Davlat xizmatlari sifati va ochiq ma’lumotlar oshkoraligini oshirish sari

Mon Oct 31 00:00:00 EDT 2016

BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan mahalliy hokimliklar va boshqa manfaatdor idoralar bilan hamkorlikda tadbirkorlik sub’ektlariga “Yagona darcha” tamoyili asosida davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibini takomillashtirish va hududlardagi davlat hokimiyati organlari faoliyati ochiqligini oshirishga qaratilgan qo‘shma loyiha amalga oshirildi. Loyiha Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi granti hisobidan moliyalashtirildi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan hamkorlikda “Yagona darcha” markazlari xodimlari tomonidan keng qo‘llanilayotgan “Tadbirkorlik sub’ektlariga “Yagona darcha” tamoyili asosida davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi yagona markazlar faoliyatini tashkil etish va ular orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatishga oid” qo‘llanmasi chop etildi.

2016 yilning yanvar oyidan boshlab O‘zbekistonning barcha hududlarida tuman tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatga olish inspektsiyalari negizida yaratilgan 194 ta “yagona darcha” markazlari o‘z faoliyatini boshladi. Joriy yilning to‘qqiz oyi davomida markazlarga 75 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan bo‘lsa, ularning barchasi vaqtida yechimini topdi. E’tiborlisi, joriy yilda ochilgan 181 mingdan ziyod yangi tadbirkorlik subyektlarining 28 mingdan ziyodi internet orqali ro‘yxatga olindi.

Davlat xizmatlarini kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga uzluksiz taqdim etish maqsadida Jizzax, Namangan va Toshkent viloyatlaridagi jami 20 ta “Yagona darcha” markazlariga benzinli generatorlar xarid qilindi va o’rnatish ishlari olib borildi. Markazlar elektr energiyani tejash uchun yorug‘lik diodli lampalar bilan ham ta’minlandi.

- Ba’zi holatlarda qo‘shimcha avtonom energiya manbasiga muhtojlik seziladi, - qayd etdi Mirzacho‘l tuman “Yagona darcha” markazi rahbari Abdusattor Shabbazov. - Misol uchun, noqulay ob-havo va elektr tarmog‘ida ta’mirlash ishlari olib borilayotgan damlarda avariya quvvat manbasiga ega bo‘lish juda muhimdir. Markazimizga o‘rnatilgan benzinda ishlaydigan elektrgenerator esa ish xonasida yorug‘lik bo‘lishi, 5 ta kompyuter, printer va skaner uskunalarining mutassil ishlashini ta’minlaydi. Bu esa bizga vaqtincha elektr quvvati o‘chgan holatda ham o‘z xizmatlarimizni uzluksiz amalga oshirish va hujjatlarni rasmiylashtirishda juda katta qulaylik yaratadi.

Shu bilan birga, Namangan viloyati Mingbuloq tumani hokimligi huzuridagi “Yagona darcha” markazida yiliga 5,5 Кw/soat quvvatiga ega bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatildi.

- Ma’lumki, chekka hududlarni elektr energiyasi bilan ta’minlashda energiya chiqimlari oshadi hamda tasodifan texnik uzulishlar ehtimoli ko‘payadi, - deya fikr bildirdi Mingbuloq tuman hokimligi huzuridagi “Yagona darcha” markazi rahbari Kamoliddin Turdaliyev. – Bunaqa sharoitda avtonom quvvat manbalari yaxshi natija beradi. Shu asnoda quyosh batareyalarining o‘rnatilishi biz uchun quvonchli voqea bo‘ldi. Fikrimcha, bunday zamonaviy uskuna istalgan korxona yoki tashkilot uchun foyda keltira oladi. Undan foydalanish qulay va eng muhimi u atrof-muhitga hech qanday putur yetkazmaydi.

Shuningdek, loyiha doirasida Jizzax, Namangan va Toshkent viloyatlari hokimyatlari hamda xalq deputatlari Kengashlari “Ochiq ma’lumotlar” portallari ishlab chiqildi. Mazkur portallarda ishbilarmonlar uchun ham, fuqarolar uchun ham birdek foydali bo‘lgan jadval va diagrammalar ko‘rinishida ko‘plab qiziqarli va xilma-xil ma’lumotlar taqdim qilingan. Misol uchun, portal foydalanuvchilari mahalliy byudjetga taaluqli oxirgi ko‘rsatkichlardan tortib maktab o‘qtuvchilari bilim daraji tahlili haqidagi ma’lumotlarni qiyinchiliksiz topa oladilar.

E’tiborlisi shundaki, data.gov.uz - O’zbekiston Respublikasi ochiq ma’lumotlar portalining 113 ta davlat organlari va tashkilotlari o‘rtasidagi reytingda Toshkent viloyati hokimligi 215 ta ma’lumotlar to‘plamlari va 58 mingga yaqin yuklanishlar bilan peshqadamlik qilmoqda. Ayni damda Jizzax viloyati hokimligi 75 ta ma’lumotlar to‘plamlari va 20 mingga yaqin yuklanishlar bilan to‘qqizinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Namangan viloyati hokimligi esa 20 ta ma’lumotlar to‘plamlari va 8,5 mingga yaqin yuklanishlar bilan o‘n yettinchi pag’onadan joy olgan.

Davlat xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun ochiq ma’lumotlardan samarali foydalanishga bag‘ishlangan seminar-treninglarni tashkil etishga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, 2016 yil mart oyidan to may oyigacha bo‘lgan muddatda ja’mi 6 ta seminar o‘tkazildi. Ushbu tadbirlarda 170 dan ko‘proq mutaxasislar ishtirok etdi. Treninglarni anhor.uz axborot-tahliliy vebsayti bosh muharriri Lola Islomova hamda Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarni rivojlantirish vazirligi qoshidagi “Elektron hukumat” markazi boshqarma boshlig‘i Zuhriddin Shodmonov singari tajribali ekspertlar olib borishdi.

- O‘tgan seminar nafaqat professional jurnalistlar uchun, balki matbuot xizmati va elektron nashriyotlar mutaxasislari uchun ham juda foydali bo‘ldi, - deydi Toshkent viloyati jurnalistlari uchun tashkil qilingan seminar-trening ishtirokchisi, “Chinoz hayoti” gazetasi bosh muharriri Surayyo Axmedova. - Ishonch bilan aytish mumkinki, trening bizning ochiq ma’lumotlar bilan ishlashda vizualizatsiyadan foydalanish, qayta chop etish va talqin qilish borasidagi bilimlarimizni sezilarli darajada oshirishga xizmat qildi. Shunaqa amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan seminarlarni tez-tez o‘tkazib turish maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Namangan shahri hamda Jizzah, Toshkent va Namangan viloyatlari hokimliklari vestibyulida o‘rnatilgan ma’lumotlar kioskasi ham fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratdi. Mazkur zamonaviy uskunalar yordamida istalgan kishi hokimiyat faoliyatiga taaluqli o‘zini qiziqtirgan ma’lumotlarni topishi yoki videokliplarni tamosha qilishi mumkin.