Inson xavfsizligi Konsepsiyasi boʻyicha treninglar

Sat Aug 19 00:00:00 EDT 2017

Shu yilning 17-18-avgust kunlari Nukus shahrida Qoraqalpogʻiston Respublikasining davlat boshqaruvi organlari: hududiy vazirliklar mutaxassislari, Qoraqalpogʻistonning barcha tumanlari hokimliklari va jamoat tashkilotlarining jami 48ta vakili uchun treninglar boʻlib oʻtdi. Treninglarni oʻtkazishdan koʻzlangan maqsad Inson xavfsizligi Konsepsiyasida aks ettirilgan tamoyillarga urgʻu bergan holda hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sohalarida mashgʻul boʻlgan mutaxassislarning kasbiy koʻnikmalarini oshirishdan iborat edi.

Oʻzbekistondagi BMTning Taraqqiyot Dasturi O’zbekiston hukumatiga mahalliy boshqaruv samaradorligini oshirish, mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini yaxshilash, hisobotlarining ochiqligi va shaffofligi darajasini koʻtarish, hamda mahalliy boshqaruvda fuqarolar ishtirokini faollashtirish masalalarida koʻmak koʻrsatib kelmoqda. Orolboʻyi mintaqasi kesimida, yuzaga kelgan iqlim sharoiti va Orol dengizi inqirozini mahalliy aholi turmushiga taʼsirini inobatga olgan holda, iqtisodiy va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirish, hamda atrof muhitni muhofaza qilish uchun Inson xavfsizligi Konsepsiyasini mazkur jarayonlarga integratsiya qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Ishtirokchilarni BMTning Inson xavfsizligi Konsepsiyasi bilan tanishtirish jarayonida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasi dotsenti Muattara Rahimova  mazkur Konsepsiyaning insonlarni nafaqat turmush tarzini yaxshilashga, balki ijtimoiy, ekologik, iqtisodiy va madaniy tizimlarni yaratishga hamda har bir kishining oʻzi ustida ishlab hayot yoʻlini topishda koʻmaklashishga qaratilganini ta’kidlab oʻtdi.

BMTning “Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik fondini tashkil qilish orqali Orol fojeasidan zarar koʻrgan aholining turmush sharoiti salohiyatini mustahkamlash” Qoʻshma dasturi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasi koʻmagida tashkil etgan trening davomida ekspertlar, Inson xavfsizligi Konsepsiyasi tamoyillari va talablarini qoʻllagan holda, hududlarni rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqish va amalga oshirish masalalarini, hamda mazkur konsepsiyani Orolboʻyi hududi kesimida qoʻllashning afzalliklarini muhokama qilish imkoniga ega boʻldilar. Shuningdek, hududlarning rivojlanish dasturlarini moliyalashtirish masalalari koʻrib chiqildi. Joylarda rivojlanish dasturlarini amalga oshirish mobaynida ham ayollar, ham erkaklarni teng ishtirok etishi masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi.

- Men uchun bu juda ham ijobiy tajriba boʻldi, treninglar davomida qiziqarli va foydali ma’lumotlarga ega boʻldim. Tadbirda alohida e’tibor Inson xavfsizligi Konsepsiyasiga berilgan, bu esa Orol dengizining inqirozi bilan bogʻliq iqlim oʻzgarishini boshdan kechirayotgan mintaqa aholisi uchun katta ahamiyatga ega yondashuvdir. Menimcha, mahalliy rivojlanish rejalarini ishlab chiqishda Inson xavfsizligi Konsepsiyasi usullariga urgʻu berilishi joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash va mintaqaning eng chekka hududlarida ham rivojlanish sur’atlarini tezlashtirib, aholining salohiyatini oshirishga xizmat qiladi, - deydi Hojamuratova Feruza, Qoraqalpog'iston Iqtisodiyot vazirligining ijtimoiy rivojlanish boshqarmasi bosh mutaxassisi.

-  Yetakchi ekspertlar va mutaxassislar tomonidan inson xavfsizligi Konsepsiyasini qoʻllash, uning barqaror rivojlanishda tutgan oʻrnini aniq misollar orqali tushuntirishgani interaktiv usulda taqdim etilgan barqaror rivojlanish maqsadlarini xaritalashda mazkur Konsepsiyani tutgan oʻrni haqidagi koʻnikmalani mustahkamlash imkonini berdi. Bundan tashqari, rivojlanish strategiyasini tayyorlash masalalarining yoritilishi va rivojlantirishda ayollarning tutgan oʻrni haqidagi savollar ishimiz uchun  kuchli turtki boʻldi, chunki tadqiqotlar jarayonida biz jamiyatning turli qatlamlari ehtiyoj va imkoniyatlarni aniqlash ustida doimiy ish olib boramiz, - deb ta’kidladi Hojamuratova Feruza.

Mazkur treninglar, hamda BMT Qoʻshma dasturi doirasidagi boshqa tadbirlar, shu jumladan, Orolboʻyini rivojlantirish boʻyicha Yoʻl haritasini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun konseptual asos sifatida Inson xavfsizligi Konsepsiyasini qabul qilish orqali, Orolboʻyi hududini keng qamrovli rivojlantirish maqsadida har tomonlama koʻmak berishga yoʻnaltirilgan.

BMTning inson xavfsizligi boʻyicha Maqsadli fondi (BMTIXMF) ta’rifiga ko'ra, inson xavfsizligi tushunchasi samarali boshqaruv tizimini yaratish, iqtisodiy va oziq-ovqat xavfsizligini takomillashtirish, ta’lim va sogʻliqni saqlash tizimlari, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilishni yaxshilash ichiga oladi. Uning joriy etilishi inson faoliyatining turli sohalari, ya’ni iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, ekologik, sogʻliqni saqlash va boshqalar oʻrtasidagi umumiy aloqani oʻrnatish uchun imkoniyat yaratadi. Bunday yondashuvni amalga oshirish ekologik inqirozning salbiy taʻsirlarini oʻz hayotining turli jihatlarida his etayotgan Orol dengizi mintaqasi mahalliy aholisi uchun katta ahamiyatga ega.