va innovatsiyalar tufayli hozirda ishlab chiqaruvchilar mavjud bo‘lgan talablarni qondirib, o‘z maxsulotlarini raqobatbardosh va yuqori sifatli bo‘lishiga erishmoqda.

O‘zbekistonning YaIMida to‘qimachilik sanoatining ulushi tobora o‘sib bormoqda. Ushbu sanoatning tez sur’atlar bilan rivojlanib borayotganligi tufayli ishlab chiqarish kengayib, yangi ish joylar yaratilmoqda.

Mamlakatimiz Prezidenti Islom Karimov o‘z nutqlarida tovarlarni ishlab chiqarishda yangi texnologiya va uslullarni o‘zlashtirib, dunyo bozorlarida munosib o‘rin egallashimiz, maxsulotni ishlab chiraqishda bozordagi sharoitni o‘rganib chiqish, dizayn masalalariga alohida e’tibor berish, eng muhimi – dunyo bozorida o‘zimizning brendimizni yaratishimiz lozimligini ko‘p marotaba ta’kidlagan.

Markazning asosiy vazifasi qo‘yilgan masalalani yechishga hissa qo‘shish,  sohaga tegishli xodimlarning malakasini oshirish, ishlab chiqarishni kengaytirish, ishlab chiqarilayotgan maxsulot sifatini oshirishdan iborat.

Markaz klassik kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi fabrikalardan birining asosida yaratilib, amaliy ko‘nikma va qoibiliyatlarga ega bo‘lgan va ishlab chiqarishning talablariga javob beradigan dizaynerlarni tayyorlaydi. Shuningdek, “Istiqlol Dizayn Markazi” zamonaviy uskunalar bilan jihozlanib, unda zamnaviy CAD tizimi yordamida kerakli modellarni yaratish, 3D o‘lchamda modellash, raqamlash, turli eskizlarni o‘z kattaligida bosib chiqarish va dizaynerlar ishini ancha yengillashtiruvchi va maxsulot sifatini yaxshilashga yordam beruvchi boshqa imkoniyatlar mavjud bo‘ladi.

O‘quv markazining o‘quvchilari kasb-hunar kollejlari, oliygohlar bitiruvchilari orasidan olinib, o‘quv mashg‘ulotlarni va isjlab chiqarish amaliyotini xorijda malakasini oshirib kelgan o‘qituvchilar olib boradi. Rejaga ko‘ra, markazda dizayner va modelyer kasbini yiliga 48 nafar mutaxassis o‘zlashtiradi. Markaz bitiruvchilari keyinchalikda boshqa fabrikalarga ishga kirib, yoki o‘zlarining xususiy tadbirkorlik faoliyatida markazda o‘zlashtirgan ko‘nikma va bilimlarini qo‘llay olishi kutiladi. Markazda ta’lim olgan o‘quvchilarning tahminan 15 nafar eng iste’dodlilari “Istiqlol Dizayn Markazi” fabrikasida ish bilan ta’minlanishi ham ko‘zda tutilgan.

Modellash usullarini o‘rgatish, yangi ishlab chiqarish texnologiyalarni hayotga tadbiq qilish, zamonaviy jihozlardan foydalanish orqali mehnat unumdorligini, to‘qimachilik sanoatining ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirishga erishiladi. Mazkur markazni ochish orqali, shuningdek, yoshalr, xususan, qizlar, bozorda talabdor bo‘lgan qobiliyatlarni o‘zlashtirib, munosib ish topib, turmush darajasini oshirishiga yordam beriladi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, Dizayn  markazi Savdo-sanoat palatasi va BMTTDning “O‘zbekiston biznes-forumi (3-bosqich)” loyihasi doirasida hamda “Sasol” kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi taqdim etgan moliyaviy yordam evaziga tashkil etilmoqda.