BMT Taraqqiyot dasturi O‘zbekiston Hukumatiga huquqiy ijodkorlik jarayonini modernizatsiya qilishda ko‘mak beradi

2014 Aprel 25

image

BMT Taraqqiyot dasturi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonunchilikni monitoring qilish instituti (AQMI) ning yangi «Qonun ishlab chiqish va me’yoriy-huquqiy hujjatlar yaratish jarayonini modernizatsiya qilishga ko‘maklashish» qo‘shma loyihasi muvaffaqiyatli muhokama etildi.

Uchrashuv AQMI binosida tashkil etilib, unda Parlament, Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Adliya vazirligi, Yuridik universitet, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, ilmiy-tadqiqot markazlari va BMTTD vakillari ishtirok etishdi.

O‘tkazilgan muhokamaning asosiy maqsadi qonun ishlab chiqish va me’yoriy hujjatlar yaratishning tashkiliy-huquqiy asoslarini modernizatsiya qilishda milliy salohiyatni mustahkamlash, huquqiy ekspertizani o‘tkazish, qonunchilik hujjatlari monitoringini amalga oshirishning zamonaviy samarali usullarini birgalikda ishlab chiqish va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga ularning ta’sirini baholash, ilg‘or xalqaro tajribani hisobga olgan holda me’yoriy-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazishda uslubiy ko‘maklashish masalalariga bag‘ishlangan taklif etilayotgan konferensiya va seminarlar, hamda aniq chora-tadbirlar ro‘yxatining umumiy holatini ishlab chiqish va uni muhokama qilishdan iborat.
Bundan tashqari Parlament palatalari qo‘mitalarining vazirliklar va davlat idoralari bilan birgalikda me’yoriy-huquqiy asoslarni takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar ishlanmalari asosida qonun ishlab chiqish faoliyatini amalga oshirishda tizimli tahlil bo‘yicha ishlari yo‘lga qo‘yiladi.

Qonun ishlab chiqish faoliyati sifatini oshirish O‘zbekiston Respublikasida o‘tkazilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar borasidagi zamon talabi ekanligi sabab, uchrashuv ishtirokchilari loyihaning dolzarbligiga ishonch bildirdilar.

Mazkur loyiha, mamlakatda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish bo‘yicha Konsepsiyada ta’kidlangan ustuvor yo‘nalishlar va O‘zbekiston Respublikasi milliy manfaatlariga asoslangan holda, 2014-2016 yillar davomida hamkorlar bilan yaqindan hamkorlik asosida faoliyatini olib boradi.
Ushbu loyiha AQMI tomonidan umumiy muvofiqlashtirilgan holda, bir qator muhim idoralar - Oliy Majlis, O‘zbekiston Respublikasi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Adliya vazirligi, tegishli vazirliklar/davlat organlarini jalb qilgan holda amalga oshiriladi. Shuningdek, BMTTD loyiha doirasida mahalliy ekspertlarni eng yaxshi xalqaro standartlar va tajribalar bilan tanishtiradi.