“Yagona darcha” tadbirkorlarga qurilish uchun tartibotlardan o‘tishni yengillashtiradi

Mon Sep 19 00:00:00 EDT 2016

Biznes yuritish aksariyat hollarda u kafe bo‘ladimi, restoranlar, go‘zallik salonlari, dorixonalar, mehmonxonalar bo‘ladimi, yangi obyektlarni qurish, bino va inshoatlarning tashqi ko‘rinishini (fasadini) o‘zgartirish yoki turar-joy ob’ektlarini noturar-joy toifasiga o‘tkazish, mavjud obyektlarni qayta rekonstruksiya qilish bilan bog‘liqdir. Milliy qonunchiligimizga muvofiq O‘zbekistonda ushbu ishlarni amalga oshirish uchun, tadbirkorlar o‘rnatilgan tartibda ruxsatnomalar olishlari zarur.

2015 yilga qadar, tadbirkor tomonidan yer uchastkasini va qurilishga ruxsatnoma olishi 176 kun va 23 bosqichni o‘tishini talab etar edi. Butun respublika miqyosida “yagona darcha” markazlari xizmat tizimining joriy etilishi va bir qator me’yoriy-huquqiy hujjatlarning amaliyotga tadbiq etilishi, mamlakatimiz tadbirkorlari uchun qurilishning barcha bosqichlarida ruxsat etish xususiyatiga ega bo‘lgan hujjatlarni olish tartibotlarini sezilarli darajada yengillashtirdi. Tadbirkorlik faoliyati uchun obyektlarni qurish bilan bog‘liq bo‘lgan tartibotlar qay darajada o‘zgarganligi xususida “O‘zbekiston biznes-forumi (III-faza)” loyihasi ekspertlari so‘zlab berishdi.

Oldin ko‘rib chiqilayotgan masalalarni bir nechta bosqichlarga bo‘lib olamiz. Demak, yangi obyektni (binoni, inshoatni) qurish uchun tegishli yer uchastkasini olish zarur.

Tadbirkor tomonidan yer uchastkasini olish

Vazirlar Mahkamasining, 21015 yil 7 oktyabrida qabul qilingan 285-sonli qaroriga muvofiq, yuridik va jismoniy shaxslarga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun aholi punktlaridagi 1,0 gektargacha bo‘lgan yer uchastkalari tanlov asosida doimiy foydalanishga taqdim etiladi. Ushbu tanlovning mohiyati shundan iboratki, tadbirkor tanlov g‘olibi deb aniqlanganda,yer uchastkasini doimiy foydalanishga va qurilishga ruxsatnomalarni olishi uchun bor yo‘g‘i yetti bosqichdan iborat tartibotlarni o‘tishi zarur bo‘ladi. Biroq, bugungi kunda qonunchilikka muvofiq bo‘lmagan holatlar ham mavjud. Bunday holatlarning sababi, mazkur yangi tartibotlar endigina joriy etilganligidir, va ayni paytda ularni amalga oshirish mexanizmlari sinovdan o‘tkazilib, takomillashtirilmoqda.

“Ko‘chmas mulk savdo xizmati” MChJning hududiy filiallari muntazam ravishda yiliga ikki marta ommaviy axborot vositalarida va “Ko‘chmas mulk savdo xizmati” MChJ (www.1kms.uz), Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi (www.davarx.uz), Savdo-sanoat palatasi (www.chamber.uz), Qoraqolpokston Respublikasining vazirlar kengashi (www.sovminrk.gov.uz), viloyat va Toshkent shahar hokimiyatlari (www.tashkent.uz) rasmiy veb-saytlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (www.my.gov.uz) tanlov o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e’lonni nashr qiladi.

Talabgor tanlovda ishtirok etishga ikki nusxadagi arizani tanlov taklifi, loyiha eskizi (obyektning fasadi va bosh rejasini), ishlab chiqarilishi rejalashtirilayotgan maxsulotlar yoki ko‘rsatiladigan xizmatlar turlarining taklif etilayotgan assortimentini, ob’ekt qurilishini moliyalashtirish to‘g‘risidagi axborotni ilova qilgan holda tanlov tashkilotchisiga topshiradi. Tanlov tashkilotchilari tomonidan so‘rovnoma ro‘yxatdan o‘tkazilgan kuni arizachi tanlov hujjatlarini oladi.

E’londa ko‘rsatilgan muddatlarda, tanlov komissiyasi tanlov takliflari solingan konvertlarni ochadi va baholash me’zonlari asosida shu kunning o‘zida tanlov g‘olibini aniqlaydi, hamda uch kalendar kuni mobaynida tegishli bayonnoma rasmiylashtiriladi. Eng yaxshi tanlov taklifini topshirgan talabgor tanlov g‘olibi deb tan olinadi.

Tanlov taklifini baholash quyidagi me’zonlar asosida amalga oshiriladi: tashkil etiladigan ish o‘rinlari soni (25 ball), taklif etilayotgan investitsiya miqdori (25 ball), loyihani moliyashtirishda o‘z mablag‘lari va kredit resurslari mavjudligi (25 ball), tanlov hujjatlarining texnik qismi (10 ball), ishlab chiqarishi ko‘zda tutilayotgan mahsulotlari turi, hajmi va assortimenti yoki ko‘rsatiladigan hizmatlar turi (10 ball), tanlov predmeti uchun taklif etilayotgan to‘lov miqdori (5 ball), loyihani amalga oshirish maqsadida biznes loyiha mavjudligi (2 ball), auditor tashkilotining oxirgi yili uchun hulosasi mavjudligi (1 ball), oxirgi 2 yillik buhgalteriya balansini hisoboti mavjudligi (1 ball).

Keyinchalik, tanlov bayonnomasi olingan kundan boshlab besh kun mobaynida tegishli tuman (shahar) hokimligi yer uchastkasini ajratish to‘g‘risida qaror qabul qiladi va tanlov g‘olibi bilan tanlov majburiyatlarini bajarish to‘g‘risida shartnoma tuzadi.

Tuman (shahar) yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi, hokim harori qabul qilingan kundan boshlab ikki kunlik muddatda, yer uchastkasiga bo‘lgan huquni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani bepul taqdim etadi.

Yangi Nizomda tadbirkor uchun tartibotlar muddatlari va sonini sezilarli darajada qisqartirish nazarda tutilgan. Ilgari barcha tartibotlar uchun 55 kun talab etilgan bo‘lsa, bugungi kunda g‘olibni aniqlashdan boshlab uchastkasiga bo‘lgan huquni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishgacha bo‘lgan muddat 10 ish kunidan oshmasligi lozim.

Qurilishga ruxsat berish

Qurilishga ruxsatnoma olish tartiboti ham soddalashtirilgan holda quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi.

Tadbirkor loyihalashtirish tashkilotiga loyihalash topshirig‘ini beradi va loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash uchun shartnoma tuzadi. Loyihalashtirish tashkiloti qurilish loyihasini ishlab chiqadi va uni mustaqil ravishda arxitektura-shaharsozlik kengashi va davlat ekspertizasi organi bilan kelishadi.

Tadbirkor loyiha-smeta hujjatlarini olganidan keyin respublikada faoliyat yuritayotgan istalgan “yagona darcha” markazlaridan biriga qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga ruxsatnomani olish uchun ariza topshiradi.

• “Yagona darcha” markazi bir ish kuni mobaynida zarur bo‘lgan hujjatlarni O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi davlat arxitektura-qurilish nazorati hududiy inspeksiyalariga (keyingi o‘rinlarda inspeksiya deb yuritiladi) yuboradi.

• Ijobiy qaror qabul qilinganda inspeksiya “yagona darcha” markaziga qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga ruxsatnomani va inspeksiya tomonidan rasmiylashtirilgan (imzolangan) nazorat funksiyalarini amalga oshirish shartnomasining bir nusxasini taqdim etadi; qabul qilingan qaror to‘g‘risidagi axborotni O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi rasmiy veb-saytining maxsus bo‘limida e’lon qiladi.

Tadbirkor “yagona darcha” markazida qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga ruxsatnomani va inspeksiya tomonidan nazorat funksiyalarini amalga oshirish shartnomasini oladi.

Obyektlarni foydalanishga qabul qilish tartibi

Qurilish pudrat tashkiloti (yoki tadbirkor o‘z kuchi bilan) qurilishni amalga oshiradi, “O‘zGAShKLITI” DUK loyihalashtirish-tadqiqot tashkiloti tomonidan binolar va inshootlar, yer osti muhandislik kommunikatsiyalarining raqamli ijro tasviri amalga oshirilishini ta’minlaydi. Qurilishi tugallangan ob’ektni foydalanishga qabul qilish uchun tuman (shahar) hokimi nomiga ariza topshiradi. Foydalanishga qabul qilish komissiyasi a’zolari tomonidan foydalanishga qabul qilish to‘g‘risidagi dalolatnoma imzolanganidan keyin tuman (shahar) hokimi dalolatnomani tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Oxirgi qadamda esa, tadbirkor qurilgan ob’ektga bo‘lgan huquqni kadastr organlarida davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi.

Shu tariqa, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra bugungi kunda tadbirkor tomonidan yer uchastkasini va qurilishga ruxsatnoma olishi uchun, jami 12 bosqichni bosib o‘tadi va bu jarayon taxminan 54 kun vaqtni talab etadi. Jahon bankining “Doing Business” reytingiga muvofiq ushbu jarayon 2015 yilda 176 kun va 23 bosqichni o‘z ichiga olgan edi. 189 mamlakat nisbiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha qurilishga doir ruxsatnoma hujjatlarini olishning soddaligi bo‘yicha O‘zbekiston ushbu reytingda 151 o‘rinni egallagan. Yangi qonun hujjatining qabul qilinishi va uning normalariga amaliyotda qat’iy rioya qilinishi ushbu tartibotlarni soddalashtirish, O‘zbekiston reytingini oshirish va tadbirkorlarning qurilish sohasidagi faoliyatini faollashtirish imkonini beradi.