Toshkent viloyatida fermerlarga ko‘mak sifatida to‘rtta meteostansiya o‘rnatilmoqda

Fri Oct 27 00:00:00 EDT 2017

Savdo-sanoat palatasi va BMTTD o‘rtasidagi “O‘zbekiston biznes-forumi (III-bosqich)” qo‘shma loyiha tomonidan Toshkent viloyatida qishloq xo‘jaligi meteostansiyalarini o‘rnatish hamda ushbu hududda joylashgan 800 ta fermer va dehqon xo‘jaliklarini agrotexnik tadbirlarni o‘tkazishga oid bepul professional tavsiyalar bilan ta’minlash bo‘yicha tashabbus yo‘lga qo‘yilmoqda.

Xususan, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaliklarining ulushi O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotida 17,6%ni tashkil etgani bois, oziq-ovqat xavfsizligi bevosita qishloq xo‘jaligi rivojlanishiga bog‘liqdir. Axborot texnologiyalari, jumladan IoT («Internet buyumlar»)ning joriy etilishi qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish, hosildorlikni ko‘paytirish, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish harajatlarini qisqartirish va ularning sifatini yaxshilash imkonini beradi.

Mazkur tashabbus doirasida axborot texnologiyalari asosida ishlaydigan qishloq xo‘jaligi meteostansiyalari Toshkent viloyatining Yangiyo‘l, O‘rta Chirchiq tumanlarida o‘rnatildi, hamda Parkent va Toshkent tumanlarida meteostansiyalar o‘rnatilib, 10000 gektardan ortiq hududni qamrab oladi.

Har bir meteostansiya yog‘ingarchilik hajmi, havo va tuproq harorati, havo, tuproq va bargning namlik darajasi, shamol tezligi va yo‘nalishi kabi qator ko‘rsatkichlarni o‘lchiydigan bir nechta datchiklar bilan jihozlangan. To‘plangan ma’lumotlar asosida kasalliklar va zararkunandalarning yuzaga kelishi xatarlari, himoya vositalari bilan profilaktik ishlov berishni o‘tkazish muddati, shuningdek sug‘orish vaqti va ketma-ketligi hisoblanadi.

Tender tanlovi asosida belgilangan Toshkent viloyati Toshkent tumani Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yerlarining egalari kengashi qoshidagi «Konsulting Madad Hamkor» konsalting kompaniyasi meteoma’lumotlar tahlilini o‘tkazib, muntazam ravishda bog‘bonlarning uyali telefonlariga yetti turdagi ekin uchun kasalliklar va zararkunandalarga qarshi kurashish bo‘yicha agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish zaruriyati haqida tavsiyalar yuboradi.

Agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va samarali olib borilishi tabiat, energiya va inson resurslaridan oqilona foydalanish imkonini beradi. Ushbu resurslarga harajatlarning qisqarishi agroekinlar yetishtirish tannarxining kamayishi, foydaning o‘sishini ta’minlab, tayyor mahsulot qiymati pasayishiga yo‘l ochadi.

Shu bilan birga, fermer va dehqon xo‘jaliklari muntazam konsultatsiya ko‘magidan tashqari, bog‘dorchilik bo‘yicha o‘quv treninglarida ishtirok etib, kasalliklar va zararkunandalarga oid ma’lumot hamda pista, danakli ekinlar va uzumni himoya qilish usullari yozilgan cho‘ntak kartochkalariga ega bo‘lishlari mumkin.

Aytish kerakki, birlamchi loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uning butun O‘zbekiston hududi bo‘ylab qo‘llanilishi imkonini beradi. Shu tariqa, «smart farm» («aqlli ferma») g‘oyasining joriy etilishi hamda xo‘jalik yuritish jarayonining to‘liq avtomatlashtirilishi uchun zamin yaratiladi.

Qishloq xo‘jaligini modernizatsiyalash va jadal rivojlantirish hamohangligidagi iqtisodiy o‘sish 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasi, shuningdek BMT a’zo-davlatlari tomonidan qabul qilingan Barqaror taraqqiyot maqsadlarini amalga oshirishning yo‘nalishlaridan biri sanaladi.

***

“O‘zbekiston biznes-forumi (III-bosqich)” loyihasi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va BMTTDning qo‘shma tashabbusi bo‘lib, onlayn xizmatlarni joriy etish, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, shuningdek inklyuziv biznes-modellarni rivojlantirish va targ‘ib qilish yo‘li bilan biznes yuritish uchun shart-sharoitlarni yaxshilashaga yo‘naltirilgan.