Ilg‘or uslublarga tayanib gilos yetishtirishni qanday yaxshilasa bo‘ladi?

Fri Dec 15 00:00:00 EST 2017

O‘zbekiston dunyoda gilos yetishtiruvchi 40 mamlakatlar ro‘yxatiga kiradi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston gilos yetishtirish bo‘yicha dunyo peshqadamlarining 10taligiga kiradi[1], yiliga yetishtirilayotgan 100 ming tonna gilosning kamida 30% xorij va MDH davlatlariga eksport qilinmoqda[2].

Yakinda BMTTD Tashqi savdo vazirligining qo‘magida qishloq xo‘jalik korxonalarining gilos yetishtirish va eksport qilish imkoniyatlarini yaxshilash, tashqi bozorlarga chiqishlarida yengillik yaratish hamda qishloq xo‘jaligini boshqarishda ilg‘or uslublarni tadbiq qilish maqsadida Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida “Gilos yetishtirishning zamonaviy usullari” mavzusida amaliy seminar-treninglar tashkil etdi.

Ishtirok etgan 70ga yaqin fermer xo‘jaliklar, agrofirma vakillari hamda giloschilikka qiziqqan bog‘bonlar trener Shuxrat Abrorovdan dolzarb maslahatlar va amaliy ko‘nikmalar olishdi. Gilos mevagullarining aksariyati to‘kilib ketishi, olingan hosil yorilishi yoki qo‘shaloq bo‘lib qolishi, kuchli shoxlaxshda kam hosil berishi shular jumlasidandir. Ayrim ishtirokchilar uchun esa mevali daraxtlarning hosildorligini oshirish maqsadida avgust-sentyabr oylarida butalishi umuman yangilik bo‘ldi.

Shuningdek, gilosning yuqori hosil beruvchi navlarini tanlash, yetishtirishdagi agrotexnik tadbirlar, shakl berish usullari, zararkunandalar bilan kurashish, hosilni yig‘ish va saqlash shartlari ham seminar jarayonida batafsil muhokama qilindi.

“Bog‘dorchilik sohasida ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lishimga qaramasdan, treningda berilgan ma’lumotlar men uchun juda muhim bo‘ldi. Ayniqsa, hosilni o‘stirishdagi butash bilan hosildorlikni oshirishdagi butash farqlarini ko‘rish, sug‘orish xususiyatlarini batafsil tushuntirilishi men uchun juda qiziqarli va ahamiyatli bo‘ldi. So‘nggi yillarda bog‘imizda, har qancha harakat qilmayin, gilos daraxatlarining aksariyati gullarini to‘qib yuborishi tufayli, hosildorlik tushib ketmoqda edi va men seminarda aynan shu masalaning ehtimoliy sabablari va yechimlarini topdim”,- deydi ishtirokchilardan biri Safiyaxon Abduxolikova.

Seminarning nazariy qismida, ishtirokchilar bog‘ barpo qilishda gilos va ularning navlari va payvandtaklarini tanlash, ularni ekish, o‘g‘itlash hamda sug‘orish talablari bo‘yicha bilimlar oldilar. Shuningdek, daraxtlarga shakl berish va kesish, zararkunadalar bilan kurashish, hosilni yig‘ish va saqlashga alohida e’tibor qaratildi.

Amaliy qismda, ishtirokchilar bog‘ shakllantirish va giloslarni kesish borasidagi mavjud amaliy ko‘nikmalarini yaxshilab, sug‘orish xususiyatlari va o‘g‘itlash me’yorlari haqida qiziqarli ma’lumotlar olishga muvaffaq bo‘ldilar.


 

[1] FAOSTAT ma’lumotiga ko‘ra

[2] UzAgroExport Tashqi savdo kompaniyasiga ma’lumotiga ko‘ra