O'zbekistonda ishlab chiqarilgan: qadimiy hunarmandchilikning yangi hayoti

Mon Sep 28 00:00:00 EDT 2015

 

2015 yilning 30 sentabr kuni Samarqand viloyatining Pastdarg'om tumani Sayram qishlog'ida qo'lda gilam to'qish studiyasining rasmiy ochilish marosimi bo'lib o'tadi. Ko'p yillar mobaynida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi, ham viloyat, ham respublika darajasida davlat tuzilmalarini qo'llab-quvvatlash orqali, O'zbekistonning turli hududlari aholisi uchun mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirokida mahorat darslari, treninglar va seminarlar o'tkazib kelmoqda. Bundan ko'zlangan maqsad - hunarmandchilik an'analarini tiklash, yangi ish o'rinlarini yaratish orqali qishloq aholisi bandligini ta'minlashga, piravordida esa ular farovonligini oshirishga, respublikadagi umumiy iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashga ko'maklashishdan iboratdir.

Qo'lda gilam to'qish studiyasini yaratish kabi tashabbuslardan biri Samarqand viloyati va Pastdarg'om tumani hokimiyatlarining birgalikdagi sa'yi harakatlari, hamda BMTTDning “Zarafshon daryosi havzasi uchun suv resurslarini muvofiqlashtirilgan boshqarish va suvni tejash rejasi” loyihasi doirasidagi “Qishloq jamoasi hayoti barqarorligini kuchaytirish: iqtisodiy farovonlik va sog'lom muhit” namunaviy loyihasi ishtirokida yaratildi. Mazkur loyihani amalga oshirilishida BMTTD va Koka-Kola kompaniyasining “Yangi hayot: insoniyatning barqaror rivojlanish tashabbusi” Global dasturi mazkur maqsadlar uchun 75 ming AQSh dollari ajratib, moliyaviy ko'mak ko'rsatdi. Ijrochilar oldida ikkita asosiy vazifa turgan edi. Birinchisi - qishloq ayollari uchun tabiiy ipakdan qo'lda gilam to'qish Studiyasini yaratish, ikkinchisi esa qishloq aholisini ichimlik suvi bilan ta'minlanishini yaxshilash, aholini sanitariya va gigiyena sohasida bilim va salohiyatini oshirish bilan bog'liq edi.

Qo'shma loyiha tomonidan gilam to'qish uchun dastgohlar, kompyuter texnikasi, mebel va Studiyaning to'laqonli ishlashini ta'minlash uchun zarur asbob-uskunalar harid qilishga, mutaxassis va maslahatchilarni jalb qilishga umumiy hisobda 51 ming AQSh dollari sarflandi. “O'zbekistonda ishlab chiqarilgan” yorlig'i ostida mahsulot ishlab chiqarish uchun mahalliy mutaxassislarni tayyorlash masalasi shu joyni o'zida hal qilindi. Loyihaning ishlab chiqilgan rejasiga ko'ra, Pastdarg'om tumanidagi Sayram va Kanal Yoqa qishloqlaridan tanlab olingan ayollar uchun «Samarqand-Buxoro ipak gilami» qo'shma korxonasida tabiiy ipakdan gilam to'qish texnikasi, dizayn va marketingi bo'yicha ikki oylik amaliy o'quv kurslari tashkil etildi. Ma'ruzalar davomida tinglovchilar san'atning mazkur turining paydo bo'lish tarixi, murakkab naqshlarni yaratish, ipak tolalarini bo'yash texnologiyalari, hamda qadimda onadan qizlarga an'anaviy “ustoz-shogird” tizimi orqali o'tib kelgan dizayn sirlari bilan tanishtirildi. Gilamlarni qo'lda to'qish – anchagina murakkab va serdiqqat ish bo'lib, u maxsus ko'nikmalarni, sabr-toqat, chaqqonlik va e'tiborli bo'lishni talab qiladi. Shuning uchun ham mazkur hunarni asosan xonadon sohibalari o'rganishgan. Bugungi kunda 30 nafardan ortiq ayol mazkur qadimiy badiiy hunarmandchilikning yorqin olamidan zavqlanish, uning tarixi va nazariyasi bilan tanishish imkoniga ega bo'lishdi.

Hunarmandlarning ishini, rasmiy ochilish marosimidan so'ng, Studiya bilan tanishuv doirasida kuzatish mumkin bo'ladi. Undan keyin mutaxassislar seminar shaklida uchrashuv o'tkazadilar. Loyiha mualliflari uning maqsadi, vazifalari va erishilgan natijalar, ishlab chiqarish va gilam mahsulotlarini sotish bo'yicha biznesning samaradorligi haqida so'zlab beradilar, hamda O'zbekistonda ilk bor yaratilgan va bosib chiqarilgan “Ipakdan qo'lda gilam to'qish bo'yicha qo'llanma”ning taqdimotini o'tkazadilar. Mazkur qo'llanmada halqchil tilda va tushunarli tarzda gilamlarni yaratish, ularning dizayni, tolalarni bo'yash usullari va tayyor mahsulotni saqlash bosqichlari haqida so'z yuritiladi. Nashr korxona yoki uy sharoitida ishni boshlashni rejalashtirganlarga mo'ljallangan. Shu kunning o'zida bitiruvchilar tabiiy ipakdan qo'lda gilam to'qish ustalari maqomini tasdiqlovchi sertifikatlarni oladilar.

Mazkur tashabbusni amalga oshirilishi hududlarda aholini ish o'rinlari bilan ta'minlash va ular farovonligini oshirishni ta'minlashga xizmat qilishidan tashqari, BMTTD loyihasining asosiy maqsadi - ishlab chiqilgan “Zarafshon daryosi havzasi uchun suv resurslarini muvofiqlashtirilgan boshqarish va suvni tejash rejasi”ni ishlab chiqish, suv xo'jaligi tarmog'ining huquqiy va me'yoriy asosini mustahkamlash, hamda suv resurslari boshqaruvini tegishli tarmoqlararo siyosat bilan muvofiqlashtirish jarayonini qo'llab-quvvatlashdan iboratdir. Shu asnoda, hududlarda aholining mehnat faoliyatini diversifikatsiya qilish orqali tabiiy resurslarni iste'mol qilishga bosimni pasaytirish va O'zbekistonning uchinchi ming yillikdagi maqsad va vazifalariga mos ravishda ekologik barqarorlikni ta'minlash rejalashtirilgan.

Tashkilotchilar:

  • Samarqand viloyati Hokimligi;
  • Pastdarg'om tumani Hokimligi;
  • Pastdarg'om tumanidagi Elbek mahallasi;
  • O'zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi.