Oʻzbekistonning qishloq joylarida energiya samarador uylar quriladi

Fri Aug 25 00:00:00 EDT 2017

2017-yilning 25-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, BMTning Oʻzbekistondagi Taraqqiyot dasturi (BMTTD) tomonidan Global ekologik fondi granti asosida amalga oshiriladigan “Oʻzbekistonda energiya samaradorligi yuqori boʻlgan qishloq turar-joy binolari qurilishini rivojlantirishga koʻmaklashish” yangi loyihasi rasmiy ishga tushirildi. Loyihani amalga oshirishda vazirlik va idoralar, mahalliy hokimiyat organlari va joylardagi oʻzini oʻzi boshqarish idoralari, ilmiy va ta’lim muassasalari, banklar, loyihalash va qurilish tashkilotlari, qurilish materiallarini ishlab chiqaruvchi korxonalar, nodavlat tashkilotlar va birlashmalar, hamda fuqarolik jamiyati vakillari va loyiha doirasida namunaviy ishlar amalga oshirilishi belgilangan Toshkent, Fargʻona, Andijon, Namangan, Xorazm, Buxoro va Jizzax viloyatlaridagi qishloq fuqarolar yigʻinlari aholisi qatnashishi koʻzda tutilgan.

Loyiha 2017-2022-yillarda amalga oshiriladi, hamda Global ekologik fondi va BMTTD tomonidan 6,3 million AQSh dollari miqdorda texnik koʻmak ajratilishi belgilangan.

Oʻzbekiston Respublikasi BMTning iqlim oʻzgarishi boʻyicha doiraviy konvensiyasiga taqdim etgan uchinchi milliy xabarnomasiga muvofiq, binolar sektorida energiyaning katta qismi isteʼmol qilinadi - uylar va noturar joylarda yoqilgʻi yondirilishi natijasida havoga chiqariladigan issiqxona gazlarining umumiy ulushi 1990-yildagi 18 foizdan 2012-yilda 44 foizga oʻsgan. Bunga soʻnggi 20 yil mobaynida aholi sonining oʻsishi, turar joy fondi maydonining oshishi va infratuzilmani rivojlanishi natijasida yoqilgʻi iste’moli oʻsib borishi asosiy sabab boʻldi.

2016-yilning oxirida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2017-2021-yillarda Oʻzbekistonning qishloq joylarida takomillashtirilgan namunaviy uylar loyihalari asosida arzon turar joylar qurish boʻyicha yangilangan Dastur qabul qilindi. Dasturda energiya samaradorligi yuqori va past-uglerodli binolarni qurish uchun istiqbolli imkoniyatlarni ochadigan yangi yoʻnalishlar va vazifalar belgilandi, bu esa energiyani koʻproq tejashga va issiqxona gazlarini havoga chiqarilishini, ya’ni atrof muhitga salbiy ta’sirni qisqartirishni ta’minlaydi.

- Respublika energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi energetikani rivojlanitrish sohasida ulkan salohiyatga ega va bu salohiyatni yaxshilab oʻrganish va undan toʻgʻri foydalanish darkordir. Shuning uchun, biz qoʻshma loyihamizni muvaffaqiyat bilan amalga oshirilishidan juda ham manfaatdormiz, jumladan, BMTTDdek hamkorimiz va milliy tashkilotlar bilan birgalikda energiya samaradorligini oshirish va qishloqlardagi qurilishlarda yanada koʻproq energiya tejash masalalarini hayotga tatbiq etish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshiramiz, - dedi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Shuhratxoʻja Hoshimov.

Loyiha toʻrtta komponentdan iborat. Birinchi komponent doirasida qishloqlarda uylarni sotib olish uchun yashil ipoteka kreditlash mexanizmini ishlab chiqish va joriy etish rejalashtirilgan. Ishlab chiqarishning mahalliy moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va energiya samardorligi yuqori qurilish materiallaridan, hamda qayta tiklanuvchi energetika tizimlaridan (binolarning yoritish tarmoqlari uchun fotoelektrik stansiyalar), hamda energiya samarador va past-uglerodli qishloq uylarini loyihalash va qurishdagi salohiyatdan foydalanish loyiha ikkinchi komponentining asosiy vazifasi boʻladi. Uchinchisi me’yoriy-huquqiy bazani, jumladan, yangi energiya samardorligi yuqori qishloq uylarini va qishloq aholi punktlarini qurish va ulardan foydalanishga tegishli boʻlgan qurilish meʼyorlari va qoidalarini takomillashtirishga bagʻishlanadi. Toʻrtinchi komponent marketing vositalarini joriy qilish va rivojlantirishga, energiya samardorligi yuqori va past-uglerodli qishloq uylarining afzalliklari va foydalari haqida jamoatchilikni xabardorligini oshirishga yoʻnaltirilgan. Shunday qilib, ekologik-yashil-qurilish tamoyillaridan foydalangan holda qishloq uylarini qurishning sifat standartlariga yangicha yondashuv Oʻzbekistondagi qishloq joylarda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlida yana bir qadamni tashlash imkonini beradi.