O‘zbekistonda Xalqaro nogironlar kunining nishonlanishiga bag‘islangan tadbirlar bo‘lib o‘tadi

Xalqaro nogironlar kunini nishonlashga bag‘ishlangan festival 2015 yilning 2 dekabr kuni Radisson Blu mehmonxonasida bo‘lib o‘tadi. Mazkur festival nogironlar duch kelayotgan muammolar va barcha insonlarning teng huquqligini ta’minlash masalalariga jamoatchilik e’tiborini jalb etishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlardan biri bo‘lib hisoblanadi.

Umumjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining statistik ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo aholisining 15 foizini nogironlar tashkil etib, mazkur aholi guruhi dunyoning eng “katta ozchiligi” bo‘lib hisoblanadi. Mazkur ko‘rsatgich yildan yilga aholi sonining oshishi, tibbiyot sohasidagi yutuqlar hamda aholining hayot davomilyligi yuksalishi oqibatida o‘sib bormoqda. Shuning uchun ham hozirgi kunda hech bir insonning huquqlarini poymol qilmaydigan, ochiq va teng huquqlilik asosida rivojlanayotgan jamiyatni qurish nihoyatda dolzarb masaladir.

Ochiq va teng huquqlilik asosida rivojlanayotgan jamiyat qurish zaruriyatiga jamoatchilik e’tiborini qaratishning yo‘llaridan biri Xalqaro nogironlar kunini o‘tkazishdan iboratdir. Mazkur kun 1992 yil BMTning Bosh Assambleyasi tomonidan tasdiqlanib, hozirda har yili butun dunyo bo‘ylab 3 dekabr kunida nishonlanadi.

Joriy yil O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan festival doirasida nogironlar ishtirokidagi konsert dasturi va fotoko‘rgazma bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Fotoko‘rgazmada taqdim etiladigan rasmlar nogironlik bilan bog‘liq bo‘lgan qiyinchiliklarga qaramasdan to‘laqonli va yorqin hayot kechirayotgan insonlar haqidagi so‘zsiz hikoyalarni o’zida aks etishi kutilmoqda. Shuningdek, mehmonlar ko‘rgazmada namoyish etiladigan ijtimoiy korxonalar yutuqlari bilan ham yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladilar.

Mazkur sanani nishonlash doirasida O‘zbekiston Respublikasida mustaqillik yillarida nogironlarni ijtimoiy muhofaza qilish sohasida amalga oshirilgan ishlar va yutuqlarga bag‘ishlangan bir qator videoroliklarning milliy teleradiokompaniya orqali namoyish etilishini nazarda tutuvchi keng ko‘lamli media tadbir ham rejalashtirilgan.

Xalqaro nogironlar kunini nishonlash doirasida o‘tkazilishi nazarda tutilgan bir qator keng ko‘lamli tadbirlar nogironlarning qadr-qimmati, huquqlari va farovonligini himoyalash masalalariga keng jamoatchilikning e’tiborini jalb etgan holda jamoatchilikni nogironlarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalardagi ishtirokini yanada faollashtirishning afzalliklari haqida xabardor qilish uchun nihoyatda qulay inkoniyat yaratadi.

Barcha tadbirlar BMTning O’zbekistondagi vakolatxonasi, O‘zbekiston Respublikasining Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va O‘zbekistonning Nodavlat-notijorat tashkilotlari (NNT) uyushmasi qoshidagi Nogironlar NNTlarining maslahatlashuv kengashi tonomidan tashkil etiladi.