«Demo Day»: «Startap-tashabbuslari 2017» dasturining final ishtirokchilari bilan tanishing

Tue Dec 12 00:00:00 EST 2017

Yoshlarning startap-tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga oid uch oylik dasturning ikkinchi davri «Demo Day» maxsus tadbiri bilan yakunlandi.

Dasturda ishtirok etish uchun ariza yuborgan 419 ta jamoadan 40 tasi saralab olinib, ulardan 19 ta jamoa ikkinchi davrning final bosqichiga yetib keldi. Faqatgina 12 ta final ishtirokchisi «Demo Day» tadbirida istiqboldagi investorlar va manfaatdor tashkilotlarga o‘z startap-loyihalarini taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Maxsus hakamlar hay’ati tomonidan jamoalarning taqdimotlari natijalari bo‘yicha oqilonalik va talabgorlik, amaliy tatbiq etish darajasi, texnologik yangiligi va jamoaning ko’nikmasi kabi qator mezonlarga javob beradigan bir nechta loyihalarni rag‘batlantiruvchi sovg‘alarni topshirish uchun tanlab olindi.

Birinchi o‘rin uchun sovrin «Unibot 3DPrinter» loyihasiga topshirildi.

«Unibot 3DPrinter» - turli vazifaga mo‘ljallangan 3D-printerlarni ishlab chiqarish, 3D-printerlar uchun xomashyo tayyorlash, 3D-bosib chiqarish va 3D-printerlarni ta’mirlash xizmatlarini taqdim etish kabi vazifalarni qamrab oladi. Ma’lumotni qog’ozga bosib chiqaradigan oddiy printerdan farqli ravishda, 3D-printer uch o‘lchamli ma’lumotni chiqarish, ya’ni ma’lum jismoniy ob’ektlarni yaratish imkonini beradi. Uch o‘lchamli bosma salohiyatidan keng ko‘lamda foydalanish yangi mahsulotlar va ularning butlovchi qismlari namunalarini yaratish va tekshirish, mablag‘ va vaqtni tejash, shuningdek unumdorlikni oshirish imkonini taqdim etadi.

Ikkinchi o‘rinni ikkita jamoa - «Milliyrasmlar.uz» va «Talker» bo‘lishib oldilar.

«Milliyrasmlar.uz» – milliylik xususiyatlari bilan o‘zaro bog‘langan professional va havaskor foto-suratchilarning suratlaridan iborat o‘ziga xos portaldir. Ushbu portal o‘zbek xalqining milliy qadriyatlarini targ‘ib qilish, shuningdek suratchilarning daromadini yanada oshirishga xizmat qiladi.

«Talker» – eshitish va nutq nuqsoniga ega odamlarga atrofdagilar bilan o‘zaro munosabatga kirishi hamda xizmatlar va ma’lumotlardan teng ravishda foydalanishga yordam beradigan xizmat turidir.

Uchinchi o‘ringa «BestTest.uz» loyihasining jamoasi loyiq topildi.

«BestTest.uz» — abituriyentlar 3 soatu 20 daqiqa ichida o‘zlari tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha davlat kirish imtihonlariga maksimal darajada yaqinlashtirilgan onlayn test sinovidan o‘tishlari mumkin bo‘lgan veb-sayt. Test yakunlangach abituriyent har bir fan bo‘yicha tayyorgarlik darajasini baholashi, shuningdek istiqboldagi raqiblarining soni va tayyorgarlik darajasini ko‘rishi mumkin. 

Final bosqichga o‘tgan barcha loyihalar tadbir ishtirokchilari investorlar va manfaatdor tashkilotlar orasida tarqatilgan mahsus broshyuraga kiritilgan.

«DemoDay» tadbirida taqdim etilgan startap-loyihalar - «Starap-tashabbuslar» Dasturi ishtirokchilarining uzoq vaqt olib borgan ishining natijasidir. Uch oylik dastur doirasida ishtirokchilar trekerlar (shaxsiy murabbiylar) rahbarligi ostida o‘z loyihalari gipotezalarini sinovdan o‘tkazdilar, minimal ishchi modellarini yaratib, ularni amaliyotda tekshirib ko‘rdilar, maqsadli auditoriyani o‘rganib, tavsiyalarni oldilar, dastlabki “qo‘l” sotuvini sinovdan o‘tkazib, loyihaning kamchiliklarini tahlil qildilar va ularni takomillashtirdilar.

Dastur ishtirokchilari «tejamkor startap» (Lean Startup) uslubiyatini izohlash, startapni rivojlantrish va muvaffaqiyatli biznesga aylantirish asoslarini o‘rganishga qaratilgan besh kunlik ish seminarida ishtirok etdilar. Shuningdek, qo‘shimcha tarzda biznesni ro‘yhatdan o‘tkazishning yuridik masalalari, soliqqa tortish va intellektual mulk muhofazasi masalalari, texnopark, innovatsion markaz va Yuksak texnologiyalar markazining imtiyozlari bo‘yicha to‘qqiz nafar ekspert ishtirokida mahorat darslari tashkil etildi.

O‘zbekistondagi muvaffaqiyatli tadbirkorlar, jumladan, StartupFactory tashkilotchilari, MyTaxi, Paynet, LeBazar, Korzinka.uz asoschilari, O‘zbekistondan Amazon kompaniyasiga sotilgan birinchi startapning asoschisi, to‘lov tizimlarining mutaxassislari ma’ruzachilar, murabbiylar va trekerlar sifatida o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

“Startap-tashabbuslari” Dasturi “O‘zbekiston biznes-forumi (III-bosqich)” loyihasi doirasida Savdo-sanoat palatasi va BMTTD tomonidan Fan va texnologiyalar agentligi, Yoshlar ittifoqi, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi va «Sasol» kompaniyasi hamkorligida amalga oshirilmoqda.