30 yil hamkorlikda ozon qatlamini tiklab kelmoqdamiz

Wed Sep 16 00:00:00 EDT 2015

 

2015 yil 16 sentyabr kuni Toshkent va respublikamizning barcha hududlarida “Ozon – ultrabinafsha nuridan bizning yagona himoyachimiz!” shiori ostida Ozon qatlamini muhofaza qilish xalqaro kuniga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

Poytaxtda tashkil etilgan tadbirlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, qator vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida mavzuga oid davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Shuningdek ozon qatlamini muhofaza qilishning ahamiyatini aks ettiruvchi interfaol o‘yinlar va tematik tanlovlar, fotosessiya va viktorinalar o‘tkazildi. Tadbir tashkilotchilari – O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, BMTning taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Global ekologik jamg‘armasi (GEJ).

Ozonni muhofaza qilish xalqaro kuni joriy yilda muhim sana, ya’ni ko‘p tomonlama xalqaro bitim – Ozon qatlamini muhofaza qilish to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi qabul qilinganligining 30 yilligi doirasida o‘tkazilmoqda. Mazkur konvensiya 1985 yil 22 mart kuni Vena shahrida qabul qilingan edi. Vena konvensiyasini imzolagan va ratifikatsiya qilgan davlatlar ozon qatlamining holatini baholash va ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, tegishli ma’lumotlar bilan almashish hamda ozon qatlamiga potensial xavf soluvchi faoliyatni to‘xtatishga oid tegishli choralar ko‘rish yuzasidan hamkorlik qilish majburiyatlarini olgan edi.

Eng ahamiyatli va e’tiborli yutuqlardan biri, bu 1987 yil 16 sentyabr kuni mazkur konvensiyaga Monreal protokoli imzolanishi bo‘ldi. Umuman, ushbu hujjatlar tarixda butunjahon miqyosida imzolanishiga erishilgan yagona kelishuvlar hisoblanadi. Keyinchalik turli davrlarda Protokolga 4 marotaba tuzatmalar qabul qilindi va ular nazoratga olingan ozon qatlamini yemiruvchi moddalar ro‘yhatini, ularni ishlab chiqarish va foydalanishni to‘xtatish muddatlarini belgiladi hamda eksport-import operatsiyalarini cheklash choralarini kengaytirdi.

Ekspertlar ma’lumotiga ko‘ra, global miqyosida ozon qatlamini buzuvchi moddalardan kundalik hayot, sanoat va qishloq xo‘jaligi maqsadlarida foydalanishning bosqichma-bosqich to‘xtatilishi natijasida ozon qatlami qayta tiklanmoqda va hisoblarga ko‘ra, bugungi asrning o‘rtalariga kelib o‘z normasiga qaytadi.

Bugungi kunda 197 mamlakat Vena konvensiyasi hamda Monreal protokolining a’zo tomoni hisoblanadi.

O‘zbekiston Vena konvensiyasi hamda Monreal protokolini 1993 yil ratifikatsiya qildi va bosqichma - bosqich tuzatishlarni qabul qilib, tegishli talab va qoidalariga rioya qilish rejimida kelmoqda.

Davra suhbatida ozon qatlamini muhofaza qilishga asos bo‘luvchi global tashabbuslar – Vena konvensiyasi hamda Monreal protokolini amalga oshirish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasida olib borilgan faoliyat natijalari hamda erishilgan yutuklarga oid ma’lumotlar taqdim etildi. Taklif etilganlar ozon qatlamini muhofaza qilish yuzasidan respublikamizda qonunchilikni rivojlantirish masalalari, amaliy ishlar, qabul qilingan boshqa choralar hamda ozon qatlamini buzuvchi moddalardan (OBM) foydalanishni qisqartish borasida istiqbolli yo‘nalishlar bilan tanishtirildilar.

O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining Atmosfera havosini muhofaza qilish Bosh boshqarmasi boshligi, BMT Taraqqiyot dasturi hamda Global ekologik jamg‘armalarining “Iqtisodiy o‘tish davridagi mamlakatlar mintaqasida GXFUdan foydalanishni jadal qisqartirishning dastlabki bajarilishi” yuzasidan qo‘shma loyiha milliy koordinatori Nadejda Dotsenko ma’ruzasida ta’kidlaganidek, respublikamiz bo‘yicha 99,95 foiz ozon buzuvchi moddalar muomaladan chiqarilgan va bunga Monreal protokoli bilan rejalashtirilgan muddatlardan ilgarilashga erishildi.

Respublikamiz Monreal protokolini amalga oshirishda ishtirok etib hamda xalqaro majburiyatlarni bajarishga izchil rioya etib quyidagi iqtisodiy manfaatlarga ega bo‘lmoqda:

-        Ozon qatlamini buzuvchi moddalarning dunyo bozorlariga chiqish huquqi, amaldagi jihozlarni ishlab turishini ta’minlash uchun OBM import qilish imkoni;

-        GEJ mablag‘lari hisobidan moliyaviy va texnik ko‘mak olish huquqi. “GEJ-4” - Global ekologik jamg‘armaning to‘rtinchi sikli doirasida O‘zbekiston tomonidan gidroxlorftoruglerodlarni (GXFU) muomaladan chiqarish strategiyasini ishlab chiqish va amaliyotga tadbiq qilishga qaratilgan hamda yuqorida aytib o‘tilgan to‘liq ko‘lamli mintaqaviy qo‘shma loyihasi - “Iqtisodiy o‘tish davridagi mamlakatlar mintaqasida GXFUdan foydalanishni jadal qisqartirishning dastlabki bajarilishi” bo‘yicha loyiha ma’qullandi. Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan “2013-2017 yillarda O‘zbekiston Respublikasida atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha harakatlar dasturi”ga kiritildi.

 “Iqtisodiy o‘tish davridagi mamlakatlar mintaqasida GXFUdan foydalanishni jadal qisqartirishning dastlabki bajarilishi” bo‘yicha qo‘shma loyiha ikki komponent asosida amalga oshirilmoqda:

•        Mintaqaviy komponentga ko‘ra, O‘zbekistonning boshqa davlatlar bilan o‘zaro ilg‘or tajribalar almashinuvi qo‘llab-quvvatlanmoqda, milliy darajada GXFUni boshqarishga qaratilgan yondoshuvlar takomillashtirilmoqda

•        Milliy komponent davlat va xususiy tarmoqlarning GXFU importiga qaramliligini asta-sekinlik bilan kamaytirish bo‘yicha salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Bugungi vaqtning o‘zida GXFUlarni chiqarib olish va retsirkulyatsiya qilish bo‘yicha zamonaviy jihozlar yetkazib berilmoqda, sovutish jihozlari hamda havoni konditsiyalantirish tizimlariga texnik xizmat ko‘rsatish amaliyoti takomillashtirilmoqda.

Ozon buzuvchi moddalarni maishiy, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarida muomaladan bosqichma-bosqich chiqarishga yo‘naltirilgan innovatsiyalar izlanmoqda. Tashkil etilgan davra suhbatida so‘z olgan BMTning taraqqiyot dasturining qo‘shma loyihasi vakili “Sovutish sohasida salohiyatni yuksaltirish” mavzusidagi ma’ruzasida xalqaro miqyosda joriy etilayotgan innovatsion g‘oyalar haqida gapirib o‘tdi.

Ozon qatlamini yemiruvchi moddalarni muomaladan bosqichma-bosqich chiqarishni ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasida Vazirlar Mahkamasining “Ozonni buzuvchi moddalarni va tarkibida ular mavjud bo‘lgan mahsulotlarni O‘zbekiston Respublikasiga olib kirishni va O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqishni tartibga solishni takomillashtirish to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi, Vena konvensiyasi va Monreal protokolining a’zo tomonlari bo‘lmagan mamlakatlarga ozon buzuvchi moddalarni olib kirish va olib chiqish taqiqlandi, ozonni buzuvchi moddalar va tarkibida ozon yemiruvchi moddalar mavjud bo‘lgan mahsulotlarni import/eksport qilishni tartibga solish tizimi kiritildi va amalga oshirilmoqda. OBM va tarkibida OBM mavjud bo‘lgan mahsulotlarning noqonuniy oboroti bilan kurashish bo‘yicha bojxona nazoratiga oid faoliyat to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasining vakili o‘z ma’ruzasida batafsil gapirib berdi.

Ozon qatlamini muhofaza qilish kunining asosiy maqsadi – aholining ozon tuynuklarini hosil bo‘lishining mavjud xavf-xatarlari, ultrabinafsha nurlarining inson salomatligi, o‘simlik va hayvonot dunyosiga salbiy ta’sirini kamaytirishda ozon qatlamining roli to‘g‘risida bohabarlikni oshirishdan iborat. Ozon qatlamini muhofaza qilish nima uchun kerak, xonadonimizdagi muhitga qaysi kundalik predmetlar ta’sir qilishi va quyoshning zararli ultrabinafsha nurlaridan qanday himoyalanishimiz mumkin kabi savollarga keng jamoatchlik uchun maxsus tayyorlangan tadbirlarning kichik yoshdagi ishtirokchilari javob olish imkoniga ega bo‘ldilar.

Qiziqarli tanlovlar, viktorinalar, bolalarning sahnadagi chiqishlari, sovrin va tabriklar barcha yig‘ilganlarda yorqin taassurotlar qoldirdi va ekologiya masalalarida birdamlik, hamjihatlik muhim ahamiyat kasb etishini namoyon etdi.

Ozon qatlamini muhofaza qilish xalqaro kuniga bag‘ishlangan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining ma'ruzasi