O‘zbekistonda Xalqaro tadbirkor ayollar kuni nishonlandi

Sat Nov 19 00:00:00 EST 2016

Toshkentda Xaqaro tadbirkor ayollar kuniga bag‘ishlanib o‘tkazilgan anjuman doirasida O‘zbekiston iqtisodiyotida tadbirkor ayollarning ahamiyati, istiqbolda ayollar orasida tadbirkorlikni rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, “Tadbirkor ayol” uyushmasi vakillari, Vazirlar Mahkamasi, NNT vakillari, O‘zbekistonning barcha hududlaridan tashrif buyurgan tadbirkor ayollar hamda O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik va xalqaro hamjamiyat vakillari ishtirok etdi.

BMTTDning O‘zbekistondagi Doimiy vakili janob Stefan Prisner o‘z nutqida ta’kidlaganidek, ayollar orasida tadbirkorlik harakatini kuchaytirish mamlakatda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va xususiy tadbirkorlikning mamlakat Yalpi Ichki Maxsulotidagi ulushini kattalashtirishda katta ahamiyat kasb etadi.

BMTTDning Doimiy vakiliga ko‘ra, BMTTD O‘zbekistonda tadbirkorlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlar, xususan tadbirkor ayollar uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi kabi boshqa milliy hamkorlar bilan sheriklikda “yagona darcha” tamoyiliga asoslangan tadbirkorlar uchun davlat xizmatlarini ko‘rsatish markazlari tashkil etilgan. Hamkorlikda olib borilgan ishlar doirasida qonunchilik aktlarining tadbirkorlik faoliyatiga ko‘rsatadigan ta’sirini baholash mexanizmlari ham ishlab chiqildi. Jahon bankining “Doing Business” reytingida O‘zbekistonning ko‘rsatgichlari yaxshilanganligi, jumladan ayol va erkaklar uchun tadbirkorlik yuritish uchun teng imkoniyatlar mavjudligi tasdiqlanganligi ham mamlakatda tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati oshayotganligidan dalolat beradi.

BMT xotin-qizlarning ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarini kengaytirish, har bir insonning turmush darajasini yaxshilashda ayollar orasida tadbirkorlik harakatini kuchaytirish muhimligini tan oladi. Shu asnoda, BMTga a’zo bo‘lgan mamlakatlar 2030 yilgacha mo‘ljallangan taraqqiyot dasturi doirasida qabul etilgan 17 ta Barqaror taraqqiyot maqsadlar qatorida umumiy gender tenglikka erishish maqsadini ham joriy etgan.

Hozirda O‘zbekistonda 120000 dan ortiq ayollar boshqaruvida bo‘lgan kichik biznes subyektlari faoliyat yuritmoqda, bularning 4500 dan ortig‘i fermer xo‘jaliklari. Mamlakat iqtisodiyotida band bo‘lgan aholining sonida ayollar ulushi 45 foizga yetdi.

Biroq, bunday yutuqlarga qaramay, ayollar orasida tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga doir bir qator muammolar mavjud. Jumladan, anjuman ishtirokchilari tadbirkor ayollarning biznesga oid bilim va ko‘nikmalarini yaxshilash, sarmoyaviy loyihalar bilan ishlash tajribasini orttirish, huquqiy bilimlarini yaxshilash lozim deb ta’kidlashdi.

Shuni aytib o‘tish joizki, Xalqaro tadbirkor ayollar kuni global tashabbus bo‘lib, u butun dunyo bo‘ylab tadbirkor ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. 2014 yildan boshlab mazkur sana BMT boshchiligida butun dunyo bo‘ylab 19 noyabr kuni nishonlanadi. Mazkur anjuman “Tadbirkor ayol” uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi (Savdo-sanoat palatasi va BMTTDning “O‘zbekiston biznes forumi. 3-boshqich” loyihasi) tomonidan tashkil etildi.