Qibray tumani barqaror rivojlanish strategiyasini ishlab chiqmoqda

Fri Sep 19 00:00:00 EDT 2014


Joriy yilning 22-29 sentyabr kunlari Toshkent viloyati Qibray tumani uchun hududiy rivojlanish strategiyasini ishlab chiqishda BMT Taraqqiyot Dasturiga ko‘maklashish maqsadida hududiy taraqqiyot masalalari bo‘yicha xalqaro mutaxassis Algirdas Petkevichusning O‘zbekistonga tashrif amalga oshiriladi.

Hududiy rivojlanish strategiyasi (HRS) hududning uzoq muddatli ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga erishishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlardan iborat bo‘lib, aholi, mahalliy davlat hokimiyati organlari va xususiy sektorning o‘zaro mustahkam hamkorligini ko‘zda tutadi. HRSning asosiy maqsadi hududda yangi ish o‘rinlarini yaratish, farovonlikni oshirish va barqaror rivojlanishni ta’minlashga yo‘naltirilgan ijtimoiy-iqtisodiy chora-tadbirlarni samarali tatbiq qilishda mahalliy davlat organlari uchun qulay muhitni yaratishdan iboratdir.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotida globallashuv, xizmat ko‘rsatish sohasining keng miqyosda rivojlanishi, jamiyatning axborotlashuvi, ilm-fanga asoslangan tarmoqlarning ishlab chiqarish jarayoniga tatbiq qilinishi va yuqori ishlab chiqarish sanoatiga asoslangan jamiyatni shakllantirish kabi zamonaviy iqtisodiy taraqqiyotning tendensiyalari kuzatilmoqda. Mazkur tendensiyalar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning an’anaviy usullariga sekin-asta barham berib, mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti uchun zamonaviy yechimlarni ishlab chiqishga undamoqda.

Xorijiy mamlakatlarning tajribasi shuni ko‘rsatadiki, texnik hamkorlik va taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlash hisobiga ko‘plab erishilgan muvaffaqiyatlar hamda yuqori natijalarga qaramay, insoniyat so‘nggi yillar mobaynida ko‘plab mamlakatlarda ekologik va ijtimoiy muhitning keskin yomonlashuvini kuzatmoqda. Shu bilan birga hududlar mustaqilligining barqaror shakllanib borishi kuzatilmoqda, bu esa hududga ijtimoiy-iqtisodiy o‘sishga erishish borasida katta mas’uliyat yuklaydi. Tajribalar aynan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasi yuqori hududlarning krizis holatlarida nisbatan kamroq zarar ko‘rishini ko‘rsatib bermoqda. Yuqorida e’tirof etilgan fikrlar aynan har qanday mamlakatning barqaror rivojlanishida xususiy va davlat sektorining faol hamkorligini ta’minlovchi rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Ushbu yo‘nalishda hukumat qarorlarining amalga oshirilishiga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekistondagi BMTTD o‘zining namunaviy loyihlari orqali mamlakatimizda hududiy rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish va istiqbolda joriy qilishda o‘z hissasini qo‘shmoqda. Xususan, “Mahalliy boshqaruv tizimini qo‘llab-quvvatlash/2-bosqich” (MBTQQ-2) loyihasi doirasida xalqaro tajribalarni o‘rganish va xorij mutaxassislarini jalb qilish orqali Jizzax, Namangan shaharlari, shuningdek Qibray tumanining hududiy rivojlanish strategiyalari ishlab chiqilmoqda.

Algirdas Petkevichus hududiy taraqqiyot va mahalliy boshqaruv sohalarida 17 yillik tajribaga ega bo‘lib, jumladan 4 yil hududiy rivojlanishni rejalashtirish ustida faoliyat olib borgan. Mazkur faoliyat mobaynida mutaxassis 10 ta hududiy rivojlanish rejalarini ishlab chiqishga boshchilik qilib, Litvaning davlat boshqaruvi va mahalliy boshqaruvni isloh qilish Vazirligida hududiy rivojlanish strategiyasini shakllantirishda uslubiy asoslarni ta’minlagan.

Algirdas Petkevichusning O‘zbekistonga tashrifi davomida quyidagi tadbirlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan:

·         Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Makroiqtisodiy tadqiqolar va prognozlashtirish instituti, Toshkent viloyati hokimligi, uning shahar va tumanlari hokimliklari vakillari, shuningdek Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro hamkorlik bo‘yich nemis jamiyati tashkiloti (GIZ), va BMTTD ekspertlari bilan uchrashuvlar va muhokamalar o‘tkazish;

·         Qibray tumani uchun SWOT (afzallik va kamchiliklar, shuningdek tashqi muhitning mumkin bo‘lgan imkoniyatlari va tahdidlarini baholash) tahlilini amalga oshirish;

·         olib borilgan tahliliy ishlar va uchrashuvlarning birlamchi natijalariga asoslangan holda Qibray tumani uchun hududiy rivojlanish strategiyasini istiqbolda yaratish, mahalliy darajada moliyaviy resurslardan foydalanishni optimallashtirish maqsadida milliy rivojlanish rejasi va Byudjet kodeksiga muvofiq tarzda mahalliy byudjetlarning uyg‘unlashuvi bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish.

BMTTDning MBTQQ-2 loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan hamkorlikda amalga oshirilib, uning maqsadlari mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatini takomillashtirish orqali O‘zbekistonda samarali, hisobdor va inklyuziv mahalliy boshqaruv tizimini rivojlantirish, ularning hisobdorligi va ochiq-oydinligini oshirish hamda mahalliy boshqaruvda fuqarolarning ishtirokini ko‘tarishga qaratilgan. Loyihaning tajribaviy hududlari – Jizzax, Namangan va Toshkent viloyatlari.