Neftgaz tarmog'ini bioxilmaxillikni saqlash tamoyillari bo'yicha rivojlantirish

Mon Oct 19 00:00:00 EDT 2015

O'zbekiston cho'llari jahondagi qurg'oqchil cho'l biomlarining saqlab qolingan namunalaridan biri hisoblanadi. Yorqin misol tariqasida, flora va faunaning yo'qolib borayotgan ko'plab turlari mavjud bo'lgan yuqori qimmatli biologik xilmaxilligi bo'lgan Ustyurt yassi tog'ini keltirish mumkin. O'z navbatida, mazkur hududdagi foydali qazilma boyliklarining, shu jumladan, uglevodorodlarning zahiralari, neftgaz tarmog'ini jadal rivojiga yordam beradi va hududni o'zlashtirilishiga sabab bo'ladi. Mazkur mintaqadagi olib borilayotgan keng ko'lamli tadqiqot ishlari, neftgaz konlarini izlash, respublikaning mazkur tarmog'ida mustahkam xom-ashyo bazasini shakllantirish va energetika jihatidan mustaqilligini ta'minlash, o'z navbatda, neftgaz kompaniyalaridan ekologik havfsizlikni ta'minlash, atrof-muhitga bo'lgan ta'sirini minimallashtirish bo'yicha ijtimoiy javobgarlikni ham talab qiladi.   

O'zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi, O'zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi va Global ekologik jamg'armaning “O'zbekiston neftgaz sektorida bioxilmaxillikni saqlash tamoyillarining integratsiyasi” O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yilning 9 mart kunidagi 40-raqamli “2010 yilda O'zbekiston Respublikasiga xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlarning beg'araz texnik ko'magini (grantlarini) jalb qilish bo'yicha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaroriga muvofiq qo'shma loyihasi neftgaz soxasi uchun bioxilmaxillikni va ko'chib yuradigan turlarni saqlab qolish yo`lida yangi barqaror yechimlarni va majmuaviy yondashuvlarni taklif qilish imkoniyatini berdi. Mutaxassislar oldida neftgaz tarmog'iga bioxilmaxillikni saqlash tizimini integratsiya qilish uchun siyosiy, qonunchilik va institutsional sharoitlar bilan ta'minlash, Ustyurt yassi tog'idagi neftgaz konlarini izlashda mana shunday tizimlarni joriy qilish texnologiyalarini namoyish qilish vazifasi turardi.

Ta'kidlash lozimki, O'zbekiston bosqichma-bosqich Bioxilmaxillikni saqlash bo'yicha Konventsiyani va Ko'chib yuradigan turlarni saqlash bo'yicha Konventsiyani ratifikatsiya qildi. Mazkur loyiha amalga oshirilishining ahamiyati respublikaning milliy tabiiy bioxilmaxilligini saqlab qolish maqsadlari bilan izohlanadi.

“Oldini olish – minimallashtirish – tiklash - bioxilmaxillikni muqarrar/qoldiq yo'qotishlarini qoplash” tamoyilidan kelib chiqqan holda O'zbekiston Respublikasining 12ta Qonuniga o'zgartishlar kiritish bo'yicha takliflar ishlab chiqildi. Davlat ekologik nazoratini o'tkazish tekshiruvlarining usullari uchun hujjatlar to'plami tayyorlandi. Bu amalga oshirilgan choralar natijasida atrof-muhitni himoya qilish, tabiiy resurslardan foydalanishni nazorat qiluvchi organlar kelgusida yangi neftgaz loyihalarini hududning bioxilmaxilligiga ta'sirini yanada diqqat bilan o'rganishi mumkinligini anglatadi.  

Ham neftgaz tarmog'i mutaxassislari, ham faoliyati bioxilmaxillikka ta'sir ko'rsatishi mumkin bo'lganlarni o'qitish dasturi ham loyihaga kiritilgan. Natijada mazkur sohada xalqaro tajribani inobatga olgan holda “Neftgaz sektorini rivojlantirishda, hamda boshqa sanoat va qishloq xo'jaligida hududlarni o'zlashtirishda bioxilmaxillikni saqlash” nomli o'quv qo'llanmasi nashr etildi. O'z navbatida, tabiiy resurslarga ta'sirini oldini olish va minimallashtirish, bioxilmaxillikni tiklash, biologik turfa xillikniing muqarrar yo'qotishlarini qoplash tamoyili bo'yicha neftegaz kompaniyalari ishining barcha jarayoni loyihaning yana bir nashri “O'zbekistonning arid ekotizimlaridagi neftegaz sektorida bioxilmaxillikni saqlash uslublari bo'yicha qo'llanma”da bitib qo'yilgan.

Ustyurt yassi tog'ligining bioxilmaxilligi va unga neftgaz tarmog'ini ta'siri bo'yicha boshlang'ich ma'lumotlarni yig'ish yana bir ahamiyatli natija bo'ldi. Loyiha doirasida GIS formatida Ustyurt yassi tog'i mintaqasini zonalarga bo'lish Haritasi ham ishlab chiqilgan. Unga biologik xilmaxillikni qimmatini hisobga olgan holda uchta zona kiritilgan va ularning har birida o'simlik va hayvonot olami ob'ektlariga zarar yetkazmasdan yerdan foydalanish ishlarini olib borish qanday darajada ruxsat etilgani batafsil yozib qo'yilgan.

Shuningdek, muhim jihatni qayd etish joizki, Loyiha doirasida “Saygachiy” buyurtma qo'riqxonasini qayta tashkil qilish uchun zarur bo'lgan hujjatlar to'plami tayyorlangan, maxsus uskunalar va inventarlar sotib olingan. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasi beshta ixtisosli vazirlik va idoralar bilan kelishib bo'lingan.

Amalga oshirilgan ishlar natijalari va kelajak yumushlar haqida Loyihani boshqarish bo'yicha Kengash va Idoralararo ishchi guruhining 2015 yilning 16 oktabr kuni poytaxtda bo'lib o'tgan yakuniy yig'ilishi chog'ida so'zlandi. Yig'ilish ishtirokchilari orasida vazirliklar va ixtisosli idoralar, hamda yetakchi neftegaz kompaniyalarining vakillari bor edi. Taqdimotlar vaqtida qayd etilganidek, olingan tajriba respublikaning boshqa hududlarida biologik xilmaxillikni saqlash bo'yicha bilimlarni tarqatish va eng yaxshi amaliy ishlarni joriy qilish imkonini berishi kutilmoqda.