Davlat ijtimoiy xizmatlarining samaradorligi va sifati oshiriladi

Thu Aug 27 00:00:00 EDT 2015

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qariyalarni e’zozlash yili’ Davlat dasturi doirasidagi buyrug‘ini bajarish maqsadida 2015 yilning 10 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Keksalar va nogironlarni manzilli ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini qabul qildi. Mazkur qaror davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini olishga haqli bo‘lgan aholi qatlami kengaytirilishi, yangi turdagi ijtimoiy xizmatlar hamda bu xizmatlarni ko‘rsatishda yangi tartib-taomillar joriy etilishini nazarda tutadi.

O‘zbekiston Respublikasining Mehnat va aholini ijtimoiy himoyalash vaziri, BMTTDning O‘zbekistondagi Doimiy vakili hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot suhbati aynan shu masalalarni muhokama etishga bag‘ishlandi.

Tadbir davomida yuqoridagi qaror bilan keksalar va nogironlar uchun bir qator yangi turdagi ijtimoiy xizmatlar joriy etilib, hozirda mavjud bo‘lgan xizmatlar yanada takomillashtirilishi aytib o‘tildi.

2016 yilning yanvar oyidan boshlab, 17 mingdan ortiq ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lgan, biroq ularga yordam beradigan hech bir yaqin insoni bilan birga yashamaydigan keksa va nogironlarning har biriga yakka tartibda maxsus ijtimoiy yordam dasturlari ishlab chiqiladi. Mazkur dasturlar doirasida sog‘liqni tiklash, uyda parvarishlash, maishiy turmush sharoitlarni yaxshilash, ijtimoiy va huquqiy himoya, dam olish va boshqa insonlar bilan aloqa qilish kabi sohalarda barcha yolg‘iz keksa va nogironlarga kerakli yordam ko‘rsatilishi ko‘zda tutilgan.

Uyda parvarishlash xizmatlarini ko‘rsatish tartib-taomili ham o‘zgaradi, xususan, ilgari ijtimoiy ishchi keksa yoki nogiron kishining uyiga kelishi va bunday tashriflarning davomiyligi ijtimoiy yordam olayotgan insonning bemorlik darajasi va o‘z-o‘zini parvarishlash qobiliyatiga bog‘liq bo‘lmagan bo‘lsa, endilikda bunday tashriflarning soni va davomiyligi maxsus Bartel va Lauton shkalalari asosida belgilanadi.

Ijtimoiy yordam sohasida yana bir yangilik kiritildi, jumladan, yolg‘iz keksalar va nogironlarga har oyi beriladigan ozq-ovqat turlari va gigiyena vositalarining soni 9 dan 15 taga ko‘paytirilib, endilikda ijtimoiy yordam olayotgan inson o‘z ehtiyojidan kelib chiqib mazkur mahsulot va vositalarni tanlash imkoniga ega bo‘ladi. Masalan, har bir yolg‘iz keksa inson ushbu mahsulot va gigiyena vositalariga ajratiladigan mablag‘ doirasida faqat shaker olishga huquqlidir.

Aytish joizki, mazkur qaror BMTTDning «O‘zbekistonda yashovchi nogiron va yoshi katta yolg‘iz insonlarga malakali ijtimoiy xizmat ko‘rsatish» loyihasi yordamida ishlab chiqilgan.

Yuqoridagi loyihaning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasining Mehnat va aholini ijtimoiy himoyalash vazirligi tizimidagi muassasalar tomonidan yolg‘iz yoshi katta insonlar va nogironlarga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlarning sifatini yaxshilashdan iborat.

Respublika hukumati bilan olib borilayotgan hamkorlik doirasida keksalarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish boradagi milliy qonunchilik ham ishlab chiqilmoqda. Bundan tashqari, mazkur loyiha doirasida ijtimoiy xizmatlardan foydalanayotgan shaxslarning fikrini bilish, ular mazkur xizmatlardan hamda reabilitatsiya va protez vositalaridan qoniqish darajasini aniqlash, yolg‘iz keksa kishilar uchun ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar sohasiga xalqaro ilg‘or tajribalarni tadbiq etish bo‘yicha ishlarni yo‘lga qo‘yish, ko‘zda tutilgan.