Jizzax shahrining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish strategiyasi muhokama qilinmoqda

Fri Sep 11 00:00:00 EDT 2015

 

BMTTDning “Mahalliy boshqaruvni qo‘llab-quvvatlash: 2-bosqich” loyihasi doirasida, Jizzax shahar hokimiyati va Iqtisodiyot vazirligi ekspertlari bilan hamkorlikda Jizzax shahrini rivojlantirish Strategiyasining loyihasi ishlab chiqildi va unda 2016-2024 yillarda shaharni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlanishini ta’minlash bo‘yicha maqsad, uslub va vazifalarning majmuasi aks ettirilgan.

Mazkur Strategiya O‘zbekiston hududlarini rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlarini amalga oshirish doirasida olib borilayotgan bo‘lib, u taraqqiyot uchun mavjud ehtiyojlarni aniqlash, hamda mavjud resurslarni samarali yo‘naltirish yo‘li bilan shahar iqtisodiyotini barqaror rivojlanishini ta’minlashga yo‘naltirilgan. Strategiya shahar idoralari, xususiy sektor va fuqarolik jamiyatining bevosita ishtiroki asosida, Jizax shahar hokimligi tomonidan amalga oshiriladi.

Ushbu Strategiya bir nechta o‘zaro bog‘liq bo‘lgan qismlardan tashkil topgan:

1-qism. Jizzax shahridagi joriy ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni tahlil qilish;

2-qism. Shaharni rivojlantirishdagi mavjud afzalliklar, kamchiliklar (cheklovlar), imkoniyat va xatarlarni tahlil qilish;

3-qism. 2016-2024 yillarda Jizzax shahrini rivojlantirish strategiyasi konsepsiyasi;

4-qism. Strategiyani amalga oshirish shakli, ehtimoliy chora-tadbirlar ro‘yxati va monitoring tizimi bo‘yicha takliflar.

Jizzax shahrini rivojlantirish strategiyasini samarali amalga oshirish bo‘yicha asosiy yo‘nalishlar sifatida quyidagilar belgilab berildi:

• tadbirkorlik muhitini yaxshilash, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish va shaharning sanoat salohiyatini kengaytirish;

• mahalliy hukumat organlarining shahar aholisi oldidagi ochiqligi va hisobdorligining yuqori darajasiga erishish;

• shaharni rivojlantirishda ishtirok etuvchilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning samarali bo‘lishi uchun mahalliy hukumat organlarining roli va salohiyatini mustahkamlash;

• aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qismi bo‘lgan yoshu ulug‘ kishilar, imkoniyati cheklangan shaxslar va kam ta’minlangan oilalar uchun infratuzilma va davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash;

• “Jizzax” MIZni faol taraqqiy ettirish va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha majburiyatlarning to‘liq bajarilishiga erishish.

Hozirgi kunda rivojlantirish Strategiyasining loyihasi ommaviy muhokama uchun O‘zbekiston Respublikasining yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida joylashtirilgan (https://my.gov.uz/uz/getPublicService/332?item_id=263&action=view). Ushbu hujjat olingan fikr va takliflarni hisobga olgan holda yakuniga yetkaziladi.

Hududlarning barqaror rivojlanishini ta’minlash BMTTD loyihasi faoliyatining asosiy tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi. Ushbu tarkibiy qism eng yaxshi jahon tajribalarini hisobga olgan holda, Jizzax va Namangan shaharlari, shuningdek, Toshkent viloyatining Qibray tumanlari uchun zamonaviy hududiy rivojlantirish strategiyalarini yaratishni ko‘zda tutadi. Bundan tashqari, Prognozlashtirish va mikroiqtisodiy tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda O‘zbekiston hududlarini samarali rivojlantirishni rejalashtirish bo‘yicha yagona uslubiyat ishlab chiqilmoqda.

O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamkorligida tajriba hududlari bo‘lgan Jizzax, Namangan va Toshkent viloyatlarida “Mahalliy boshqaruvni qo‘llab-quvvatlash dasturi: 2-bosqich” loyihasi  tomonidan amalga oshirilmoqda. BMTTD loyihasining asosiy maqsadi davlat boshqaruvi va davlat xizmatlari tizimini modernizatsiya qilish, hududiy rivojlantirish sohalarida hukumatga ko‘maklashishdan iborat.