Xalq deputatlari Kengashlarining faoliyatini oshirish yo‘lida

Tue Jun 02 00:00:00 EDT 2015

2015 yilning 28 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida «Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining norma ijodkorligi, nazorat qilish vakolatlari va ochiqligini takomillashtirishning dolzarb masalalari» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Tadbirning asosiy maqsadi Toshkent viloyati xalq deputatlari Kengashlarining faoliyatini oshirish sohasida xalq deputatlari oldida turgan masalalarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.


Xalq deputatlari Kengashlarining samaradorligi – davlat boshqaruvini yanada demokratlashtirish va takomillashtirishning zaruriy shartidir. Hozirgi paytda hukumat xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatining samaradorligini oshirish, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga demokratiya asosida saylovlarni o‘tkazish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda. 

Davlat boshqaruvi akademiyasi, Toshkent viloyati hokimligi va BMTTDning 2015 yil uchun qo‘shma harakat rejalari doirasida, shuningdek, Toshkent viloyati xalq deputatlari Kengashining salohiyatini oshirish Dasturi, hamda 2015 yilgi tadbirlar rejasiga muvofiq avvalgi chaqiriq Kengashining norma ijodkorligi va nazorat qilish bo‘yicha faoliyatini tahlil qilish, shu bilan birga ko‘rsatilgan yo‘nalishlarda qayta saylangan deputatlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish masalalari kun tartibiga qo‘yildi. 

Tadbir davomida Senat, Toshkent viloyati xalq deputatlari Kengashi, Davlat boshqaruvi akademiyasi va BMTTD vakillari so‘zga chiqdilar. 
Shundan so‘ng o‘tkazilgan munozaralar davomida hokimlarning hisobdorligi, ularning faoliyati ustidan nazorat qilish masalalari, shu bilan bir qatorda, amaldagi deputatlar oldida turgan muammolar va ularni yechish uslublari muhokama qilindi. Ishtirokchilar fikriga ko‘ra, xalq deputatlari faoliyatining maqsad va natijalari bo‘yicha aholini qiziqtirgan masalalar haqidagi ma’lumotlardan tez va oson foydalanish imkoniyatini ko‘zda tutuvchi Kengashlar faoliyatining ochiqligini ta’minlash katta ahamiyatga ega ekanligi alohida ta’kidlab o‘tildi. 

Muhokamalar yakuniga ko‘ra xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatining samaradorligini yanada oshirish, norma ijodkorligi va nazorat sohasida ularning vakolatlarini kengaytirishga yo‘naltirilgan tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi. Jumladan: 

1) A.Abduvaxitovning mahalliy universitetlarning salohiyatini viloyatlarning xalq deputatlari Kengashlari faoliyatining analitik ta’minotiga jalb qilish to‘g‘risidagi taklifini keng yoyish;

2) Ijroiya hokimiyat ustidan nazoratni samarali amalga oshirish uchun xalq deputatlari Kengashlarining norma ijodkorligi va nazorat qilish vazifalari masalalari bo‘yicha qayta saylangan deputatlarning malakalarini muntazam tarzda oshirib borilishini yo‘lga qo‘yish va shu borada maxsus qo‘llanma ishlab chiqish;

3) Kengashning elektorat oldidagi ochiqligini ta’minlash, shu maqsadda ijtimoiy tarmoqlarda axborot faoliyatni yo‘lga qo‘yish, veb sahifaning interaktiv ko‘rinishini ham tashkil qilish. 

Shuningdek, Davra suhbati ishtirokchilarining takliflarini inobatga olgan holda, 2015 yil oxirigacha rejalashtirilgan tajriba bo‘yicha Toshkent viloyati xalq deputatlari Kengashining salohiyatini oshirish Dasturi doirasidagi yuqorida aytib o‘tilgan tavsiyalar va tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Toshkent viloyati hokimligi xodimlari va BMTTD loyihasi vakillarini o‘z tarkibiga olgan ishchi guruh tashkil qilindi. 
Tajriba natijalari hukumatga, Senatga va keng jamoatchilikka taqdim qilinadi. 
Seminarda Oliy Majlis senati vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rahbariyati va tinglovchilari, Toshkent viloyati xalq deputatlari Kengashi deputatlari, BMTTD va OAV vakillari ishtirok etdilar.


O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Toshkent viloyati xalq deputatlari Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda BMT Taraqqiyot dasturining “Mahalliy boshqaruvni qo‘llab-quvvatlash /(2-bosqich)” qo‘shma loyihasi tadbir tashkilotchilari sanaladilar.