Iqlim o‘zgarishi va ozon qatlami muhofazasi mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro fotosuratlar tanlovi

Mon Jul 24 00:00:00 EDT 2017

Dunyoning turli davlatlarida yashovchi professional va professional bo‘lmagan suratkashlar 2017 yil 10 iyuldan 11 sentabrgacha bo‘lib o‘tadigan iqlim o‘zgarishi va ozon qatlami muhofazasi mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro fotosuratlar tanlovida ishtirok etishga taklif qilinadi.

Fotosuratlar tanlovi quyidagi ikki yo‘nalishda bo‘lib o‘tadi: “Iqlim o‘zgarishi mening nigohimda” va “Ozon qatlami va men”.

Tanlovda ishtirok etish uchun 2017 yil 15 avgustga qadar ishtirokchi talabnomasini to‘ldirish va tanlovning yo‘nalishi bo‘yicha bitta fotosuratni ilova qilib info@envcontest.uz elektron pochta manziliga yuborish lozim. Tanlovning ikki yo‘nalishi bo‘yicha ishtirok etish ham mumkin.

Fotosuratlaringizda siz uchun ozon qatlamini muhofaza qilish bo‘yicha umumjahon kurash nima ekanligini, ozon qatlami inson hayoti va atrof-muhitga qanday ta’sir qilayotgani va uni muhofaza qilish uchun davlatingizda qanday chora-tadbirlar amalga oshirilyotganini ko‘rsatishga chorlaymiz.

Bundan tashqari, fotosuratlar orqali siz hozirgi vaqtning eng dolzarb muammolardan biri – global iqlim o‘zgarishi haqida ozingizning ijodiy qarashingizni ifodalashingiz mumkin. Mavjud ekologik muammo haqida har qanday so‘zlarga qaraganda ta’sirliroq aytib bera oladigan lahzalarni muhrlang, iqlim o‘zgarishi insonlarning hayot darajasiga qanday ta’sir qilganini, u insoniyatga qanday oqibatlarni olib kelganini ko’rsatib bering. Balki hozirda, keng imkoniyatlar mavjud bo‘lgan vaqtda, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash mashaqqatli vazifa emasligini ham ko‘rsatib bera olarsiz?

Xalqaro fotosuratlar tanlovi ikki yoki uch bosqichda o‘tkaziladi:

•    Fotosuratlarning umumiy soni 100 tadan oshgan taqdirda, dastlabki saralash bosqichi;
•    www.envcontest.uz veb-saytida onlayn ovoz berish bosqichi;
•    Hay’at a’zolari tomonidan baholash va go‘liblarni aniqlash bosqichi.
Uchinchi bosqichga o‘tgan 20 ta fotosurat 2017 yil 11 sentabr kuni, Ozon qatlamini muhofaza qilish xalqaro kuni arafasida, Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan maxsus ko‘rgazamada hamda www.envcontest.uz veb-saytida namoyish qilinadi. G‘oliblar ushbu ko‘rgazmaning oshilish vaqtida va Xalqaro fotosuratlar veb-saytida (www.envcontest.uz) e’lon qilinadi.

Xalqaro fotosuratlar tanlovi doirasida 6 ta g‘olib bo‘lishi kutilmoqda. Ularga tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovrinlar topshiriladi.

SOVRINLAR:
“Iqlim o‘zgarishi mening nigohimda” yo‘nalishi g’oliblari uchun sovrinlar:
1-o‘rin – fotoapparat.
2-o‘rin – planshet.
3-o‘rin – uyali telefon.
“Ozon qatlami va Men” yo‘nalishi g‘oliblari uchun sovrinlar:
1-o‘rin – fotoapparat.
2-o‘rin – planshet.
3-o‘rin – uyali telefon.

Shuningdek, “Ayollar va Ozon qatlami” maxsus nominatsiyasi g‘olibi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining Istanbuldagi mintaqaviy byurosi tomonidan maxsus sovrin bilan taqdirlanadi.

20 ta eng yaxshi fotosuratlar mualliflariga tashkilotchilar tomonidan xalqaro sertifikatlar topshiriladi.

Xalqaro fotosuratlar tanlovi tashkilotchilari:

•    O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi;
•    O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi gidrometeorologiya xizmati Markazi;
•    Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi;
•    Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi,  O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi gidrometeorologiya xizmati Markazi hamda Birlashgan Millatlar Atrof-Muhit tashkilotining “O‘zbekistonni Yashil iqlim jamg‘armasi resurslaridan foydalanishga tayyorlash dasturi” nomli qo‘shma loyihasi;
•    Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi,
hamda Global ekologik jamg‘armasining “Iqtisodiyoti o‘tish davridagi mamlakatlar (IO‘DM) hududida gidroxlorftoruglerodlardan foydalanishni jadal qisqartirishning birlamchi bajarilishi - O‘zbekiston” nomli qo‘shma loyihasi.

Hamkorlar:

•    Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining Istanbuldagi mintaqaviy byurosi;
•    Birlashgan Millatlar Atrof-Muhit tashkilotining «Ozon Ekshn» bo‘linmasi.

Xalqaro fotosuratlar tanlovi haqida batafsil ma’lumot uchun hamda ishtirokchi talabnomasini yuklab olish uchun, www.envcontest.uz  veb-saytiga murojaat qiling.