IdeaLab – g‘oyalarni startap-loyihalariga aylantiruvchi laboratoriya

Mon Oct 05 00:00:00 EDT 2015

 

O‘zbekistonda ilk bor iqtidorli yoshlarning AKT sohasidagi startap-loyihalarni boshlang‘ich bosqichida qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish va startap-loyihalarni ommalashtirishga qaratilgan "IdeaLab" startap akseleratsiya-oldi dasturi ishga tushirilmoqda.

Taraqqiyot sur‘atlari va yoshlar o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar ko‘plab faol va tirishqoq yoshlarni biznes sohasiga jalb etmoqda. Boshlang‘ich katta sarmoyani talab qilmaydigan AKT sohasidagi startap-loyihalar yoshlarda alohida qiziqish uyg‘otmoqda. Bu sohada eng katta ahamiyatga ega bo‘lgan kapital bu g‘oyadir. O‘zbekistonda birinchi “StartupFactory” deb nomlangan startap akseleratori dasturida ishtirok etish uchun beshta yutuqli o‘rinlarga 300dan ortiq ariza qabul qilinganligi mamlakatimiz yorshlari yangi g‘oyalarga boy ekanligining yaqqol dalilidir.

Yoshlarning o‘z bizneslarini ochishga bo‘lgan qiziqishini inobatga olgan holda, Savdo-sanoat palatasi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi “O‘zbekiston biznes-forumi (III-bosqich)” qo‘shma loyihasi, “Startup Innovation Group” kompaniyasi bilan hamkorlikda iqtidorli yoshlarning AKT sohasidagi startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “IdeaLab” dasturini ishga tushirmoqdalar.

Xalqaro amaliyotda akseleratsiya-oldi dasturlari startap ekotizimining muhim qismi xisoblanadi. Ushbu bosqichda ishtirokchilarning biznes-g‘oyalari sinov va aprobatsiyadan o‘tkazilib, muntazam ravishda maslahatlashuv jarayoni olib boriladi.

“IdeaLab” dasturi doirasida startap loyihalari bilan uch bosqichda ish olib boriladi. Har bir bosqich uchun tanlov asosida 10ta AKTva texnologik biznes sohasidagi startap g‘oyalar tanlab olinadi. Bir oy davomida dastur ishtirokchilari mutaxassislar bilan maslahatlashish va o‘z g‘oyalari muvaffaqiyatli amalga oshirish ehtomolini aniqlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

“Ishtirokchilar mentor, ya‘ni ustozlar bilan birgalikda o‘z loyihalarining g‘oyalarini “Lean Startup” (tejamkor startap) uslubi bo‘yicha sinovdan o‘tkazadilar. Ishtirokchilar to‘laqonli jamoa tuzishga muvaffaq bo‘lsalar, o‘z loyihalarining eng kichik shaklini ishga tushirib ko‘zlangan istemolchilar fikrini o‘rganish imkoniga ham ega bo‘ladilar”, - deydi “Startup Innovation Group” kompaniyasining rahbari Yelena Seleznyova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “tejamkor startap” deb nomlanmish yondashuv g‘oyalarni eng qisqa muddat ichida sinab ko‘rishga, biznes-modelini tanlash va talabga ega bo‘lmagan mahsulotni yaratib, uni rivojlantirishga ketadigan xarajatlarning oldini olishga yordam beradi. Shuningdek, dastur qatnashchilarga o‘z loyihalarining kamchiliklarini aniqlab, investorlar startap iqtiqbolini qanday baholashlari haqida ham ma’lumot olishga yordam beradi.

G‘oyalarni sinab ko‘rish uchun “IdeaLab” dasturi har bir ishtirokchiga individual trekerlar (yetakchilar) bilan maslahatlashish, mentorlar mahorat-darslarida qatnashish, biznes tahlili, yuridik va buxgalteriya sohalarida maslahatlarni olish imkonini yaratadi.

Har bir bosqich yakunida ishtirokchilar o‘z loyihalarini taqdim etish va investorlarni hamkorlikka jalb etishlari uchun “taqdimot-kuni” o‘tkaziladi. Eng yaxshi loyihalar kengaytirilgan va uzoq muddatli “StartupFactory” dasturida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

“IdeaLab akseleratsiya-oldi dasturi yoshlarning iqtisodiy faolligini yanada oshirishning va AKT sohasida o‘z salohiyatini amalga oshirish imkoniyatini kengaytirishgning eng samarali yo‘llaridan biridir. Mazkur dastur iqtidorli yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etishga imkoniyat yaratib, daromad keltiradigan, yangi malakali ish o‘rinlarini yaratadigan, iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishga va ijtimoiy muammolarni hal qilishga qaratilgan AKT sohasidagi biznes-g‘oyalarni amalga oshirishga qiziqish uyg‘otadi”, - deydi “O‘zbekiston biznes-forumi (III-bosqich)” loyihasining komponent menejeri Usmon Rahimjonov.

Dastur doirasida mahalliy oliy o‘quv yurtlari bilan birgalikda respublikamizning uchta viloyatida ikki kunlik  mahorat-darslari o‘tkaziladi. Tanlov asosida saralab olingan 60ta startap g‘oyalarning mualliflari startaplarni ishga tushirish bo‘yicha o‘z bilimlarini oshirish, o‘z g‘oyalarini biznes-loyihalarga aylantirish va natijada startap akseleratsiya-oldi va akseleratsiya dasturlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Mazkur tashabbus yangi ish o‘rinlarini yaratish, yoshlar bandligini oshirish va aholining turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan inklyuziv biznes-modellarini rivojlantirish ishi doirasida “Sasol” kompaniyasi va Buyuk Britaniyaning O‘zbekiston Respublikasidagi elshixonasi moliyaviy ko’magida amalga oshiriladi.

 “O‘zbekiston biznes-forumi (III-bosqich)” loyihasi SSP va BMTTDning qo‘shma tashabbusi bo‘lib, loyiha onlayn xizmatlarni joriy qilish, me‘yoriy-huquqiy asosni takomillashtirish hamda inklyuziv biznes-modellarni rivojlantirish orqali mamlakatda qulay biznes-muhitini shakllantirishga qaratilgan.