Xalqaro shartnomalarni milliy qonunchilikka joriy etishning tizimi rivojlantirmoqda

Tue Aug 04 00:00:00 EDT 2015

 

2015 yilning 4 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining "Qonun va norma ijodkorligi, qonunchilik hujjatlarining ta’sirini baholash tizimini modernizatsiya qilishga ko‘maklashish" loyihasi bilan hamkorlikda “Xalqaro shartnomalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish tizimini takomillashtirish masalalari” mavzusida ekspertlar uchrashuvi tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Tashqi ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqlar vazirligi, investitsiyalar va savdo vazirligi, Markaziy bank, O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi hamda BMT Taraqqiyot Dasturi vakillari, shunigdek akademik doira vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirning asosiy maqsadi xalqaro shartnomalarni milliy qonunchilikka joriy etishning bugungi holati, shuningdek ilg‘or xorijiy tajribalardan kelib chiqib, mazkur tizimni yanada takomillashuviga sabab bo‘luvchi yangi vositalarni aniqlashdir. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Apparatining yuridik bo‘limi boshlig‘i Shuxrat Chulliyev o‘z chiqishida xalqaro shartnomalarning milliy qonunchiligimizga joriy etilishi qonun ijodkorligidagi muhim chora-tadbirlardan ekani,  mazkur tizim mamlakatning ichki va tashqi siyosatini amalga oshirish jarayonida xalqaro shartnomalarni amalda qo‘llashi uchun zarur sharoitlar yaratish lozimligini nazarda tutadi. Bu esa xalqaro shartnoma ishtirokchisi sanalgan davlatning xalqaro huquqiy majburiyatlarini yanada mustahkamlashi, davlatlararo hamda xalqaro hamjamiyat bilan munosabatlaridagi huquqiy mavqeini yangi bosqichga ko‘taradi. Bugungi kunda ushbu sohadagi qonunchilikni takomillashtirish masalalari davlat organlarining dolzarb vazifasi hisoblanadi.

Ekspertlar uchrashuvida BMTTDning mahalliy konsultanti Olim Oqilov “O‘zbekiston Respublikasida xalqaro shartnomalarni implementatsiya qilish tizimi hamda uni takomillashtirishga oid savollar” mavzuida taqdimot qildi. U o‘z taqdimoti davomida ta’kidlaganidek, mustaqillik yillarida mamlakatimizda muhim me’yoriy huquqiy baza yaratilgan, hususan “O‘zbekiston Respublikasidagi xalqaro shartnomalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, shuningdek mazkur sohadagi faoliyatni tartibga soluvchi qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.

Bugungi kunda, xorijiy shartnomalarni joriy etishda qator kamchiliklar mavjud, hususan, O‘zbekiston Respublikasi bilan imzolangan xalqaro shartnomalar doirasidagi huquqiy majburiyatlarni joriy etish bo‘yicha aniq tartib va tizim yaratilmagan, yani  milliy qonunchilikda xalqaro shartnomalarni joriy etishni tartibga soluvchi umumiy qoidalar belgilanmagan.

Tadbir davomida BMTTDning "Qonun va norma ijodkorligi, qonunchilik hujjatlarining ta’sirini baholash tizimini modernizatsiya qilishga ko‘maklashish" loyihasi doirasida xalqaro konsultant sifatida taklif etilgan Avstraliyalik Damien van der Turnning taqdimoti tinglandi. Damien van der Turn Avstraliya hukumati va davlat organlarida faoliyat yuritgan va xalqaro shartnomalarni joriy etish boy’icha yetuk amaliy tajribaga ega xalqaro ekspert sanaladi.

U o‘zining “Xalqaro shartnomalarni joriy qilishda implementatsiya va monitoring bo‘yicha xorijiy tajriba” mavzusidagi taqdimotida Avstraliya, Germaniya va Gollandiya davlatlarida xalqaro shartnomalar implementatsiyasi bo‘yicha qiyosiy tahlil orqali e’tiborni xalqaro shartnomalar inventarizatsiyasi hamda milliy implementatsiya yondoshuviga qaratdi.

Bundan tashqari, ijro etuvchi va qonun chiqaruvchi organlarning xalqaro shartnomalar bilan qanday ishlashiga oid batafsil ma’lumot, xalqaro shartnomalarda aks ettiriladigan matnlarni tasdiqlashda manfaatdor vazirlik va idoralar o‘rtasidagi mas’uliyat qanday taqsimlanishi, implementatsiya qay tarzda amalga oshirilishi va boshqalar to‘g‘risida, shuningdek, milliy qonunchilik va xalqaro huquqiy normalar o‘rtasida yuzaga keladigan o‘zaro huquqiy nizolarni hal qilish usullarini ma’lum qildi.

Muhokamalar chog‘ida tadbir ishtirokchilari tomonidan xalqaro hujjat loyihalariga beriladigan ekspert hulosalarining sifatini oshirish, xalqaro shartnomalar sohasida sertifikatsiyalashni amalga oshirishni ko‘zda tutuvchi yangi institutlarni joriy etish, xalqaro shartnomalar ijrosi monitoringini yurituvchi tizimni yanada mukammallashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berishdi.

Mazkur tadbir, BMTTDning "Qonun va norma ijodkorligi, qonunchilik hujjatlarining ta’sirini baholash tizimini modernizatsiya qilishga ko‘maklashish" loyihasi doirasida xalqaro shartnomalar implementatsiyasi bo‘yicha tuzilgan ishchi guruh tomonidan uyushtiriladigan tadbirning bir qismi bo‘lib, istiqbolda xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan:  

-         Amaldagi tashkiliy-huquqiy tizimlar tayyorgarligini, ratifikatsiyalar, tasdiqlovlar, implementatsiyalar, xalqaro shartnomalarni to‘xtatib turish va denonsatsiya (rad) qilish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish;

-         Xorijiy ilg‘or tajriba hamda xalqaro amaliyotni inobatga olgan holda  xalqaro shartnomalarni inventerizatsiya qilish bo‘yicha qo‘llanma ishlab chiqish;

-         Davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo darajadagi xalqaro shartnomalarni to‘liq inventarizatsiyasini o‘tkazish;

-         Xalqaro shartnomalarni sertifikatlash, xalqaro shartnomalar qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha protsessual mexanizmlarini ishlab chiqish;

-         Xalqaro shartnomalar sohasida O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish zarurligi haqida taklif va tavsiyalar ishlab chiqish;

-         Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralari xodimlari uchun Xalqaro shartnomalarni inventarizatsiyadan o‘tkazish va sertifikatlash, shunigdek  ularni amalga oshirilishi ustidan nazoratni yo‘lga qo‘yish usullari bo‘yicha qator o‘quv seminarlarini tashkil etish.

Ishchi guruh faoliyati davrida ishlab chiqilgan tavsiyalar,  uslubiy materiallar va me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalari xalqaro shartnomalar bilan ishlash jarayoniga jalb qilingan hukumat, vazirliklar va idoralarga taqdim etiladi.