Mahalliy boshqaruv tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha yangi tajriba hududi

2014 Aprel 23

image

O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD)ning doimiy vakili Stefan Prisner Toshkent viloyati hokimi, senator Ahmadjon Usmonov bilan birgalikda O‘zbekiston Resublikasi Vazirlar Mahkamasi va BMTTDning "Mahalliy boshqaruv tizimini qo‘llab quvvatlash/2-bosqich" qo‘shma dasturi doirasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildilar. 

Loyihaning birinchi bosqichi mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, birinchi navbatda hokimliklarning huquqiy, texnik va kadrlar salohiyatini mustahkamlash maqsadida 2010-2013 yillarda Jizzax va Namangan viloyatlarida amalga oshirilgan. 2013 yilning iyunida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Qarori bilan BMTTD loyihasi muddati 2017 yilgacha uzaytirildi va unga tajriba hududi sifatida Toshkent viloyati ham kiritildi.

Loyiha yangi bosqichining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iboratdir: a) hududlarning barqaror rivojlanishi; b) xususiy tadbirkorlikning rivojlanishi; v) davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish; g) mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining ochiqligi va hisobdorligini oshirish; d) joylarda davlat xizmatchilarining faoliyatini takomillashtirish va salohiyatini oshirish; ye) hukumat va boshqaruv mahalliy organlarining byudjet va invesstitsiya borasidagi vakolatlarini mustahkamlash.

Uchrashuv davomida Stefan Prisner ishtirokchilarni O‘zbekistondagi BMTTD faoliyatining O‘zbekiston Resrublikasi Prezidentining “Mamlakatda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish to‘g‘risida”gi konsepsiyasida belgilangan vazifalari bilan mos keluvchi asosiy maqsadlari bilan tanishtirdi.

«BMTTD O‘zbekistonda o‘zining qo‘shma loyihalari orqali mamlakatda demokratik islohotlarni amalga oshirish, boshqaruv tizmini nomarkazlashtirish, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha mahalliy hokimiyatlarning vakolatlarini kuchaytirish hamda fuqarolarning mahalliy boshqaruvdagi rolini oshirish bo‘yicha Hukumatni har tomonloma qo‘llab-quvvatlash barobarida mamlakatda samarali demokratik boshqaruvning ta’minlanishiga hissa qo‘shmoqda», - deya ta’kidladi janob S.Prisner.

Shuningdek, BMTTD, o‘zining xorij mamlakatlarida erishgan tajribasidan foydalangan holda, katta sanoat va investitsion salohiyatga ega bo‘lmish poytaxt viloyatini yanada rivojlanishida har tomonlama ko‘mak berishi ma’lum qilindi. Toshkent viloyatida amalga oshirilishi rejalashtirilgan tadbirlar BMTTD va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida 2016-2020 yillar uchun yangi hamkorlik Davlat dasturining muhim qismi bo‘lib xizmat qiladi. Shuning uchun ham joylarda ijroiya va vakillik hukumati organlarining salohiyatini mustahkamlash katta iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan dolzarb masalalarni yechishda davlat hukumat va boshqaruv organlarining fuqarolik jamiyatlari institutlari va xususiy sektor bilan o‘zaro faoliyatining tashkiliy huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishga yo‘naltirilgan majmuaviy chora-tadbirlarning amalga oshirilishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Hamkorlik doirasida Toshkent viloyatida BMTTD loyihasining birinchi bosqichida erishilgan natijalarini keng tadbig‘ etish nazarda tutilmoqda. Jumladan, yangi «Davlat hukumat va boshqaruv organlari faliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi Qonunning ijrosini ta’minlash maqsadida, BMTTD loyihasi tomonidan viloyat hokimiyati va shahar hokimiyatlarining birida zamonaviy Axborot xizmati tashkil qilish, shuningdek ularning rasmiy veb saytlarini modernizatsiya qilish hamda ularning platformasida davlat interaktiv xizmatlari va aholi, tadbirkorlik sub’ektlarining murojaatlarini ko‘rib chiqish imkoniyatini beruvchi tizimni yaratishni bo‘yicha uchun texnik va uslubiy yordam ko‘rsatiladi.

Bundan tashqari, tuman, shahar va viloyat hokimiyatlarida fuqarolar va tadbirkorlar bilan muloqotni ta’minlash mexanizmi sifatidagi «e-Hujjat» elektron hujjat almashish tizimini joriy qilish tizimini yanada rivojlantirish, shuningdek “Yagona Oyna markazi” tizimi orqali davlat interaktiv xizmatlarini ko‘rsatishning ko‘p kanalli tarmog‘ini modernizatsiya qilish taklif qilindi.

Majmuaviy hududiy rivojlantirishni qo‘llab quvvatlash doirasida tomonlar Zomin tumanining mahalliy turizmni rivojlantirish bo‘yicha ijobiy tajribasini Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida kengaytirishning istiqbollarini alohida ta’kidlab o‘tdilar. Aytish joizki, Chimyon tog‘laridagi qorlar Yevropaning Alp va boshqa tog‘laridagi qorlariga qaraganda ancha yaxshi, bu esa tog‘ chang‘i turizmini rivojlantirish uchun ajoyib imkoniyat yaratadi. O‘z o‘rnida Toshkent viloyati hokimiyati tomonidan 2013-2015 yillarda Toshkent viloyatida turizm sohasidagi maxsus Hukumat dasturini amalga oshirish doirasida Chimyon-Chorvoq kurort-sog‘lomlashtirish hududida turistlik yo‘nalishini rivojlantirishda BMTTDning ishtirok etish imkoniyatlarnini o‘rganib chiqish taklif etildi.

Uchrashuv davomida tomonlar quyidagi qo‘shma tadqiqotlarni amalga oshirishda ishtirok etish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishishdi:

·        Chirchiq shahrining uzoq muddatli majmuaviy rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish;

·        davlat boshqaruvi tizimi vakolatlari va vazifalarini optimallashtirish maqsadida funksional tahlil o‘tkazish;

·        mahalliy boshqaruvdagi xalq deputatlari mahalliy kengashlari faoliyatini takomillashtirish va mahalliy taraqqiyotda jamoatchilik ishtiroki darajasini oshirish;

·        davlat xizmati tizimini modernizatsiya qilish va davlat xizmatchilari salohiyatini mustahkamlash;

·        xorijiy investorlar uchun hududlarning jozibadorligini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ma’muriy va qonunchilikdagi to‘siqlarga barham berish.

 

Muzokaralar yakuniga ko‘ra BMTTD va Toshkent viloyat hokimligi o‘rtasida qo‘shma ish rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash, hamda uni amalga oshirish natijalarini muhokama qilish maqsadida muntazam uchrashuvlar o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Uchrashuvda Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari A.Abduqodirov, viloyat Savdo-sanoat palatasi boshlig‘i F.Mamanov, viloyat kompyuterlashtirish markazi direktori S.Muzaffarov, Tashqi aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining viloyat bo‘linmasi yetakchi mutaxassisi X.Farmonov, BMTTDning hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi S.Saxipov, “Samarali boshqaruv” bo‘limi boshlig‘i A.Umarova, huquqiy masalalar bo‘yicha BMTTD maslahatchisi A.Bahodirov, BMTTD loyiha rahbari D.Isroilovlar ishtirok etdilar.

Davlat boshqaruvi islohotlarini qo‘llab-quvvatlash BMTTD faoliyatining muhim bo‘lagi hisoblanib, u jahonning 120 dan ortiq mamlakatlaridagi hududlarni rivojlantirish va u joylarda davlat boshqaruvini isloh qilishning turli jihatlarini qamrab oluvchi qator loyihalarni amalga oshirmoqda.