O‘zbekistonning investitsiya jozibadorligini qanday oshirish mumkin?

Tue Dec 26 00:00:00 EST 2017

O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalarini jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga oid ikki kunlik seminarda manfaatdor vazirliklar va idoralar, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarining 40 nafar vakili ishtirok etdi. Taklif etilgan ma’ruzachilar sifatida Osiyo va Tinch okeani uchun Iqtisodiy va ijtimoiy komissiyaning (OTOIIK) xalqaro ekspertlari minbarga chiqdilar.

Seminarni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad investitsiya muhitini shakllantirishga jalb qilingan vazirliklar va idoralarning xodimlarini biznes yuritish va investorlar bilan ishlashning eng ilg‘or xalqaro amaliyotlari bilan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.

Ma’rifiy seminar O‘zbekistonning umumiy investitsiyaviy sur’atini aniqlash, investitsiyalarni jalb qilish va muvofiqlashtirishning huquqiy va institutsionla masalalari, Davlat investitsiyalar qo‘mitasi va boshqa idoralarning faoliyati samaradorligini oshirish kabi qator mavzularga doir to‘qqizta sessiyadan tashkil topdi. Tadbirda mamlakat imidjini yaxshilash va investitsiyalarni rag‘batlantirish bo‘yicha strategiyani shakllantirish, jumladan, vebsaytlar, ijtimoiy tarmoqlar orqali ilgari surish uchun vositalar, targeting va boshqa axborot uzatish vositalaridan foydalanishga alohida e’tibor qaratildi.

Azamat Fayziyev, «Navoiy» EIZ Direksiyasi direktori:

"Bu kabi seminarlarda birinchi ishtirokim emas, ammo mazkur tadbirda investitsiyalarni jalb qilish vositalari, jumladan vebsayt va ijtimoiy tarmoqlar bilan haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘ldim. Shuningdek, investor bilan keyingi hamkorlikni nazarda tutuvchi «aftercare» yondashuvi haqida bilib oldim. Bugungi kunda biz ko‘proq investitsiyalarni jalb qilishga e’tibor qaratamiz, ammo investor bilan keyingi aloqani qo‘llab-quvvatlash usullarini ham rivojlantirish vaqti keldi. Bundan tashqari, ma’ruzachilarni tinglab, EIZ tomonidan investorlar uchun ruhsat berish hujjatlari, litsenziyalarni olish va boshqa tartib-tamoyillarni yengillashtiruvchi keng ko‘lamli xizmatlar taqdim etilishi ta’minlanishi zarurligini tushunib yetdim".

Valentin Kotov, Bank-moliya akademiyasi:

"Ma’ruzachilar boy xalqaro tajriba va investitsiyalarni jalb qilish ko‘lamlarini kengaytirish uchun mavjud imkoniyatlarni ko‘rsatib berdilar. Ushbu seminar davom etishi va O‘zbekistonning alohida hududlarida o‘tkazilishini istardim. Hozirda mazkur yo‘nalishda ko‘plab ishlar amalga oshirilayotganiga qaramay, viloyatlarda investitsiyalarni qanday jalb qilishni tushunish bilan bir qatorda, ularni o‘zlashtirish va mamlakat imidjini ko‘tarish haqida ham ma’lumotga ega bo‘lishlari zarur. Viloyatlarda investorlarga nisbatan munosabatning o‘zgarishi va ular tomon yuz burilishi, idoralararo masalalar haqida emas, balki ushbu investitsiyalar yordamida mamlakat salohiyatini oshirish, taraqqiyotni jadallashtirish va imidjni yaxshilash haqida o‘ylash uchun sharoitlar yaratilishi muhim."

Dalida Yunusova, Davlat investitsiyalar qo‘mitasining bosh mutaxassisi:

"Men Investitsiya siyosatini shakllantirish boshqarmasida ishlayman. Bizning vazifamiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish uchun vositalarni joriy etishdan iboratligini inobatga olsak, eng yaxshi xalqaro tajribalarni namoyon etgan ushbu seminar men uchun foydadan holi bo‘lmadi. Biz nafaqat nazariy bilimlarga ega bo‘ldik, balki Singapur, Malayziya kabi Osiyo davlatlarining tajribasi, ular to‘qnash kelgan muammolar va ularning yechimlari haqida tingladik. Ma’ruzachilar qisqa muddat ichida investitsiya jozibadorligini qanday oshirish, O‘zbekiston uchun bugungi kunda nima dolzarbligi haqida tavsiyalar va umumiy yo‘nalishlar berdilar."

Shavkat Abdusattorov, «Oxangaron» KSZ direktori:

"O‘zbekistonning investitsiyalar sohasidagi qonunchiligini xalqaro me’yorlar bilan taqqoslab beradigan seminar o‘tkazilishini istardim. Zero, bu milliy qonunchilik qoidalarini xalqaro tajriba bilan muvofiqlashtirish imkonini bergan bo‘lardi".

Seminar 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasining ustuvorliklaridan biri, shuningdek BMTga a’zo davlatlar tomonidan qabul qilingan Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish yo‘llaridan biri hisoblangan iqtisodiyotni liberallashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar doirasida o‘tkazildi.

Seminar Davlat investitsiyalar qo‘mitasi tomonidan Osiyo va Tinch okeani uchun Iqtisodiy va ijtimoiy komissiya (OTOIIK) va “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini takomillashtirish” BMTTD loyihasi ko‘magida tashkil etildi.

***

BMTTD hukumatning xususiy sektorni rivojlantirish, mamlakatning investitsiya jozibadorligi va eksport salohiyatini oshirish yordamida barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash sohasidagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi.