Yil sarhisobi va kelgusi yil uchun maqsadlar Idoralararo ishchi guruhi uchrashuvida muhokama qilindi

Thu Dec 22 00:00:00 EST 2016

2016 yilning 22 dekabr kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi majlislar zalida USAID va BMTTDning Oliy sud bilan "O'zbekistonda qonun ustuvorligi yo’lida hamkorlik" nomli qo'shma loyihasini amalga oshirishni tahlil qilish Idoralararo ishchi guruhining uchrashuvi bo'lib o'tdi.

BMT Taraqqiyot Dasturining O'zbekistondagi doimiy vakili o'rinbosari, Idoralararo ishchi guruh hamraisi, Farid Karakhanov, o’tgan 2016 yil davomida mamlakatimizda sud-huquq tizimini isloh qilish borasida muhim ishlar amalga oshirilganini ta'kidladi. Jumladan, loyiha tomonidan berilgan tavsiya va takliflar inobatga olingan bir qator muhim huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Masalan, adliya organlarining umumiy yurisdiksiya sudlari faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta’minlash sohasidagi vazifa va vakolatlarini O'zbekiston Respublikasi Oliy sudiga topshirish, sudyalar lavozimiga nomzodlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, hamda sudyalar va sud xodimlari malakasini oshirish bo’yicha berilgan takliflar ushbu hujjatlarda o’z aksini topdi.

Bu borada eng muhim qadamlardan 2016 yil oktyabr oyida qabul qilingan "Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonini (PF №4850) ni tilga olish lozim. Ushbu hujjat sud-huquq tizimini yanada demokratlashtirish va liberallashtirish maqsadida sud islohotlarni amalga oshirishda ko’maklashish sohasida hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlarga yo’l ochadi.

Keng jamoatchilikka sudlar to'g'risidagi axborotni taqdim qilish maqsadida 2016-yilda loyiha ko'magida Oliy sudning yangi rasmiy veb-sayti tayyorlandi va ishga tushirildi. Yangi veb-saytda sud-huquq tizimiga oid barcha huquqiy hujjatlar kiritilgan ma’lumotlar bazasi, sudlar haqida axborot, shuningdek, sud xizmatlari foydalanuvchilari uchun bir qator interaktiv va axborot xizmatlari mavjud.

Fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari bilan o'zaro hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish O'zbekiston Respublikasida sud-huquq tizimini yanada takomillashtirishning ustuvor yo'nalishlaridan biri deb e'lon qilindi. Shu maqsadda o’tgan davr mobaynida loyiha tomonidan bir qator me’yoriy hujjatlar ishlab chiqildi. Ommaviy axborot vositalari  (OAV) uchun ko’rik tanlovlar o’tkazish, ma'lumot olish uchun OAVdan kelgan talablarini o’rganish,  ommaviy tadbirlarni tashkil etish, shuningdek, OAV vakillarining ochiq sud majlislarida hozir bo’lishi tartibiga oid hujjatlar shu jumladandir.

Aholining huquqiy savodxonligini oshirishga ko’maklashish - loyihaning yana bir muhim yo'nalishidir. Negaki fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va uning zamonaviy sud-huquq tizimini isloh qilish va shakllantirish jarayonida faol ishtirok etishini ta’minlash o’ta muhimdir. Loyiha muntazam ravishda fuqarolar va xo'jalik subyektlari, davlat va huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan beriladigan savollarni tahlil qilib boradi. 2016-yilda manfaatdor tomonlarni muhokamaga jalb qilib, muloqot uchun qulay usullarni ishlab chiqib, xalqaro ekspertlarni taklif qilib, hamda muayyan sohalarda xalqaro tajribani o'rgangan holda loyiha doirasida quyidagi nashrlar chop etilgan:

  • Sudning hal qiluv qarorini tuzish bo’yicha amaliy tavsiyalar;
  • Mehnat huquqiy munosabatlaridan kelib chiqadigan nizolar bo’yicha amaliy qo’llanma;
  • Fuqarolik ishlari bo’yicha sudga murojaat qilish tartibi bo’yicha amaliy qo’llanma;
  • Fuqarolik ishlarini birinchi instansiya sudlarida ko’rish tartibi bo’yicha amaliy qo’llanma;
  • Xo’jalik ishlari bo’yicha sud hujjatlarining namunalari to’plami.

Bundan tashqari aliment to’lovlari bilan bog’liq mavjud qonunchilik va sud amaliyoti o’rganib chiqildi va bu ishning mahsuli bo’lmish tahliliy maqola hamda “Voyaga yetmagan bolalarning ta’minot olish huquqi” nomli risola rus va o’zbek tillarida chop etildi.

Shu bilan birga sud tizimi mohiyatini, hamda fuqarolar sud ishlarini turli sudlarda ko’rib chiqish jarayonini yetarli darajada tushunish uchun O’zbekiston sud tuzilmasiga oid infografika ham ishlab chiqildi. U hamkorlarga taqdim qilindi va internet orqali keng ommaga tatrqatildi.

Kelajakdagi hamkorlik to’g’risida so’z borar ekan, 4850 raqamli Prezident Qarorida qayd etilgan vazifalarni bajarishda qo’shma loyihaning faol ishtiroki ko’zda tutilgan. Jumladan, xalqaro tajribani o’rganish, sud-huquq tiziminu isloh qilish va tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish borasida takliflar ishlab chiqish, qonun loyihalari va boshqa turdagi huquqiy-me’yoriy hujjatlarni tayyorlash ko’zda tutilgan.

Qo’shma loyiha axborot kommunikatsiya texnologiyalarini (AKT) joriy etish borasidagi vazifalari doirasida sud majlislarini audio va video qayd etish tizimini targ'ib qilish va amalda keng qo'llash, "E-SUD” axborot tizimida apellyatsiya va kassatsiya holatlarini ko’rib chiqishga oid Modulni rivojlantirish, ”E-SUD” electron axborot sudlov tiziminining boshqa axborot tizimlari bilan integratsiya masalasi va kelgusida uni ommalashtirish borasidagi faoliyatini davom ettiradi.

Loyihaning “Mediatsiya to’g’risida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqish borasidagi Oliy sud va Oliy xo’jalik sudi mutaxassislari bilan hamkorligi juda muhim o’rin egallashi shubhasiz.

Ko’zlangan 2016-2017 yillar ish rejasida funksional tahlil (dastlab fuqarolik sudlarida) o’tkazish tashabbusi bir qator dolzarb vazifalar bilan birga alohida e’tiborga loyiq.

Uchrashuvda shuningdek Oliy xo’jalik sudi, O’zbekistonda faoliyat ko’rsatib kelayotgan va sud-huquq tizimini isloh qilish borasida hamkorlik qilish istagini bildirgan xalqaro tashkilotlar vakillari, jumladan OBSE va GIZ vakillari ham qatnashdilar.