Mahalliy boshqaruv tadbirlari natijalari

2014 Yanvar 14

image

2014 yilning yanvar oyida Jizzax va Namangan viloyatlari hokimliklarida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va BMT Taraqqiyot dasturining “Mahalliy boshqaruv tizimini qo‘llab-quvvatlash: fuqarolik ishtiroki va hamkorlik” qo‘shma loyihasining vakillari va viloyat faollari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda 2010-2013 yillar davomida BMTTD loyihasining faoliyati natijalari muhokama qilindi.

Davlat boshqaruvi tizimini mustahkamlashga ko‘maklashish BMT Taraqqiyot dasturi faoliyatidagi eng muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Hozirgi kunda BMTTD tomonidan dunyoning 124 ta davlatida 500 ga yaqin loyihalarni amalga oshiralayotgan bo‘lib, ular davlat va mahalliy boshqaruvni isloh qilishning turli jabhalarini o‘z ichiga oladi. Oxirgi yillarda O‘zbekistonda BMTTD mahalliy davlat boshqaruvi organlari faoliyatining samaradorligini oshirish, ularning ochiqligi va hisobdorligini ta’minlash borasida yordam ko‘rsatib kelmoqda.

BMTTD loyihasining asosiy maqsadi davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, birinchi navbatda, viloyat va shahar/tuman hokimliklarining huquqiy, texnik va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, ularning faoliyati haqida aholini xabardor qilish, davlat tomonidan, xususan, “elektron hukumat” unsurlarini tatbiq qilish hisobiga aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifatini oshirishdan iboratdir.

O‘tgan 3,5 yil davomida BMTTD loyihasi tomonidan tajriba ostidagi viloyatlar hokimliklari, tegishli vazirliklar hamda idoralar bilan hamkorlikda ma’lum natijalarga erishildi. Xususan, moliya vazirligi bilan birgalikda o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra ekspertlar tomonidan mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining byudjet vakolatlarini mustahkamlash bo‘yicha qator taklif va ko‘rsatmalar ishlab chiqildi. Bunday takliflarning ba’zilari me’yoriy-huquqiy hujjatlarda o‘z aksini topdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 25 dekabridagi №1887-raqamli Qarori bilan davlat to‘lovlari, yig‘imlar, soliq va sud organlari jarimalarining bir qismi Respublika byudjetidan mahalliy byudjetga o‘tkaziladigan bo‘ldi. Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari X. Jalolov ta’kidlaganidek, «Natijada 2013 yilda Namangan viloyatining mahalliy byudjetiga qo‘shimcha 19.8 milliard so‘m mablag‘ kelib tushdi va bu mablag‘lar hududdagi ijtimoiy sohalarga sarflandi».

Jizzax va Namangan viloyatlari, Jizzax va Namangan shaharlari, Zomin va Yangiqo‘rg‘on tuman hokimliklarida aholini doimiy ravishda mahalliy davlat boshqaruvi organlari faoliyati haqidagi axborot bilan ta’minlash maqsadida zamonaviy Axborot xizmatlari tashkil etildi. “Davlat hukumati va boshqqaruv organlarning faoliyati ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini sinash bo‘yicha Buxoro va Samarqand viloyatlarida amalga oshirilgan huquqiy eksperiment doirasida Axborot xizmatlarining amaliy tajribasidan foydalanildi. Axborot xizmatlari xodimlari uchun “Jamoatchilik bilan samarali muloqot” nomli amaliy qo‘llanma ishlab chiqilib, barcha vazirliklar, idoralar va hokimliklarga foydalanish uchun tarqatildi.

Shu bilan birga, uchrashuvlar davomida, mamlakatimizda “Elektron hukumat”ni joriy qilish bo‘yicha Hukumat dasturini amalga oshirish doirasida BMTTD tomonidan ko‘rsatilgan ko‘mak va qilingan ishlar batafsil yoritib berildi. Xususan, Jizzax va Namangan viloyatlarining 27 nafar hokimliklarida zamonaviy «e-Hujjat» elektron-raqamli hujjat almashinuvi tizimi o‘rnatildi. Hokimliklarning 300 dan ortiq xodimlari elektron-raqamli imzolar bilan ta’minlanib, maxsus AKT malakalari bo‘yicha o‘qitildi. «Hozirda biz elektron hujjat almashinuvi tizimisiz qanday ishlashimizni tasavvur ham qilolmaymiz. Ushbu tizimidan foydalanish ishimizning tezkorligi va samaradorligini birmuncha oshirdi. Chunki, avvallari tumanlarga hujjatlarni jo‘natish bir necha kunga cho‘zilgan bo‘lsa, hozir hujjatlar Internet vositasida bir onda yuborilmoqda. Bundan tashqari, hozirda qog‘ozni ancha miqdorda tejashga erishmoqdamiz», - deya ta’kidlaydi Jizzax viloyat hokimligining umumiy bo‘limi xodimasi Feruza Karimova.

Aholiga ko‘rsatilayotgan interaktiv davlat xizmatlarining sifatini oshirish maqsadida Jizzax va Namangan shaharlarida Yagona oyna markazlari (YaOM) tashkil etildi. Hozirgi kunda loyiha tomonidan, Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda YaOM bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi ishlab chiqilayotgan bo‘lib, unda YaOM tizimini butun Respublika bo‘ylab joriy qilish va uning huquqiy statusi hamda moliyalashtirish manbasini aniqlash nazarda tutilgan.

Shuningdek, BMTTD loyihasi tomonidan Jizzax viloyatining Zomin tumani misolida qishloq turizmini rivojlantirish modeli ishlab chiqdi. “O‘zbekturizm” MKning Jizzax viloyatdagi raisi Lola Sanayeva aytib o‘tganidek, «BMTTD loyihasi mehmon uylaridagi sanitariya-gigiyena sharoitlarini yaxshilash, mehmon uylarining egalarini maxsus kurslarda o‘qitish, diqqatga sazovor joylarda axborot bannerlari va yo‘l ko‘rsatkichlarini o‘rnatish, Zomin sayohat hududini ijtimoiy tarmoqlarda va xalqaro sayohat yarmarkalarida targ‘ib etish bo‘yicha bir qator tadbirlarda katta yordam berdi».

Umuman olganda, Hukumat BMTTD qo‘shma loyihasining natijalarini ijobiy baholab, uni 2017 yilga qadar uzaytirishga va yangi tajriba hududi sifatida Toshkent viloyatini kiritishga rozilik berdi.

BMTTD loyihasi ikkinchi bosqichining asosiy yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilandi:

·        Joylarda hududlarning va xususiy tadbirkorlikning barqaror rivojlanishi;

·        Davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish;

·        Mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiqligi va hissobdorligini oshirish;

·        Joylarda davlat xizmatchilari faoliyatini takomillashtirish va ularning salohiyatini mustahkamlash;

·        Mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari byudjet vakolatlarini mustahkamlash.

Uchrashuvlar davomida viloyat faollari BMTTD qo‘shma loyihasining erishgan natijalarini ko‘rib chiqib, uning ikkinchi bosqichidagi faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z takliflarini berdilar.

Tadbirlarda Namangan va Jizzax viloyat hokimlarining o‘rinbosarlari, senatorlar, mahalliy xalq deputatlari Kengashlarining a’zolari, viloyat, shahar va tuman hokimliklari, vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalari, nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT), xususiy tadbirkorlik va mahalliy OAV vakillari ishtirok etdilar.