Xalqaro “Uydagi tinchlikdan jahondagi tinchlik sari” aksiyasi 2015

Thu Nov 19 00:00:00 EST 2015

2015 yil 19 noyabr kuni O‘zbekistonda har yili bo‘lib o‘tadigan xalqaro “Uydagi tinchlikdan jahondagi tinchlik sari” aksiyasi boshlanadi. Mazkur aksiya doirasida 16 kun davomida mamlakatimizning barcha hududlarida tashkil qilinadigan bir qator tadbirlarning asosiy maqsadi ayollarning huquqini ilgari surish va himoya qilish masalasiga keng jamoatchilikning e’tiborini jalb etishdan iborat.

BMTning ma’lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab ayol va qizlarning 35 foizi butun umri davomida turli jismoniy va boshqa ko‘rinishdagi zo‘rovonlikni boshidan kechirishar ekan. Ayollarga nisbatan zo‘rovonlik turli sohalarda, xususan, aholining turmush darajasini yaxshilash, OIV/OITSga qarshi kurash, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash kabi sohalarga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatadi.

Keng jamoatchilikni ayol va qizlarga nisbatan zo‘rovonlik muammolari haqida xabardor qilish maqsadida har yili 25 noyabrdan 10 dekabrgacha “ayollarga nisbatan zo‘rovonlikka qarshi 16 kunlik” kampaniyasi o‘tkaziladi. Mazkur tadbir 1999 yildan boshlab Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan xalqaro inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi nodavlat tashkilotlar, ayollarga qarshi zo‘rovonlikni yo‘q qilish harakati bilan birgalikda o‘tkazilib kelmoqda.

O‘zbekistonda mazkur kampaniya “Uydagi tinchlikdan jahondagi tinchlik sari” shiori ostida o‘tkazilib, quyidagi muhim sanalarni qamrab oladi: Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘rovonlikni yo‘q qilish uchun kurash kuni (25 noyabr), Umumjahon OITSga qarshi kurash kuni (1 dekabr), Xalqaro nogironlar kuni (3 dekabr), O‘zbeksiton Respublikasining Konstitutsiyasi kuni (8 dekabr), Xalqaro inson huquqlari kuni (10 dekabr).

Aksiya doira suhbatidan boshlanadi. Mazkur doira suhbati davomida ishtirokchilar tegishli tadbirlarni Toshkent shahri va mamlakatimizning boshqa hududlarida o‘tkazish yuzasidan kerakli tavsiyalar oladi.

20 noyabrda BMT agentliklarining O‘zbekistondagi vakolatxonalari, YeXHT loyihalarining O‘zbekistondagi koordinatori ofisi, O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zNNTMA, Fuqarolik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash markazi, “Sog‘lom avlod uchun” xayriya jamg‘armasi, Xalqaro Kurash uyushmasi va “O‘zbekiston-Hindiston” Do‘stlik jamiyati vakillari ishtirokida matbuot suhbati bo‘lib o‘tadi.

Mazkur aksiya tashkilotchilari, jumladan, BMT agentliklari, milliy jamoat va xalqaro tashkilotlar o‘tkazilayotgan tadbirlarning maqsadi, O‘zbekistonda ayollarning ahvolini, turmushini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar, jamoatchilik va davlat boshqaruvi sohalarida ayollarning rolini kuchaytirish hamda rejalashtirilgan tadbirlarni amalga oshirishda yoshlarni jalb etish haqida gapirib berishadi.