Davlat xaridlarining samaradorligi va transparentligini oshirish yo‘lida

2014 fevral 19

image

14-16 fevral kunlari Toshkent viloyatidagi «Park Avenyu» kompleksida “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tovarlar (ishlar, xizmatlar) xaridini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori loyihasining muhokamasi tashkillashtirildi.

Tadbir tashkilotchilari O‘zR Moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik hamda O‘zR Moliya vazirligi xamda BMT Taraqqiyot Dasturining “O‘zbekistonda byudjet tizimi islohoti” qo‘shma loyihasidir. Davlat xaridlari tizimini takomillashtirishda O‘zbekiston Respublikasi Hukumatiga ko‘maklashish ushbu loyiha faoliyatining yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Loyihaning mazkur yo‘nalishdagi faoliyati “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini va xaridlarning asosiy protseduralariga oid qonun osti hujjatlarini ishlab chiqishga, xarid protseduralari bo‘yicha metodik materialarni tayyorlashga qaratilgan.

Davlat xaridlari yalpi ichki maxsulotning 11%ni yoki mamlakat jami byudjetining uchdan bir qismini tashkil etadi

Shuni ta’kidash lozimki, davlat xaridlari tizimini takomillashtirish maqsadida, keyingi yillarda bir qancha normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1475-son Qarori ham shu hujjatlar jumlasidandir. Bundan tashqari, Idoralararo ishchi guruh tashkil etilgan bo‘lib, uning vazifalari doirasiga ushbu sohadagi normativ-huquqiy bazani yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish kiradi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad, davlat xaridlariga doir qonun osti hujjatlarining loyihasini batafsil muhokama qilishdir. Shuni ta’kidlash joizki, qonun osti hujjatlarining loyihalari sifatli tarzda ishlab chikish uchun byudjetdan mablag‘ bilan ta’minlanuvchi yirik xaridorlar hamda shu soha mutaxassislarining fikrlarini inobatga olish muhim ahamiyatga ega. Shu sababdan, 3 kun davom etgan tadbir davomida muhokamaga manfaatdor vazirliklar va idoralarning vakillari bilan bir qatorda kompaniyalar, xalqaro tashkilotlar, jumladan BMT Taraqqiyot Dasturi va Jahon bankining vakillari, ekspertlar, shuningdek davlat xaridlari sohasining yirik mutaxassislari va boshqalar taklif qilindi.

Idoralararo ishchi guruh tarkibiga Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zR Tovar-xom ashyo birjasi, O‘zR Savdo-sanoat palatasining vakillari kirgan.

Hozir mamlakatda “Davlat xaridlari to‘g‘risida” qonun mavjud emas. Ishlar normativ hujjatlarga, jumladan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining Qaroriga muvofiq olib borilmoqda,- dedi biz bilan suhbatda «Toshkenttenderkonsalting» DUK direktori Dilshod O‘rinboyev.- Men uchun shunisi ayniqsa quvonarliki, bugungi kunda biz qonun va qonun osti hujjatlari loyihasining har bir bo‘limi ustidagi ishni asosiy vazirliklar va tashkilotlarni jalb etgan holda, BMT Taraqqiyot Dasturi va Jahon bankining ko‘magi bilan amalga oshirayapmiz. Yangi hujjatlarni ishlab chiqishdan ko‘zlangan maqsad, aniqlangan kamchiliklarni hisobga olib, bu sohadagi qonunchilikni takomillashtirish, qog‘ozbozlikdan holi bo‘lgan zamonaviy xaridlar tizimini vujudga keltirishga qaratilgan yangiliklarni joriy etishdan iborat. Bu, birinchi navbatda, xarid protseduralarini soddalashtirish va tartibga solishdir. Bunda buyurtmachilarga ham, yetkazib beruvchilarga ham to‘sqinlik qilmaydigan, aksincha ko‘maklashadigan qoidalar va normalarni ishlab chiqish muhim vazifa hisoblanadi. Endilikda, ushbu hujjatlar xarid jarayonining ishtirokchilari tomonidan berilayotgan barcha muammoli savollarga javob bera oladigan aniq protseduralar ishlab chiqilishi bilan muhimdir, deb aniq ishonch bilan ayta olaman.

Uch kunlik tadbir davomida qonun va qaror loyihasini muhokama qilish bilan birga, 2025 yilgacha bo‘lgan davrda davlat xaridlari tizimini rivojlantirish konsepsiyasining dastlabki tuzilishining muhokamasi bo‘lib o‘tdi, shu bilan bir katorda uning prezentatsiyasi xam o‘tkazili. Shuningdek, tanlov savdolari, tanlov orqali saralash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid bo‘yicha ilovalarni ham muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda ishtirokchilar qaror va ilovalar loyihasi bilan joriy etiladigan normalar va qoidalarni muhokama qildilar. Shuningdek, davlat xaridlari sohasida raqobat, shaffoflik, hisobdorlikni ta’minlash, davlat xaridlarning tejamkorligi va samaradorligini oshirish masalalari, hozirgi davlat xaridlari amaliyotida vujudga kelayotgan muammolarni hal etish yo‘llari ko‘rib chiqildi.

***

«O‘zbekistonda byudjet tizimi isloxoti» loyihasi (BSRP) – BMT Taraqqiyot Dasturi hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining qo‘shma loyihasi bo‘lib, byudjet tizimini boshqarish samaradorligini oshirish, hisobdorlikni yo‘lga qo‘yish va bu borada shaffoflikka erishish yo‘lidagi islohotlarni amalga oshirish sohasida salohiyatni mustahkamlashga qaratilgan.

Loyiha o‘rtacha muddatli natijaga yo‘naltirilgan byudjet strategiyasi va byudjetlashtirish metodologiyasi ishlab chiqilishida ko‘maklashish, davlat xaridlarining samarali va shaffof tizimini ta’minlash uchun huquqiy, normativ va regulyativ bazani yaxshilash, shuningdek islohotlarni amalga oshirishda davlat xizmatchilarining salohiyatini oshirishga qaratilgan bir qancha tashabbuslarni amalga oshiradi.

# # #

Contact Information

Қўшимча маълумот учун мархамат мурожаат қилинг:

Малика Тойжонова, жамоатчилик билан алока мутахассиси,

БМТ Тараққиёт Дастурининг «Ўзбекистонда бюджет тизими ислоҳоти» лойихаси

тел: +(998 71) 239 48 61,+(998 90) 320 50 04