Butunjahon biologik xilma-xillik kuni

2014 Mai 22

image

O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Global ekologik jamg‘armasining O‘zbekistondagi Kichik grantlar dasturi BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ko‘magida “22 may – Butunjahon biologik xilma-xillik kuni”ga bag‘ishlangan seminarni tashkil etdilar.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, vazirlik va idoralar, Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot institutlari, poytaxtdagi OO‘Yu ning ekologiya kafedralari rahbarlari hamda vakillari, jurnalistlar ishtirok etdilar.
Seminar ishtirokchilari biologik xilma-xillik, uning ahamiyati, qisqarib ketish sabablari hamda uni muhofaza qilishning dolzarbligi bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildilar.
Seminar ishtirokchilarining ma’ruzalarida ta’kidlanganidek, biologik xilma-xillik deganda Yerdagi hayot ko‘rinishlarining xilma-xilligi – o‘simlik, hayvonot, ular organizmlarining asosini tashkil etuvchi mikroorganizmlar va ekologik tizimlar tushuniladi. Bugungi kunda, biologik turlarning 1,4 mln.ga yaqini tavsiflangan, ayrim taxminlarga ko‘ra, mazkur turlar 8 mln.gacha ham bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, fanda noma’lum bo‘lgan yana ko‘plab turlar okean qa’rida, baland tog‘lar, o‘tib bo‘lmaydigan ekvatorial o‘rmonlar va sayyoramizning yetib borish qiyin bo‘lgan boshqa joylarida yashaydi. Hayot ko‘rinishlarining mazkur barcha xilma-xilligi hayot uchun katta boylikni o‘zida aks ettirib, ekologik, genetik, ijtimoiy, iqtisodiy, ilmiy, ma’rifiy, madaniy, rekreatsion va estetik ahamiyatga ega.
Hozirgi kundagi biologik xilma-xillikning holati jiddiy xavfni yuzaga keltirmoqda. “Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bioxilma-xillikning yo‘qolishi tabiiy qirilish darajasidan bir necha barobar oshmoqda”, - deya ta’kidladi BMT tizimining O‘zbekistondagi koordinatori Stefan Prisner. – “Jahon hamjamiyati aniq sonlarni ayta olmaydi, chunki umuman sayyorada qancha turlarning borligini bilmaymiz. Shu sababli biz qancha turlar yo‘qolib borayotganini ayta olmaymiz. Ammo, biolog-ekspertlar turlarning qirilib ketish darajasi har yili 1000 dan 10 000 ni tashkil etadi, deb hisoblaydilar. Ya’ni, har yili yer yuzidan o‘simlik va hayvonot dunyosining bir nechtasidan minggacha turlari yo‘qolib bormoqda,o‘z navbatida aniq aytish mumkinki, biologik xilma-xillikning bu kabi qirilishining asosiy sababi inson, uning faoliyatidir!”.
Bugungi kunda insoniyat yiliga, Yer tiklashi mumkin bo‘lgan resurslarga nisbatan
40 % dan ko‘p tabiiy resurslarni iste’mol qilmoqda.
O‘zbekiston boy va noyob bioxilma-xilikka ega. O‘zbekiston florasini 650 tur va 115 oilani namoyish etuvchi 4800 dan ortiq turlar tashkil etadi. Turlarning boyligi va xilma-xilligi bilan shuningdek, O‘zbekistonning hayvonot olami ham ajralib turadi. Hayvonot dunyosining umurtqasiz va umurtqali turlari 15615 ni tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sodiqov Kamolitdin Faxritdinovichni e’tirof etishicha, mustaqillikni qo‘lga kiritilishi atrof muhitni, o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish yo‘nalishdagi faoliyatlarga yangi imkoniyatlarni berdi. Birinchilardan qabul qilingan qonun O‘zbekiston Respublikasi “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonundir. Bioxilma-xillikni saqlashdagi tabiatni muhofaza qilish qonunchiligi rivojlanmoqda. O‘tgan davr mobayinida, “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalainish to‘g‘risida”gi, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalainish to‘g‘risida”gi, “O‘rmon to‘g‘risida”gi, “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi va boshqa qator qonunlar qabul qilindi. Bular, o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilishda muhim hujjatlardir.
1979 yilda O‘zbekiston “Qizil kitobi”ga asos solindi. Ushbu kitobda O‘zbekistondagi noyob va yo‘qolib borayotgan flora va fauna turlari aks ettirilgan. “Qizil kitob”ning vazifasi – jamiyatni va davlat idoralarini tabiat muhofazasi masalasiga jalb etishdan va turlar genofondini saqlab qolishga ko‘maklashishdan iborat.
Bioxilma-xillikni muhofaza qilish sohasida O‘zbekiston Respublikasi xalqaro hamkorlikni amalga oshirmoqda. Respublikamiz birinchi bo‘lib qo‘shilgan konvensiya bu – “Biologik xilma-xillik to‘g‘risida”gi Konvensiyadir (1995 y.). Undan tashqari, O‘zbekiston “Yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi hayvonlar va o‘simliklar turlari bilan xalqaro savdo qilish to‘g‘risida”gi (1997 y.), “Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir” (1998 y.), “Asosan suvda suzuvchi qushlarning yashash joyi sifatida xalqaro ahamiyatga molik suv-botqoq maydonlari to‘g‘risida”gi (2001 y.) Konvensiyalar tomoni hisoblanadi.
Qator kelishuvlar imzolandi, shu jumladan “Buxoro bug‘usini qayta tiklash va muhofaza qilish masalalari bo‘yicha memarandum”, “Sayg‘oqlar sonini muhofaza qilish, qayta tiklash va barqaror rivojlantirish to‘g‘risida bitim” va qator boshqalar.
Bugungi kunda O‘zbekistonning muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimiga sakkizta davlat qo‘riqxonasi, bitta biosfera rezervati, ikkita milliy bog‘ va o‘n ikkita davlat buyurtmaxonalari, shuningdek, hayvonlarning noyob turlarini ko‘paytirish bo‘yicha Respublika “Jayron” Ekomarkazi kiradi.
“Shu bilan birga, tobora o‘sib borayotgan insoniyat faoliyati natijasida tabiiy ekotizimlarga talofat yetkazilmoqdaki, pirovardida ekotizimlarning suv hamda suv oldilarini namoyish etuvchi hayvonlarning 87 turi, cho‘l ekotizimlari hayvonlarining 46 turi, tog‘ ekotizimlari hayvonlarining 43 turi xavf ostidadir. Bugungi kunda ayrim turlar yo‘qolib ketish xavfi ostida turibdi yoki batamom yo‘qolib ketdi”,- deya ta’kidladi O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Davlatbionazorati boshlig‘i Aleksandr Arkadevich Grigoryans.
Biologik xilma-xillikni muhofaza qilishning eng katta muammolaridan biri - bioxilma-xillik bizga taqdim etayotgan xizmatlarning qiymati qanday ekanligini baholab beruvchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqtisodiy baholashning mavjud emasligi hisoblanadi. Jahon banki hamda Tabiatni muhofaza qilish Xalqaro uyushmasi mutaxassislarining fikriga ko‘ra, jami ekotizimlar xizmatlarining umumiy qiymati yiliga o‘nlab trillion AQSh dollari bilan baholanadi. Biologik xilma-xillik resurslaridan qancha foydalanmoqdamiz va uning haqiqiy iqtisodiy bahosi qanchaligini yanada chuqur anglash undan yanada samarali hamda oqilona foydalanish imkonini beradi.
Bilogik xilma-xillikni saqlash barcha hamkorlar – hukumat tashkilotlari, manfaatdor tomonlar, OAV va qator fuqarolar o‘rtasidagi to‘liq bo‘lmagan hamda keng qamrovli hamkorliksiz va axborot almashinuvisiz amalga oshirish mumkin emas. Jamoatchilik sezilarli darajada bioxilma-xillikning o‘rni, uning bahosi hamda uni saqlashning maqsadi, shuningdek, mavjud muammolar va chaqiruvlar to‘g‘risida habardor bo‘lishlari kerak.
“BMT Taraqqiyot dasturi, Global ekologik jamg‘arma hamda Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining hamkorlikdagi “2011-2020 yillarda O‘zbekistonda Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi Konvensiyaning Strategik rejasini amalga oshirishda qo‘llab-quvvatlash uchun biologik xilma-xillik sohasida milliy rejalashtirish” loyihasida biologik xilma-xillikni muhofaza qilish masalalarini barcha manfaatdor tomonlarning keng ishtirokida yangilangan “bioxilma-xillik bo‘yicha faoliyatni rejalashtirish” vositasida milliy hamda tarmoqlararo rivojlanishning rejali dasturiga integratsiya qilish ko‘zda tutilgan””,- deya ta’kidladi loyiha menejeri Irina Bekmirzayeva.
Tadbir davomida bioxilma-xillikni muhofaza qilish bo‘yicha tadqiqotlarning olg‘a siljishi, qabul qilinayotgan chora-tadbirlar sohasida O‘zbekistonda Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, BMT Taraqqiyot dasturi, Global ekologik jamg‘arma Kichik grantlar dasturining hamkorlikdagi loyihalaridoirasida respublikada amalga oshirilayotgan faoliyat to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim etildi.