Suv resurslarini majmuaviy ravishda boshqarish bo‘yicha mintaqaviy seminar

2014 Aprel 18

image

18-19 aprel kunlari BMTTD, uning milliy hamkorlari hamda Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari delegatsiyalari “Markaziy Osiyoda suv resurslarini majmuaviy ravishda boshqarish” mavzusidagi seminarda qatnashdi. Mazkur seminar Toshkentdagi “Shodlik Palas” mehmonxonasida bo‘lib o‘tdi. Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan ushbu seminar Markaziy Osiyo mintaqasining barcha davlatlari vakillari yig‘ilib tanqis bo‘lib borayotgan suv resurslarini birgalikda, butun mintaqa miqyosida boshqarish lozimligi to‘grisida fikr-mulohaza qilish imkonini berdi.

BMTning O‘zbekistondagi Doimiy vakili Stefan Prisner o‘zining kirish so‘zida suv resurslarini majmuaviy ravishda boshqarish tizimini butun mintaqa miqyosida amalga tadbiq etish zarurligini ta’kidlab o‘tdi. Ushbu masalalar bilan hozirda BMTning muassasalaridan biri bo‘lmish Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha BMT markazi bevosita shug‘ullanib kelmoqda. Suv resurslarini boshqarish sohasida mintaqaviy hamkorlik o‘rnatish lozim, negaki bunday hamkorlik mintaqaning barqaror ravishda rivojlanishi uchun eng ustuvor ahamiyatga ega deb alohida ta’kidladi janob Prisner.

Shuningdek, janob Prisner O‘zbekiston va boshqa mamlakatlarda hozirda demografik va iqlimiy o‘zgarishlar yuzaga kelayotganligi tufayli suv resurslari yanada ko‘proq xarajat qilinmoqda deb ta’kidladi. O‘zbekistonda suv resurslarini samarali va odilona boshqarish maqsadida Suv resurslarini majmuaviy ravishda boshqarish tizimi, ya’ni suv, yer resurslari hamda ular bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa tabiiy resurslarni muvoffiqlashtirgan holda rivojlantirish va boshqarish tizimi tadbiq etilib kelmoqda.

Mazkur tizimga oid amaliyotlardan biri BMTTD yordamida ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasining ilk Suv kodeksi bo‘ldi. Ushbu kodeksda an’anaviy suv ta’minlash komponentiga asoslangan tizimdan ehtiyoj va talab komponentiga asoslangan tizimga o‘tish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bunda eng ustuvor maqsad suv resurslarini tejash va saqlab qolishdan iborat. Kodeks barcha vazirlik va idoralar tomonidan ma’qullanib, hozirda Vazirlar Mahkamasida ko‘rib chiqilyapti.

Qo‘shma tadbirning ikkinchi kunida mintaqaning barcha davlatlari vakillari ishtirokida Davlatlararo muvoffiqlashtiruvchi suv xo‘jaligi komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.