BMTTDning 50-yilligi: uzoq muddatli hamkorlikni nishonlovchi futbol matchi

Sat Mar 12 00:00:00 EST 2016

2016 yilning 12 mart kuni Toshkentda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik matchi bo‘lib o‘tdi. Mazkur match BMTTDning 50-yilligi va uning O‘zbekistondagi hamkorlari bilan birgalikda 20 yildan ziyod vaqt davomida olib borayotgan faoliyatiga bag‘ishlangan bayramona tadbirning davomidir.

BMTTD 1966 yilda BMTning Kengaytirilgan dasturi va Maxsus jamg‘armasining birlashtirilishi natijasida dunyoga kelgan. BMTTD butun dunyo mamlakatlarini islohotlarni amalga oshirish borasida qo‘llab-quvvatlab, mamlakat xalqlarining turmishini, farovonligini yaxshilash uchun muhim bo‘lgan texnik resurslarga keng yo‘l ochib beradi. Dastur 170 mamlakatda faoliyat olib boradi va turli-tuman global va milliy miqyosdagi muammolarni hal qilishga yordam berib keladi.

Oxirgi 15 yil mobaynida butun dunyo bo‘ylab BMTTD, boshqa BMT agentliklari, fuqarolik jamiyati, hukumat idoralari tomonidan barcha ko‘rinishdagi o‘ta qashshoqlikni butunlay yo‘q qilishga qaratilgan ilgari misli bo‘lmagan choralar ko‘rilmoqda. Aynan mana shu sohada erishilgan yutuqlarni mustahkamlash va yanada kengaytirish maqsadida 2030 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan Barqaror taraqqiyot maqsadlari belgilab olingan.

O‘zbekistonda BMTTD 1993 yildan beri o‘z faoliyatini yuritib, mamlakatning taraqqiyot yo‘lidagi global va mintaqaviy ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolarni yechishda o‘z yordamini berib kelyapti.

Mazkur match BMTTD uchun o‘zining 50-yillik bayramini nishonlash bilan birga milliy hamkorlariga uzoq muddatli unumdor hamkorligi uchun o‘z minnatdorligini izhor etish imkonini yaratdi.

*** 

BMTTDning butun dunyo miqyosdagi 50-yilligini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlar haqida batafsil ma’lumot www.50.undp.org va www.twitter.com/hashtag/UNDP50, vebsaytlarida, O‘zbekistondagi tadbirlar bo‘yicha esa www.uz.undp.org vebsaytida keltirilgan.