Sud tizimi va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni kengaytirish

Wed Oct 19 00:00:00 EDT 2016

Sudlar faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ochiqligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining 2016 yil 19 sentyabrdagi qarori bilan «Sud majlislarida ommaviy axborot vositalari vakillarining hozir bo‘lishi tartibi to‘g‘risida»gi Nizom tasdiqlandi. Bu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining "O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik" qo‘shma loyihasi doirasida ishlab chiqildi. Mazkur hujjat sudlar va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada yaxshilashga ko‘maklashadi.

Sinov tariqasida E-SUD elektron sudlov axborot tizimini joriy etish bo‘yicha Toshkent shahridagi fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudida ommaviy axborot vositalari bilan samarali hamkorlik tashkil etilgan bo‘lib, 2016 yil 19 oktyabr kuni ommaviy axborot vositalari vakillari mazkur poytaxt sudida bo‘lishdi va ular E-SUD elektron sudlov tizimi faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Jurnalistlar E-SUD tizimidan foydalanish bo‘yicha sudyalarning fikr-mulohazalarini o‘rganishdi. Toshkent shahri fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi sudyalari OAV vakillariga berilgan intervyularida E-SUD tizimning foydali jihatlari, xususan, sud buyruqlarini chiqarishda vaqtning sezilarli darajada tejalayotganligi, qog‘oz shaklidagi hujjatlar hajmining keskin qisqarganligi va hujjatlar bilan ishlash imkoniyatlarining yanada kengayganligi haqida to‘xtalib o‘tishdi. Shu bilan bir qatorda elektron sudlov tizimi orqali sudga murojaat etish bo‘yicha bevosita tajribaga ega bo‘lgan fuqarolar va tegishli idoralarning vakillaridan ham intervyular olindi. Ular orasida aholiga kommunal xizmatlar ko‘rsatish korxonalari vakillari, voyaga yetmagan farzandlar tarbiyasi uchun aliment undirish masalasi bo‘yicha sudga murojaat qilgan arizachilar va boshqalar bor edi. Ularning fikricha, elektron sudlov tizimidan foydalanish, ya’ni sudga elektron tarzda ariza topshirish va ishlarni shu tizim orqali ko‘rib chiqish vaqtining ancha qisqarishiga, sudga borish uchun sarflanadigan xarajatlarning tejalishiga imkon yaratmoqda.

Nizom ijrosini ta’minlash maqsadida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda ommaviy axborot vositalari vakillarining ochiq sud majlislarida hozir bo‘lishlari uchun shart-sharoitlar yaratildi. Masalan, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Oqqo‘rg‘on mahalla fuqarolar yig‘inida 2016 yil 19 oktyabrda bir nechta ochiq sayyor sud majlislari o‘tkazilib, ularda ommaviy axborot vositalari vakillaridan tashqari Mirzo Ulug‘bek tuman hokimligi, prokuraturasi va mahalla fuqarolar yig‘inidan mutaxassislar ham ishtirok etishdi. Ochiq sayyor sud majlisi ishtirokchilari ommaviy axborot vositalari vakillariga bergan intervyularida bunday sud majlislarini o‘tkazishning afzallik tomonlari to‘g‘risida o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashishdi. Ular tomonidan sayyor sud majlislarining ishda ishtirok etuvchi shaxslar uchun qulayligi, nizoning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarini chuqurroq o‘rganish uchun imkoniyat yaratishi hamda uning shaxslar uchun tarbiyaviy ahamiyati va ta’siri yuqori ekanligi alohida qayd etib o‘tildi.

Shu bilan birga muhokamalar jarayonida «Sud majlislarida ommaviy axborot vositalari vakillarining hozir bo‘lishi tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning nizoli vaziyatlarni hal etishda sud ta’sir choralaridan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish, sudlar faoliyatining shaffofligini oshirish va shaxslarni sudlar faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan ta’minlash borasidagi ahamiyati haqida fikr-mulohazalar bildirildi. Shuningdek, ta’kidlandiki, endilikda ommaviy axborot vositalari vakillari fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan olib borilayotgan ochiq sud majlislarida bevosita hozir bo‘lishlari mumkin. Buning natijasida fuqarolar sudlar faoliyati to‘g‘risida ko‘proq ma’lumotlarni olishga erishishadi va bu o‘z navbatida ularning odil sudlov tizimiga bo‘lgan ishonchining yanada oshishiga zamin yaratadi.