Hudud ekologiyasini qanday qilib yaxshilash mumkin: Nukus shahridagi kollej oʻquvchilari oʻz loyihalarini taqdim etdilar

28-May, 2019

“Biz va ekologiya” - Nukusdagi 22-, 32-, 33- va 34- oʻrta maktablar qoshida boʻlib oʻtgan ekologik aktsiya atrof-muhitni saqlashni istagida boʻlgan 244 nafar oʻquvchini birlashtirdi.

- Odamlar hozirgacha tabiatga masʼuliyatsizlik bilan munosabat bildirishmoqda, biz shundoq ham ekologik noqulay sharoitda yashayapmiz. Atrof-muhitga beeʼtiborli boʻlishimiz ushbu vaziyatni yanada ogʻirlashtirmoqda. Noxush ekologiya aholi orasida onkologik va endokrinologik kasalliklarni oʻsishiga olib keldi, alohida olingan oilalalar va, umuman davlat iqtisodiyotiga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Hozirgi vaqtda biz plastik haltalar, plastmassa buyumlar va mahsulotlarning koʻplab chiqindixonalariga duch kelmoqdamiz, ularni chirishi uchun esa 200 yildan ortiq vat kerak boʻladi.

Jamoatchilikni atrof-muhit muhofazasiga eʼtiborini qaratish, oiladan boshlab har bir insonda ekologik madaniyatni shakllantirish lozim, - deya qayd etdi Nukusdagi kompyuter va axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji oʻquvchisi Li Irina va aksiya davomida ekologik vaziyat haqida hudud aholisi oʻrtasida xabardorlik juda ham pastligi muammosi haqida soʻzlab berdi.

Irina va uning kursdoshlari Gyuzel Xasanova va Islom Sharipov joriy yilning may oyida Qoraqalpogʻiston poytaxtida UNICEF va “Yuksalish” jamoatchilik harakati koʻmagidagi “Yoshlarning hukumat bilan maslahatlashuvlari” loyihasi doirasida tashkil etilgan “Yoshlar ovozi muhim” nomli treningning ishtirokchilaridir. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, “Yuksalish” jamoatchilik harakatining Qoraqalpoq boʻlimi va Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar Ittifoqining Qoraqalpoq boʻlimi mazkur tadbirni oʻtkazishda hamkorlik qilishdi.

Yoshlar trening mavzusiga katta qiziqish bildirishdi va qadrdon oʻlkalarining ekologiyasini saqlash, Orolboʻyi aholisida ekologik bilimdonlikni oshirish boʻyicha qator gʻoyalarni taklif qilishdi. BMTning “Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik fondini tashkil qilish orqali Orol fojiasidan zarar koʻrgan aholining turmush sharoiti salohiyatini mustahkamlash” qoʻshma loyihasi va BMT Taraqqiyot Dasturining Gidrometeorologiya xizmati va BMTning doiraviy konvensiyasining Adaptatsion fondini moliyaviy koʻmagidagi “Oʻzbekistonning qurgʻoqchil hududlarida joylashgan fermer va dehqon xoʻjaliklarining iqlimiy barqarorligini taʼminlash” loyihasi ushbu tashabbusni qoʻllab-quvvatladi.

Ekologik aksiya ikki kun davom etdi. Birinchi kuni ekologiya masalalari boʻyicha axborot kampaniyasi oʻtkazildi, bolalarning bu boradagi bilimlari dastlabki baholashdan oʻtkazildi, undan keyin esa hududdagi atrof–muhitga tegishli boʻlgan muammolar aniqlanib muhokama qilindi. Maktab oʻquvchilari oʻz oʻquv muassasalarida ekologik klublarni tashkil qilishni taklif etishdi.  Tadbirning ikkinchi kuni BMTTDning agro va suv tejamkorligi amaliyotlari boʻyicha loyihasi mutaxassisi Baxit Aybergenov eko-klublar aʼzolari uchun mahorat darslari oʻtkazdi va oʻsimliklarni tomchilatib sugʻorish boʻyicha tajribalar bilan oʻrtoqlashdi.

- Orol dengizi inqirozi va iqlim oʻzgarishi oqibatlari bilan bir qatorda hududda suv resurslarini yetishmasligi keskin sezilmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, qishloq xoʻjaligi va atrof muhitga jiddiy taʼsir koʻrsatmoqda. Shuning uchun oʻsimliklarni sugʻorishda suvni tejash juda ham muhim. Masalan, tomchilatib sugʻorish texnologiyasini ishlatgan holda oddiy usulga qaraganda suv sarfini ikki marotabaga qisqartirish mumkin. Bu texnologiya juda ham oddiy va uni ishlatish oson, u qurgʻoqchilik havfi kuchli boʻlgan sharoitlarda ham qishloq xoʻjaligidagi barqarorlikni taʼminlash imkonini beradi, - deydi Oʻzgidromarkaz, BMTTD va Adaptatsion jamgʻarmasi loyihasining mutaxassisi Baxit Aybergenov.

- Bizning 34-maktabimiz hududida jami 54 xildagi  turli manzarali va meva daraxtlari oʻsayotgan 8ta kichik bogʻ bor. Ularni barchasi oʻqituvchilar va oʻquvchilarning harakatlari bilan yaratilgan. Menimcha, agarda maktabimizda ekologik klub tashkil etilsa, unga kichik sinflardan boshlab koʻplab oʻquvchilar qoʻshilgan boʻlardi. Mahorat darsi mobaynida bolalar koʻplab qiziqarli va foydali narsalarni bilib olishdi, asosiysi, endilikda ular qanday qilib suv va mablagʻlarni tejashni va bu nima uchun muhimligi haqida maʼlumotga ega, - deydi Oralxan Saparova, Nukus shahridagi 34-maktab direktori.

- Men 33-oʻrta maktabining 7-sinf oʻquvchisiman. Bugungi tadbir atrof muhitni himoya qilishda faol ishtirok etish ishtiyoqini uygʻotdi. Odam oʻzidan boshlashi kerak, masalan xonadonda, sinfda va jamoat joylarida tozalikka rioya qilishi kerak. Men ham maktabaimizdagi ekologik klub faoliyatida qatnashishni istayman, oʻsimliklar, daraxtlarni parvarish qilaman, tengqurlarimga ham uyda, ham maktabda tozalikka rioya qilish zarurligi haqida soʻzlayman, - deya oʻz fikri bilan oʻrtoqlashdi 33-maktabning 7-sinf oʻquvchisi Qozibayev Miyras.    

Aksiya natijalariga koʻra, toʻrtta maktabning barchasida ekologik klublar tashkil etildi. Oʻquvchilar tashabbusni bajonidil qoʻllashdi va oʻz tengdoshlari orasida ekologiyaga gʻamhoʻrlik qilish boʻyicha asosiy gʻoyalarni ilgari surish va bu borada tadbirlar oʻtkazish istagini bildirishdi.

- BMT koʻngillilari Qoraqalpogʻistonning oʻquv muassasalarida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalarida faol maʼrifiy ishlarni olib borishmoqda. Yoshlar atrof-muhit muhofazasida harakatlantiruvchi kuch boʻlishi mumkin. Shu asnoda “Biz va ekologiya” ekologik aksiyasini oʻtkazish gʻoyasi vujudga keldi. Maktablarda tashkil etilgan ekologik klublar oʻquvchilarning hududlarni koʻkalamzorlashtirish boʻyicha bilimdonligi va koʻnikmalarini oshirishga yordam beradi. Hududimizning ekotizimini saqlash boʻyicha bu va boshqa tashabbuslar BMTning masʼuliyatli isteʼmol va ishlab chiqarish – 12, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash – 13, va 15-maqsad – quruqlik ekotizimini saqlash kabi Barqaror Rivojlanish Maqsadlariga erishish ishlariga muhim hissa boʻladi, – deb hisoblaydi Gulnora Japakova, BMT Koʻngillilari treninglarini muvofiqlashtirish boʻyicha BMTning qoʻshma dasturi mutaxassisi.

BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi milliy va xalqaro hamkorlar bilan birgalikdagi faoliyati iqlim oʻzgarishining ehtimolli oqibatlarini yumshatish, biologik xilmaxillikni saqlash, energiyaning qayta tiklanuvchi manbalaridan foydalanish usullarini ilgari surish, hamda eng yaxshi xalqaro amaliyotlarni inobatga olgan holda yer va suv resurslaridan oqilona foydalanishga yoʻnaltirilgan.