BMTTD davlat moliyasini boshqarishni isloh qilishga koʻmakloshmoqda

10-September, 2018

Davlat moliyasi shaffofligi Oʻzbekistonda davlat moliyasini boshqarishni isloh qilishning tobora muhim yoʻnalishiga aylanib bormoqda. 2017 yildan boshlab BMTTDning “Oʻzbekiston Respublikasida davlat moliyasini boshqarishni isloh qilishga koʻmaklashish” loyihasi xalqaro baholarni sharhlash va jahonning eng yaxshi amaliyotini namoyish etish orqali fiskal transparentlikni tanitib keldi, Oliy Majlisga Davlat byudjetini taqdim etish formatini oʻzgartirish va dasturiy tasnif ishlab chiqish boʻyicha takliflar kiritdi. Moliya vazirligi bilan yaqin hamkorlikda va Toshkentdagi Buyuk Britaniya elchixonasining moliyaviy koʻmagida BMTTD loyihasi tomonidan “Fuqarolar uchun byudjet 2018” axborot nashri hamda byudjet va byudjet jarayoni boʻyicha qator infografikalar tayyorlandi, “Ochiq byudjet” portalini ishlab chiqish boshlandi.

BMTTD loyihasining tashabbuslari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Byudjet maʼlumotlarining ochiqligini va byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018 yil 22 avgustdagi PQ–3917-son Qarorida aks etgan. Ushbu Qarorda fiskal shaffoflikni kengaytirish boʻyicha quyidagi aniq vazifalar belgilab olingan:

(1) Oliy Majlisga Davlat byudjetini taqdim etishning yangi formatlari va uni qonun bilan tasdiqlash, axborotlarni ajratib koʻrsatish;

(2) soliq va byudjet siyosatining, Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlari loyihalarining asosiy yoʻnalishlarini, shuningdek ularni ijro etish toʻgʻrisidagi hisobotlarni eʼlon qilish va keng muhokama qilish;

(3) “Fuqarolar uchun byudjet” axborot nashrini chop etish;

(4) “Ochiq byudjet” portalini ishga tushirish va muntazam qoʻllab-quvvatlash;

(5) byudjet mablagʻlarini taqsimlashga fuqarolarni jalb qilish mexanizmini joriy etish;

(6) yangi byudjet tasnifini ishlab chiqish va tasdiqlash, byudjet hisobini xalqaro standartlarga moslashtirish. Mazkur tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash va ularga sodiqlikni tasdiqlash maqsadida Murojaatnomada xalqaro baholashlarni (PEFA) oʻtkazish va 2020 yildan boshlab Byudjet ochiqligi indeksi boʻyicha reytingda ishtirok etish nazarda tutilgan.

BMTTD loyihasi bundan buyon ham qoʻyilgan vazifalar bajarilishini qoʻllab-quvvatlaydi, jumladan 2019 yilgi byudjet loyihasi asosida “Fuqarolar uchun byudjet” tayyorlashga va chop etishga, “Ochiq byudjet” portalini ishlab chiqishga hamda fuqarolarni byudjet jarayoniga jalb qilish mexanizmlarini joriy etishga koʻmaklashadi.