Yaylovlardan barqaror foydalanish tajribalari diqqat markazida

Wed Aug 26 00:00:00 EDT 2015

 

2015 yilning 27 va 28 avgust kunlari Buxoro viloyatining Qorako‘l tuman Hokimiyatida yer resurslarini boshqarishda uyg‘unlashgan rejalashtirishning tarkibiy yo‘nalishlari masalalariga bag‘ishlangan ikki kunlik amaliy seminar bo‘lib o‘tadi.

Uchrashuv mamlakatimizda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi, GEF hamda O‘zbekiston hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonning tog‘li, yarim cho‘l va cho‘l landshaftlaridagi sug‘orilmaydigan qurg‘oqchil yerlarni raqobatli ekspluatatsiya qilinishi natijasida tabiiy resurslardan foydalanish bosimini kamaytirish” qo‘shma loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari doirasida tashkillashtirilgan.

Muhokamaga cho‘l hududlarida chorvachilik bilan shug‘ullanadigan fermerlar, qishloq xo‘jaligi kolleji o‘qituvchilari, mahalliy hokimiyat, fermerlar Kengashi hamda qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi vakillari, dehqon xo‘jaliklari va qishloq fuqarolari yig‘ini faollari taklif qilingan.

Ish dasturida belgilangan mavzular orasida Qorako‘l tumani misolida loyihaga qarashli hududdagi yaylovlar holati hamda ularning tanazzulga uchrashini oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ko‘rib chiqilishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, dehqon ho‘jaliklarida chorvachilik hosildorligini oshirish masalalari o‘rganilib, cho‘l sharoitida yem-xashak tayyorlash texnologiyalarining taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Seminar doirasida mutaxassislar Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan yaylov yerlaridan foydalanish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqishadi. Ishtirokchilar o‘rmon xo‘jaligi hamda Qorako‘l tumanidagi aholi yashash punktlarini ko‘kalamzorlashtirish shart-sharoitlari bilan tanishtiriladi, bu esa o‘z navbatda aholining daromad manbalarini shakillantirish uchun yer resurslaridan barqaror foydalanishda yangi amaliyotni joriy qilishga hizmat ko‘rsatadi.

Bundan avval, 19-20 avgust kunlari BMTTD loyihasi rahbariyati tomonidan Jizzah viloyati Zomin tumani Hokimiyatida “Yer resurslarini boshqarishda uyg‘unlashgan rejalashtirishning tarkibiy yo‘nalishlari” mavzusida amaliy seminar o‘tkazildi. Unda fermerlar resurslarni tejash texnologiyalaridan foydalangan holda la’lmi yer xo‘jaliklari faoliyatining samaradorligini oshirish masalasi bo‘yicha o‘z takliflarini bildirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ishtirokchilar yerdan foydalanishda yangi yondashuvlarni joriy qilishda gender masalasini rag‘batlantiruvchi omillar haqida fikr almashdilar.

Hozirgi kunda Loyiha ikki komponent asosida amalga oshirilmoqda. Birinchisi, “Yaylovlardan barqaror foydalanish va o‘rmon xo‘jaligi yerlarini boshqarish bo‘yicha eng yaxshi amaliyotlari, shuningdek yerdan foydalanishda uyg‘unlashgan rejalashtirish O‘zbekistonning maqsadli tumanlarida keng miqyosda qo‘llanilanadi”. Ikkinchisi esa - “Idoralararo o‘zaro hamkorlik uchun qo‘lay sharoit yaratiladi va O‘zbekistonning qurg‘oqchil tog‘li, yarim cho‘l va cho‘l hududlarida yer resurslarini uyg‘unlashgan boshqarishni qo‘llash uchun mamlakatning salohiyati (tizimli, tashkiliy va shaxsiy darajada) kuchaytiriladi”.