Qoraqalpog‘iston ko‘ngillilari “Peoples’ Voices Award” tanlovi g‘olibi bo‘lishdi

Mon Sep 28 00:00:00 EDT 2015

Qoraqalpog‘istonning qishloq joylarida sog‘liqni saqlash sohasidagi faollari BMTning “ Orol dеngizi inqirozi natijasida zarar ko‘rgan aholining turmush sharoitini ta’minlash” Qo‘shma dasturi bilan birgalikda “Peoples’ Voices Award” tanlovining “Ko‘ngillilik harakati orqali BMTning Ming yillik taraqqiyot maqsadlariga erishishga qo‘shgan hissasi uchun” kategoriyasida g‘olib deb e’lon qilindi. G‘oliblar 2015 yildan keyingi taraqqiyot dasturi masalalariga bag‘ishlangan Nyu-York shahrida shu yilning 25 sentabrida bo‘lib o‘tgan BMT sammitida e’lon etildi. Ko‘ngillilar tanlovning baholash komissiyasiga o‘z minnatdorligini video-rolik orqli izhor etishdi: https://www.youtube.com/watch?v=m207NqH3sCA Mazkur video-rolikni taqdirlash marosimining barcha ishtirokchilari olqishladi.

Qoraqalpog‘iston ko‘ngillilari ular tomonidan ko‘p yillar davomida (2010-2011 yy., 2013-2015 yy.) BMTning 6-Ming yillik taraqqiyot maqsadi, ya’ni sil kasalligiga qarshi kurash borasidagi maqsadiga erishishga qo‘shgan hissasi yuqori baholanganidan boshi osmonga yetdi. Ko‘ngillilar Qoraqalpog‘istonning beshta qishloq hududida sil kasalligini profilaktika qilish va davolash usullari haqida mahalliy aholining bilim va saviyasini oshirishqa qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar olib bordilar. Butun 2014 yil davomida qishloq joylarida 1730 nafar volontyor, ya’ni sil kasalligini oldini olish maqsadida sog‘lom turmush tarzini targ‘ibot etish bo‘yicha ko‘ngillilar tayyorlandi. Ularning 86 foizini ayollar tashkil etadi. Mazkur chora-tadbirlar Qoraqalpog‘istonning 32000 ta uy xo‘jaligini (tahminan 247000 yashovchi). Ko‘ngillilar turli kasb va yoshlarga mansub bo‘lib, ular hamshiralardan tortib maktab o‘qituvchilari, nafaqaxo‘rlardan tortib yosh onalargacha bo‘lgan insonlardan iborat. Loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshishida nihoyatda katta o‘rin tutgan Hamshiralar uyushmasi alohida e’tirofga sazovor bo‘ldi.

Orol dengizining cho‘llanishi Qoraqalpog‘iston aholisiga katta zarar yetkazmoqda. Hozirgi kunga kelib deyarli butunlay qurib qolgan suv havzasi tubidan shamol bilan ko‘tarilib havoda uchib yuruvchi tuz changlari mahalliy aholi orasida nafas yo‘llari kasalliklari, xususan sil kasalligining keng tarqalishiga sabab bo‘lyapti. Maxsus targ‘ibot-tashviqot ishlari natijasida mahalliy aholining nafas yo‘llari kasalliklari, ularning oldini olish va davolash haqidagi bilimlari oshib, ular o‘z sog‘ligiga yanada e’tiborliroq bo‘lishiga erishildi. Bundan tashqari, mahalli aholi orasida sil bilan kasallangan insonlarga bo‘lgan munosabat ham keskin o‘zgardi. Bunday targ‘ibot-tashviqot ishlari mahalli aholining bilim va saviyasini oshirib, kasalliklarning kelib chiqishi va mohiyati haqidagi noto‘g‘ri tushunchalar hamda shular bilan bog‘liq bo‘lgan qo‘rqinchlarga barham berishda, insonlarning ruhiy holatini yaxshilashga yordam beradi.

Taqdirlash marosimida BMT, BMTga a’zo bo‘lgan mamlakatlar, fuqarolik jamiyat va xususiy sektor vakillari yaqinda qabul qilingan barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishishda insonlarni yaqindan jalb etish 2015 yildan keyingi davrdagi taraqqiyot dasturining muvaffaqiyatini, butun insoniyat kelajagini belgilab beruvchi omil deb takroran e’tirof etishdi.

Darhaqiqat, aynan har bir insonning jonkuyarligi, faolligi, shu jumladan ko‘ngillilar sa’y-harakati  2030 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan taraqqiyot dasturining muvaffaqiyatini belgilab beradi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.