Startaplarni qo’llab-quvvatlash dasturining ikkinchi bosqichida ishtirok etish uchun arizalar qabul qilinmoqda

Mon Mar 20 00:00:00 EDT 2017

BMT Taraqqiyot Dasturi va Savdo-sanoat palatasining “O’zbekiston biznes-forumi (3-bosqich)” qo’shma loyihasi Fan va texnologiyalar agentligi bilan hamkorlikda startap-tashabbuslarini qo’llab-quvvatlash dasturining ikkinchi bosqichini boshlab yubordi. Mazkur dastur o’zining biznesini boshlashda hamda tadbirkorlik ko’nikmalarini oshirishda yoshlarga yordam ko’rsatishga qaratilgan.

Dastur uch oy davom etib, unda ishtirokchilar tajribali ustozlarning yo’l-yo’riqlari bilan “g’oya” bosqichidan to startapning yaratilishi bosqichigacha bo’lgan yo’lni bosib o’tishi kutiladi.

Dasturda ishtirokchilarni tanlab olish jarayoni tegishli arizalarni qabul qilish, nomzodlar bilan suhbat o’tkazish va ekspertlar oldida jamoalarnig chiqishi asosida amalga oshiriladi. Hay’at a’zolari tomonidan tanlab olingan jamoalar Dasturda ishtirok etish imkonini qo’lga kiritib, o’z loyihasini amalga oshirishning “yo’l xaritasi”ni ishlab chiqish, gipotezalarini sinab ko’rish, o’z loyihalarining qiymatini tasdiqlash, “minimal hayotbahsh mahsulot” ishlab chiqib uni sinovdan o’tkazishga muvaffaq bo’ladilar.

Dasturning ikkinchi bosqichida ta’lim qismi yanada boyitilib, turli sohalardagi yangi mutaxassislar ishtirokida olib borilishi kutilmoqda. Xususan, birinchi bosqich davomida orttirilgan tajriba inobatga olingan holda tanlab olingan startaplarni amaliyotda bajarishga ko’proq urg’u qo’yiladi. Ekspertlar loyiha gipotezalarini va taklif qilinayotgan qiymatni tekshirishda, dizayn hamda dasturiy ta’minotni ishlab chiqishda, yuzaga kelishi mumkin bo’lgan turli huquqiy masalalarni yechishda, loyiha prototipini yaratish va sotuv kanallarini izlashda yordam berishi ko’zda tutilgan.

Eng yaxshi loyihalar “Demo Day” deb nomlanish yakuniy tadbirda loyihani taqdimot etish va Innovatsion g’oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasida ishtirok etib, imtiyozli kreditlar hamda tashkilotlarning sponsorlik yordamini olish imkoniyatiga ega bo’ladilar.

Dasturda ishtirok etish shartlari, loyihalarni tanlab olish mezonlari hamda dastur ishtirokchilariga qo’yiladigan talablar bo’yicha batafsil ma’lumotni dasturning ushbu veb sahifasidan topishingiz mumkin. Arizalar 2017 yilning 16 aprelgacha qabul etiladi.

Dasturning birinchi bosqichi 2016 yilning avgustdan noyabr oyigacha davom etib, unda 33 ta jamoadan 13 ta jamoa final bosqichiga yetib, taklif etilgan ekspert va sponsorlar ishtirokida tashkil etilgan “Demo Day” tadbirida o’z loyihasini taqdim etishga muvaffaq bo’ldilar. Oltita finalist loyihalar investor topib, hozirda hamkorlik to’g’risida muzokaralar olib bormoqdalar. Finalistlar loyihalari haqida batafsil ma’lumot maxsus broshyurada keltirilgan.

Dastur haqida yangiliklarni bilish uchun loyihamizning Facebook ijtimoiy tarmog’idagi sahifasiga obuna bo’ling: https://www.facebook.com/startupuzb/