2016-2020 yillarga mo‘ljallangan yangi YuNDAF dasturining taqdimot marosimi

Wed Sep 16 00:00:00 EDT 2015

 

2015 yilning 9 iyun kuni O‘zbekiston hukumati va BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan 2016-2020 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyotga ko‘mak dasturi (YuNDAF) imzolandi. BMT va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning ushbu yangi pog‘onasi haqida barchaga ma’lum qilish maqsadida 2015 yilning 16 sentyabr kuni YuNDAFning rasmiy taqdimot marosimi bo‘lib o‘tadi.

 Yangi YuNDAF dasturi O‘zbekiston hukumatining inson manfaatiga qaratilgan maqsadli yondashuviga, ya’ni “iqtisodiyoti va jamiyati barqaror rivojlanib kelayotgan ochiq demokratik huquqiy davlat barpo etish” tamoyiliga asoslanadi. Inson manfaatiga qaratilgan ushbu yondashuv BMTning asosiy rivojlanish konsepsiyalariga, xususan, inson taraqqiyoti va inson huquqlari hamda Mingyillik rivojlanish maqsadlari (MRM)ga, shuningdek BMT Bosh Assambleyasi doiroasida joriy yilning 25-27 sentyabr kunlari qabul qilinishi kutilayotgan Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ga muvofiqdir.

YuNDAF dasturi BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan milliy hamkorlar bilan birgalikda ishlab chiqilgan bo‘lib, quyidagi ustivor yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshiriladi:

•             Ish bilan ta’minlash, ijtimoiy himoyaga e’tibor qaratgan holda barchani qamrab oluvchi iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash;

•            Inson salohiyatini oshirish maqsadida sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida sifatli xizmatni ta’minlash;

•             Barqaror rivojlanishni ta’minlash yo‘lida atrof-muhitni muhofaza qilish;

•             Ijtimoiy xizmat turlarini yaxshilash va huquqlarni himoya qilishga qaratilgan samarali boshqaruv.

YuNDAFda belgilangan hamkorlik sohalari O‘zbekiston hukumatining rivojlanish dastur va strategiyalarida o‘z aksini topgan mamalakat taraqqiyotining ustuvor vazifalari bilan chambarchas bog‘liqdir. Shu o‘rinda aholining ijtimoiy va iqtisodiy yordamga muhtoj qatlamlariga alohida e’tibor qaratiladi.

Tadbirda YuNDAF dasturining 2016-2020 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi, ustuvor sohalari, amalga oshirish mexanizmlari va moliyalash masalalari haqida qisqacha ma’lumot beruvchi taqdimot bo‘lib o‘tadi.

 

Tadbir ishtirokchilari O‘zbekiston hukumati va BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillariga mavzuga oid savollar berish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

***

 

BMT 1993 yildan buyon O‘zbekistonning milliy taraqqiyot strategiyalari va xalqaro taraqqiyot maqsadlariga oid yutuqlarini qo‘llab-quvvatlagan holda, Taraqqiyotga ko‘mak dasturini amalga oshirishda hukumatga yordam berish maqsadida ushbu yurtda faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Hozirgi kunda O‘zbekistonda BMTning 12ta agentligi vakolatxonalari faoliyat yuritadi.