O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun nimalar zarur?

Mon Jul 03 00:00:00 EDT 2017

Nilufar Odilboboyeva so‘ngi 15 yil davomida «Adel Tex» to‘qimachilik korxonasiga rahbarlik qilish bilan bir qatorda, shaxsiy biznesini yo‘lga qo‘yish niyatida bo‘lgan ayollarga maslahatlari bilan ko‘maklashib keladi. Ayol-tadbirkor qanday qiyinchiliklarga to‘qnash kelishi unga shaxsiy tajribasidan ma’lum. Shu bois, Nilufar va yana 100 dan ziyod o‘zbekistonlik ayol-tadbirkorlar shu kunlarda Toshkentda bo‘lib o‘tgan birinchi Respublika Ishbilarmon ayollar forumida ishtirok etdilar.

Mazkur Forum ishtirokchilarning ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun mavjud imkoniyatlarni muhokama qilishi, muammolarni va ularni hal etish bo‘yicha takliflarni o‘rtoqlashishi uchun o‘ziga xos platforma vazifasini o‘tadi, jumladan, bir nechta korxona kelgusidagi hamkorlik bo‘yicha bitimlar tuzishga erishdilar.

«Tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, biznesni yo‘lga qo‘yish uchun O‘zbekiston ayollariga ruhiy, axborot va moliyaviy ko‘mak zarur. Aksariyat tadbirkorlar bilimlar yetishmasligi tufayli soliqqa tortishga oid yangiliklar haqida, ba’zida faqatgina jarima to‘lagach xabar topadilar», - deya qayd etdi Nilufar.

Uch yildan buyon Toshkent viloyatida joylashgan «Taxmina» xususiy korxonasini boshqarib kelayotgan 21 yoshli Gulrux Irgasheva to‘qnash keladigan holat – bu ko‘plab ayollarning kompaniyani ro‘yhatdan o‘tkazsa-da, biznesni yanada rivojlantirish uchun ko‘nikmalar va bilimlarga ega emasligidir.

«Men tadbirkorlar oilasida voyaga yetganman va biznesimni yo‘lga qo‘yishning boshlang‘ich bosqichlarida ota-onam ko‘maklashgan, - deya hikoya qiladi Gulrux. – Kollejni tugatgach binoni ta’mirlash uchun 100 mln. so‘m kredit olib, o‘z biznesimni boshladim. Menimcha, mutaxassislar yosh tadbirkorlaga korxonani rivojlantirishning bosqichma-bosqich rejasini ishlab chiqishda yordam beradigan maslahat markazlarining tashkil etilishi muhimdir».

Ta’kidlash kerakki, ayollar tadbirkorligini rivojlantirishda mavjud dolzarb muammolarni hal etishning jahon tajribasini taqdim etgan xalqaro tashkilotlarning ekspertlari chiqishlari ayol-tadbirkorlarning tavsiyalari bilan to‘ldirildi. BMTTD va Savdo Sanoat  Palatasining «O‘zbekiston biznes-forumi (faza-III)» qo‘shma loyihasi mutaxassisi o‘z taqdimotida ayollar tadbirkorligini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning muhim jihatini yoritib, ayollar bilan hamkorlik orqali banklar oladigan foydalarni sanab o‘tdi.

Xususan, qayd etilganidek, ayollar tadbirkorligi – moliyaviy sektor uchun o‘zlashtirilmagan bozor. Masalan, Turkiyada ro‘yhatdan o‘tkazilgan 40 foiz ayollar korxonalarining 15 foizdan kamrog‘i tijorat banklarining xizmatlaridan foydalanadi.

Ushbu auditoriya bilan muvaffaqiyatli uzoq muddatli hamkorlik qilish uchun mavjud bank xizmatlari haqida tanishtirish ishlarini olib borish, ularni qonunchilikdagi o‘zgartirishlardan xabardor qilish zarur. Masalan, Royal Bank of Scotland (Shotlandiya Qirollik banki) tomonidan ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha biznes-dasturning amalga oshirilishi natijasida atigi uch yildan so‘ng barcha yangi kichik va o‘rta korxonalarning 40 foizi ayollarga qarashli edi (2011 yil ma’lumotlari).

Aytish kerakki, banklar ham ayol-tadbirkorlar bilan hamkorlikdan foyda ko‘radi. Tadqiqotlarga ko‘ra, ayol-tadbirkorlar kreditlari bo‘yicha defoltga kamroq yo‘l qo‘yib, to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirishlari bilan ajralib turadilar va jamg‘arishga moyil bo‘ladilar. Ularning bankka nisbatan sodiqligi ko‘proq kredit mahsulotlarini xarid qilish va bankka yangi mijozlarni olib kelishda namoyon bo‘ladi.

Shu bilan birga, loyiha mutaxassisi ayol-tadbirkorlarni jalb qilishga yordam beradigan eng yaxshi bank takliflarini taqdim etdi. Garov ta’minotining moslashuvchan me’yorlari, texnologiyalar modernizatsiyasi (onlayn xizmatlarni joriy etish), turli hajmdagi biznes uchun jamoaviy va individual kreditlar taqdim etish, ayol-tadbirkorlar uchun intilishlar yaratish (“Yil tadbirkori” mukofotini ta’sis etish) va boshqalar shular jumlasidandir.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining baholashlariga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatimizda ayol-tadbirkorlarning umumiy soni jami tadbirkorlik sub’ektlarining taxminan 10 foizini tashkil etadi.

Xotin-qizlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish uchun BMTTD va SSP «O‘zbekiston biznes-forumi (III bosqich)» qo‘shma loyihasi tomonidan ayollar tomonidan biznes yuritilishi shart-sharoitlarini takomillashtirish bo‘yicha dastur ishlab chiqilmoqda. Ushbu dastur ta’lim seminarlarini o‘tkazish, ayollar tadbirkorligi biznes-modellarini ishlab chiqishi va qishloq hududlarida tarqatish, namunali biznes-rejalarni taqdim etish, ko‘chadigan mulk negizida kreditlar olish uchun imkoniyatlar yaratishdan iborat bo‘ladi.