Har tomchi suv qadrlidir

2014 fevral 28

image

Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturining «Zarafshon daryosi havzasida suv resurslarini integratsiyalashgan boshqarish (SRIB) va suvni tejash rejasi» qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirilgan boshlang‘ich faoliyat yakunlari taqdimotiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda viloyat suv xo‘jaligi mutaxassislari, suv iste’molchilari uyushmalarining vakillari, fermerlar, iqtisodchilar, ekologlar, olimlar, shuningdek mahalla va qishloq faollari ishtirok etdilar.

Dastur doirasida seminar qatnashchilari loyiha hududida joylashgan Mehnatobod-3 nasos stansiyasiga tashrif buyurdilar. Bu yerda Mehnatobod-3 nasos stansiyasi mashina kanalining ochilishi, shuningdek ushbu ob’ektni «Progress Nur Suvchilari» suv iste’molchilari uyushmasi (SIU)ga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mehnatobod-3 nasos stansiyasiga 2000 gektardan ortiq sug‘oriladigan yer maydonlari biriktirilgan. Ushbu nasos stansiyasi Eski Anhor kanalidan suvni 72 metrga ko‘taradi va fermer xo‘jaliklariga paxta va g‘alla yetishtirish, bog‘lar, uzumzorlar va polizlarni sug‘orish uchun uzatadi.

Loyiha doirasida bosimli hovuzni rekonstruksiya qilish amalga oshirildi, uzunligi 3,7 km, suv o‘tkazish qobiliyati 2 m3/s bo‘lgan, suv tushirgichlar, zatvorlar va suv o‘lchash qurilmalari bilan jihozlangan mashina kanali qurib bitkazildi.

Bundan tashqari, asbob-uskunalardan foydalanish sharoitlarini yaxshilash uchun nasos stansiyasining nasos-kuch qurilmalarini mukammal ta’mirlash amalga oshirildi va bu agregatlar to‘xtab qolishini qisqartirish, ta’mirlash va elektroenergiya uchun xarajatlarni kamaytirish, bosimli quvuryo‘l va sug‘orish tizimidan tushadigan suvning noishlab chiqarish isroflarini qisqartirish, tizimning foydali ish koeffitsiyentini oshirish, uzatiladigan suvni nazorat qilish va uning hisobini yuritishni yaxshilash imkonini beradi.

Mazkur boshlang‘ich loyihani amalga oshirish fermer va dehqon xo‘jaliklarining suv taqchilligi tufayli muomaladan chiqarilgan 140 gektardan ziyod yerlarini ishlab chiqarishga qaytarish uchun imkoniyat yaratadi. Dastlabki hisob-kitoblar shuni ko‘rsatdiki, fermer xo‘jaliklariga suv uzatish yillik hajmlari taxminan 3,5 mln.m3 ga ko‘paydi, joriy ta’mirlash uchun xarajatlar 4 baravar qisqardi, foydalanish xarajatlari 82,7 mln. so‘mga kamaydi, suv uzatish o‘z vaqtida amalga oshirilishi natijasida fermer va dehqon xo‘jaliklari (38 fermer va 240 dehqon xo‘jaligi) daromadlari bir yilda 395 mln. so‘mga ko‘paydi.

Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash davlatning ustuvor vazifasi hisoblanadi. Loyiha doirasida BMT Taraqqiyot dasturining «Har tomchi suv qadrlidir» mintaqaviy dasturining moliyaviy madadi bilan Samarqand viloyatidagi Kanalyoqa va Nurobod qishloqlari aholisi uchun ichimlik suvi bilan ta’minlash tizimi barpo etildi. Bajarilgan ishlar natijasida ushbu qishloqlarning 2000 dan ziyod aholisi toza ichimlik suvidan bahramand bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Ta’lim berish va xabardorlik darajasini oshirish yo‘li bilan inson salohiyatini kuchaytirish – SRIBni amalga oshirishning bosh omilidir. Aholi va fermerlarning suv resurslarini samarali boshqarishga oid bilimlarini oshirish, fermerlar va uy xo‘jaliklarining suv va energiya ta’minotidan manfaatdorligini kuchaytirish, shuningdek inshootlardan foydalanishda ehtiyotkorlikni ta’minlash maqsadida ular bilan faol ish olib borildi.

Mingyillik Maqsadlariga erishish uchun iqlim o‘zgarishiga moslashishni yaxshilash maqsadida fermerlar ishtirokida suvni boshqarishga qaratilgan «Iqlim o‘zgarishi sharoitlarida SIU va fermer xo‘jaliklari darajasida suv iste’mol qilishning samaradorligini oshirish» loyihasini amalga oshirishga kirishildi. Loyiha fermer xo‘jaliklari darajasida suv hisobini yuritishni yaxshilashga, suvni tejaydigan texnologiyalarni amalga joriy etishga, suvdan foydalanish monitoringini yaxshilashga qaratilgan. Ushbu loyiha doirasida fermerlar tomonidan suvning tejalishini rag‘batlantirish mexanizmi ishlab chiqiladi. SIU va fermerlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun Dala Resurs Markazi tashkil etiladi.

"Suv resurslarini integratsiyalashgan boshqarish elementlarini kundalik amaliyotga joriy etish natijalari loyihaning Pastdarg‘om tumanidagi boshlang‘ich uchastkasi misolida nasos stansiyalari energiya samaradorligining oshishi, SIU va fermer xo‘jaliklari darajasida suv unumdorligining oshishi tarzida olingan foydani amalda namoyish etadi va bu umuman olganda aholi farovonligi darajasining oshishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi", deb ta’kidladi o‘z nutqida Pastdarg‘om tumani hokimi V.Rahimov.