Andijon viloyatida biogaz qurilmasi ishga tushirildi

Mon Nov 28 00:00:00 EST 2016

O‘zbekiston xozirgi kunga qadar sezilarli darajada foydalanilmayotgan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini qo‘llash bo‘yicha imkoniyati keng. Dastlabki hisoblarga ko‘ra, O‘zbekistondagi biogazning umumiy miqdori 8,9 mlrd.kubometr deb baholandi. Issiqlik berishi 6,5 mlrd. kubometr tabiiy gazga to‘g‘ri keladi, bu esa O‘zbekistonda energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyojning yillik 10%ni tashkil etadi.

2016 yilning 23 noyabr kuni Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida biogaz qurilmasining ishga tushirish bo‘yicha pilot (namunaviy) loyihaning tantanali ochilishi bo‘lib o‘tdi.

Ochilish marosimida BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Stefan Prisner, «Buloqboshi» tumani hokimi Doniyorbek Maqsudov, viloyat hokimiyati, viloyat tashqi iqtisodiy aloqalar investitsiya va savdo boshqarmasi vakililari, shuningdek, tuman fermerlar, mahalla faollari va oddiy fuqorolar ishtirok etishdi.

Tadbirni tuman hokimi Doniyorbek Maqsudov ochib berdi va o‘z so‘zida tumanda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlar haqida gapirib, bu kabi yashil texnologiyalarning ishga tushirilishi nafaqat qishloq, tuman aholisi uchun balki butun viloyat va Respublika miqyosida ahamiyatli ekanligini, aholining bu kabi yangi ilg‘or texnologiyalarni qo‘llashi tuman va viloyat iqtisodiy ko‘rsatkichlarini yaxshilanishida, eksport salohiyatining oshirilishida muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.

Stefan Prisner o‘z so‘zida, yig‘ilganlarga iliq qabul uchun o‘z minnatdorchiligini bildirgan holda, biogaz ishlab chiqarish buyicha bu kabi o‘lkan inshoot xududning iqtisodiy va ekologik salohiyatini rivojlantirishida ko‘mak berishi hamda kelgusida innovatsion tajribalarni samarali tadbiq etilishida yorqin namuna bo‘la olishini mamnuniyat bilan ta’kidladi.

«Savdo rivojlanishiga ko‘maklashish» loyihasi va Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiya va savdo vazirligining qo‘llab-quvvatlashi orqali «Davron agrosanoat» MChJ xududida tashkil etilgan pilot loyiha “yashil” amaliyotlarni qishloq xo‘jaligiga tadbiq qilinishida ko‘maklashadi.

Yangi biogaz qurilmasi 400m3 xajmlik reaktorga ega bo‘lgan viloyatdagi eng katta biogaz qurilmasi bo‘lib hisoblanadi. Muqobil energiya manbai pomidor va bodring ko‘chatlarni mavsumga tayyorlash vaqtida 0,5ga issiqxonani issiqlik bilan taminlaydi hamda eksport qilinadigan mahsulot xajmining ko‘tarilishiga xizmat qiladi. Biogaz qurilmasining yordamida issiqlik ta’minotidan tashqari, qo‘llash uchun tayyor bioo‘g‘itlarni ham olsa bo‘ladi.

Mazkur loyiha biogaz qayta tiklanuvchi manba sifatida qishloq xo‘jalik mahsulotlarining issiqxonalarda yetishtirishda an’anaviy energiya manbaiga muqobil ekanligini namoyish etadi va bu o‘z navbatida mahalliy qishloq xo‘jaligi mahuslotlarini ishlab chiqaruvchilarining eksport salohiyatini kengayishiga olib keladi.

Loyiha nafaqat ekologik jihatdan, balqi iqtisodiy jihatdan ham juda samaralidir. Rejaga ko‘ra, yangi biogaz qurilmasidan foydalanish atmosferaga CO2 gazining ko‘tarilishining kamayishiga (hisoblarga ko‘ra CO2 mavsum mobaynida 330 tonnaga qisqaradi) olib keladi. Bundan tashqari, kimyoviy o‘g‘itlardan kamroq foydalanish hisobiga harajatlarni kamaytirish mumkin. Biogaz qurilmasidan olingan organik o‘g‘itlar meva-sabzavotlar hosildorligini 4%ga ko‘taradi, bu esa ekologik toza, sifatli qishloq xo‘jalik mahsulotlarining ko‘payishiga olib keladi.

– Bu loyiha ustida biz ko‘p ishladik, avval oddiy qiziqish bilan boshlangan loyiha keyinchalik hayotimizning muhim bir qismiga aylanib qoldi. Xaqiqatdan ham oddiy hom-ashyodan gaz olinishi issiqliq manbaiga bo‘lgan ehtiyojimizni qondirish uchun yaxshi yechim bo‘la oldi. Bu usulning qo‘layligi, mahalliy xom-ashyodan foydalanilishi va uning serobligi, ishlab bo‘lingan mahsulotdan tabiiy o‘g‘it olinishi, sovuq mavsumda isitish uchun ketadigan harajatlarning tejalishi kabilardir. O‘ylayman-ki, yaqin kelajakda biogaz yordamida ko‘zlangan xajmdagi ilk hosilimizni olishga muvaffaq bo‘lamiz, – deydi, “Davron Agrosanoat” MChJ rahbari Ravshan Nosirov.

Shuni ta’kidlash joyiz-ki, BMTTD o‘zining turli xil hamkorlik loyihalari orqali muqobil energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish maqsadida strategiya va yondashuvlarning belgilashida O‘zbekistonni izchillik bilan qo‘llab – quvvatlab kelmoqda. Xususan, BMTTD 2013 yilda qabul qilingan biogaz qurilmalari bo‘yicha milliy standartlarning ishlab chiqilishida ko‘mak bergan.

2015 yil noyabr oyida Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan, Respublikada chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklarida biogaz qurilmalari qurishni rag‘batlantirish bo‘yicha hukumat dasturi qabul qilingan. Mazkur loyiha, biogaz qayta tiklanuvchi energiya manbai sifatida, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilishda an’anaviy energiya manbaiga muqobil ekanligini namoyish etadi.

BMTTDning “Savdo rivojlanishiga ko‘maklashish” loyihasi haqida qo‘shimcha ma’lumot olish uchun iltimos, loyihaning Facebookdagi sahifasiga yoki O‘zbekiston BMTTDning rasmiy veb-saytiga kiring.