BMTTD “Startap-tashabbuslari” dasturida ishtirok uchun eng yaxshi startap-loyihalarni saralamoqda

Thu Jul 20 00:00:00 EDT 2017

Dastlabki saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan butun O‘zbekistondan bo‘lgan qariyb 85 ta jamoa iyul oyi o‘rtasida kengaytirilgan ekspertlar jamoasi oldida startap-loyihalarini taqdim etdilar. Ekspertlarning baholashi natijalari bo‘yicha 30 ta eng yaxshi loyiha uch oy davom etadigan Yoshlar startap-tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash dasturida ishtirok etish imkoniga ega bo‘ladi. Ushbu Dastur “O‘zbekiston biznes-forumi (III-bosqich)” BMTTD va SSPning qo’shma loyihasi tomonidan Fan va texnologiyalar agentligi hamda “Sasol” kompaniyasi ko‘magida amalga oshirilmoqda.

“Startap-tashabbuslari” dasturida ishtirok etish istagini bildirgan loyihalarni baholash uchun 20 dan ziyod ekspert taklif etilgan. Ekspertlar auditoriyasi ixtisoslashgan vazirliklar va idoralarning mutaxassislari, muvaffaqiyatli biznes-loyihalarga asos solgan va ularni amalga oshirib kelayotgan tajribali tadbirkorlardan tashkil topgan. Shu bois, talabalar va yosh olimlar uchun dasturning saralash bosqichlaridagi ishtirok etish – tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish va bozor yetakchilaridan maslahatlar olish imkonihamdir.

“Startapchini” rivojlantirishda muhim bosqichlardan biri – bu loyihaning qisqacha taqdimoti (pitching). Bunda ishtirokchi o‘z g‘oyasini muvaffaqiyatli va savodli taqdim qilish ko‘nikmalarini takomillashtirish qatorida, qayta aloqa asosida ekspertlarning maslahatlarini ham oladi. Tadbirkorlar va tarmoqning vakolatli mutaxassislari o‘z savollari va tavsiyalari bilan yangi ishbilarmonning tasavvuriga ta’sir ko‘rsatadilar va unga g‘oyasini mukammallashtirish, oxiriga yetkazishda yordam beradilar.

Joriy yilda dasturning ikkinchi davri amalga oshirilmoqda. Ya’ni, O‘zbekiston bo‘ylab yana 1000 dan ortiq talabalar startapni yaratish g‘oyasi ustida o‘ylay boshladilar. Ular jamoalarga birlashib 419 ta ariza taqdim etdilar, qariyb 220 tasi intervyuda ishtirok etdilar, ulardan 110 ga yaqin jamoa loyihani taqdim etish (pitching) bo‘yicha o’quv-mashg’ulotda qatnashdilar. Qariyb 85 ta loyiha jamoasi taqdimot bilan qatnashib, o‘z bizneslarini rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalarga ega bo‘ldilar.

Xususan, yoshlarning startaplarga bo’lgan  qiziqishidan statistika ham dalolat bermoqda. Agar 2016 yilda dasturning birinchi davrida ishtirok etish uchun Toshkent shahrining 24 oliygohidan atiga 308 ta ariza olingan bo‘lsa, 2017 yilda dasturning ikkinchi davriga O’zbekistonning barcha viloyatlaridagi 57 ta oliygohdan 419 ta ariza, ya’ni o‘tgan yilga nisbatan 1,4 barobardan ko‘proq loyiha qabul qilindi.

“2016 yilga nisbatan loyihalarning sifatida ijobiy tomonga jiddiy o‘zgarishlar sezilmoqda. Biroq, hali ishlanishi kerak bo‘lgan masalalar mavjud”, - deya qayd etdi, taklif etilgan ekspert, Paynet, LeBazar kompaniyalarining asoschisi Botir Orifjonov.

“Men dasturda ishtirok etish uchun loyihalar saralashida uch kun qatnashdim. IT-startaplardan tashqari, dastgohlar, moslamalar ishlab chiqaradigan ko‘plab yoshlar paydo bo‘lgan. Va bu ajoyib! Ularning aksariyatida muammolar o‘xshash – yoshlar texnik yoki dasturiy g‘oya ortida uni joriy etish, undan foydalanish, jarayonning ishtirokchilari qanday foyda olishi, g‘oya ishga tushirilganidan so‘ng bir oy, yarim yil, bir yil va keyinchalik unga nisbatan qiziqishni nima ushlab turishi, va nihoyat moliyalashtirish haqida o‘ylab ko‘rishmagan”, - deya ta’kidladi, Click.uz, Arba.uz startaplariga maslahat beruvchi, mustaqil ekspert Aziz Raximov.

Jumladan, dastur tashkilotchilari ham loyihalarning yanada yuqori sifati, mavzuga doir xilma-xilligini qayd etishmoqda.

“Birinchi davrdagi loyihalar asosan dasturiy ilovalarni ishlab chiqishga qaratilgan bo‘lsa, ikkinchi davrda ko‘plab jamoalar muxandislik-texnik yechimlarni ham taqdim etishmoqda. Bu yoshlarning bilimlarini yanada keng qo‘llay boshlaganlai va startap-loyihalar orqali jamoatchilik muammolariga yechimlar taklif qilayotganlaridan dalolat beradi. Zero, bu faqatgina ikkinchi yil. Keyinchalik loyihalar takomillashib, iqtisodiyot hamda inson turmush tarzining yanada ko‘proq jabhalarini qamrab oladi. Natijada, loyihalar taqdim etilayotgan xizmatlar va mahsulotlar sifatining oshishi, shuningdek mamlakatda raqamli iqtisodiyotning yangi g‘oyasi rivojlanishiga ta’sir qiladi”, - deya fikr bildirdi, “O‘zbekiston biznes-forumi (III-bosqich)” BMTTD loyihasining rahbari Bahodir Bekov.

“Startap-tashabbuslari” Dasturi yoshlarda kuzatilayotgan ijodiy va tadbirkorlik salohiyatini faollashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Aytish joizki, 2016 yilda dastlabki dasturning Toshkentdagi oliygohlar hamkorligida amalga oshirilishi tajribasi o‘z natijasini ko‘rsatdi – dastur uslubiyatini egallagan oliygohlar ta’lim muassasalari negizida shu kabi qo‘llab-quvvatlash dasturlarini ishga tushirishni rejalashtirmoqda, ayrimlari esa hayotga tatbiq etishmoqda.

Ta’kidlash zarurki, “Startap-tashabbuslari” Dasturi – oliy ta’lim muassasalarining talabalari va yosh olimlarning startap-g‘oyalari va loyihalari rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash (tezlatish) uchun mo‘ljallangan kompleks dasturdir.