Kuzatuvning eng yangi tizimlari – xavfsizlik garovi

2015 yilning 25 noyabr kuni BMT Doimiy vakili janob Stеfan Priesnеr hamda Gumanitar yordam va Fuqarolik himoyasi bo'yicha Yevropa Komissiyasi Departamentining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy ofisi (DG-ECHO) rahbari janob Karlos Afonso O'zbekiston Respublikasi Favqulodda Vaziyatlar vazirligining rahbar xodimlari bilan “Qamchiq” dovonidagi xavfli tabiiy hodisalarni monitoring qilish va kuzatishning eng yangi tizimini ishga tushirish bo'yicha olib borilayotgan tayyorgarlik ishlari bilan tanishib chiqish maqsadida uchrashuv o'tkazishdi. 

“Qamchiq” - Farg'ona vodiysidagi uchta eng ko'p odam istiqomat qiladigan Namangan, Andijon va Farg'ona viloyatlariga poytaxtdan transport va yo'lovchilarni tashishning asosiy qismini ta’minlovchi O'zbekiston iqtisodiyoti uchun muhim strategik inshootdir. Har kuni dovonning asosiy avtoyo'lidan 10-15 mingga yaqin mashina o'tadi. Ob’ektning ahamiyatini inobatga olgan holda, mamlakatda mazkur hududdagi transport qatnovi xavfsizligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yerda O'zbekiston Respublikasi Favqulodda Vaziyatlar vazirligining qidiruv-qutqaruv otryadi joylashgan. Turli xizmat vakillari maxsus jihozlangan joyda tunu–kun kuzatuv olib bormoqda, bu esa, o'z navbatida, qo'riqlanayotgan hududlarning mukammal suratini yaratishga ko'mak beradi. Ammo, dovonning geografik joylashuvini o'ziga xosligi, bu yerda ko'chkilar, toshlarning tushishi va o'pirilishlar xavfi yuqori bo'lgani sababli harakatning xavfsizligini oshirish uchun kuzatuv joylarini doimiy texnik yangilab turish va qayta jihozlash talab etiladi.

Xavfli tabiiy hodisalarni monitoring qilish va kuzatishning tizimini takomillashtirishga innovatsion yondashuv ECHOning moliyaviy ko'magida O'zbekistondagi BMTTD tomonidan taklif etilgan. “Qamchiq dovonida tabiiy ofatlar xavfini boshqarish” nomli yangi loyihaning maqsad va vazifalari texnik ta’minot masalalarini hal qilish, hamda aholini favqulodda vaziyatlarda xavfsizlikning eng oddiy qoidalari va o'zini tuta bilish bo'yicha xabardor qilishga ko'maklashishni nazarda tutadi. Barcha ob-havo sharoitlarida 360 gradusli kuzatuv - qo'shma tashabbuslarning amalga oshirilishi vaqtida taqdim etilgan oxirgi avlod kameralarining imkoniyatidir, ular 60 daraja sovuqda, 70 darajagacha jazirama sharoitida ham kuzatuvni olib borish imkonini beradi. Qayd etish joizki, mustahkam o'rnatilgan qurilmalar hech qanday harakatchan qismga ega emas, bu esa kameralardan uzoq vaqt mobaynida foydalanish muddatiga sezilarli ta’sir qiladi, ularda, shuningdek, tungi kuzatuv imkoniyati ham inobatga olingan.

Yana bir muhim omil - tezkor aloqa. Loyiha doirasida o'rnatilgan videokonferensaloqa tizimlari onlayn tarzida suratni monitorlarga olib chiqadi va uni Favqulodda vaziyatlar vazirligining Toshkentdagi inqirozli vaziyatlarni boshqarish Markaziga yetkazadi. Bu esa tezkor qarorlar qabul qilish zarurati tug'ilganda vaqtni sezilarli darajada tejaydi va favqulodda vaziyatlarda o'z vaqtida yordam berish imkonini yaratadi. Axborotni olishga ham alohida urg'u berilgan. Bugungi kunda mobil telefonlardan foyalanuvchilar “FVV” («МЧС») ilovasining barcha afzalliklarini his etishlari mumkin, unda favqulodda holatlarda o'zini qanday tutish qoidalari haqida batafsil yo'riqlar berilgan. Yangi “SOS” tugmasi esa hodisa joyini aniqlash va dastlabki yordamni ko'rsatish uchun mutaxassislarni yuborish imkonini beradi. Undan tashqari, dovonga yaqin joyda (Toshkent va Namangan viloyatlari) istiqomat qiluvchi aholini tayyorlash bo'yicha majmuaviy ishlar olib borilmoqda.

Qo'shma loyihaning asosiy maqsadi – tabiiy ofatlar yuz berib turadigan hududlarda yashayotgan aholining zaif qatlamiga yordam ko'rsatish, hamda favqulodda vaziyatlar oqibatlarini insonlar hayotiga ta'sirini kamaytirishdan iborat.