Ijtimoiy yordam ko’rsatish standartlarini tatbiq etish kun tartibida

Tue Sep 06 00:00:00 EDT 2016

Toshkentda yolg`iz va yolg`iz yashovchi keksalar va nogironlar uylarida ijtimoiy yordam ko’rsatish standartlarni joriy etish masalalariga bag`ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo’lib o’tdi.

Seminar Sog’liqni saqlash vazirligi tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi ko'magida tashkil etildi. Seminar Toshkent shahar va Toshkent viloyati sog'liqni saqlash boshqarmalarining ijtimoiy yordam bo'linmalarining rahbarlari, Reabilitatsiya va protezlash milliy markazi,  O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi xodimlari ishtirokida bo’lib o’tdi.

Ijtimoiy xizmat ko’rsatish standartlari O’zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining “Keksalar va nogironlarni manzilli ijtimoiy himoya qilish va qo’llab quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari tog’risidagi 2015 yil 10-avgustdagi 237-qaroriga muvofiq BMTTD, O’zbekiston Respublikasi Mehnat vazriligi hamda Respublika Sog’liqni Saqlash Vazirligi  qo’shma loyihasi doirasida ishlab chiqildi.

Seminarda ijtimoiy himoya, aholining zaif qatlamlariga yordam ko’rsatish, shuningdek, nogironlarni reabilitatsiya qilish sohasida faoliyat yuritayotgan 40dan ortiq mutaxasislar ishtirok etdilar.

Seminarning maqsadlari yig’ilgan mutaxassislarni ijtimoiy yordam ko’rsatish standartlarning mazmuni bilan tanishtirish, shuningdek, ijtimoiy xizmatlarni amalga oshirish jarayonida paydo bo’layotgan amaliy muammolarni ko’rib chiqishdan iborat bo’ldi.

Ijtimoiy yordam ko’rsatish standarti xizmatlar tavsifi, xizmatlarni ko’rsatish shartlari, muddatlari, ijtimoiy xizmatlarning sifat va samaradorlik ko’rsatkichlariga bo’lgan davlat talablarini belgilaydi.

Seminarda sog’liqni saqlash tizimining hududiy bo’linmalar mutaxasislari yo’lg’iz va yolg’iz yashovchi keksalar va nogironlarning hayot tarzini baholashda, shuningdek, yol’giz va yolg’iz yashovchi keksalarga va nogironlarga yakka tartibda ijtimoiy xizmat ko’rsatish dasturlarini rivojlantirishda ayrim qiyinchiliklarga duch kelishayotganliklari haqida alohida qayd etib o`tildi. Bu kabi seminarlar mutaxasislarga yolg’iz va yolg’iz yashovchi keksalar va nogironlarga sifatli ijtimoiy yordam ko’rsatish ko’nikmalarini rivojlantirish hamda shu kabi standartlarni joriy etish mexanizmlarini ishlab chiqish imkonini yaratib beradi.

Ijtimoiy xizmatlar ko’rsatish sifati hukumat boshqaruvidagi mahalliy organlar, sog’liqni saqlash boshqarmasi, moliya boshqarmasi, pensiya jamg’armasi, xalq ta’limi boshqarmasi va mahalla qo`mitalari bilan o’zaro hamkorligiga bog’liq ekanligini seminar ishtirokchilari alohida ta’kidlashdi.

Seminar davomida ishtirokchilar muhtoj fuqorolarni protez va ortopedik qurilamalar, reabilitatsiya texnik vositalari va aravachalar bilan ta’minlash bilan bog’liq boshqarish chora tadbirlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 13-oktabr 2014 yildagi “1941-1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini ijtimoiy qo’llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to’g’risida” gi PF-4658 sonli farmonini amalga oshirish chora-tadbirlari, shuningdek, “Muruvvat” va “Saxovat” uylari bo’yicha normativ hujjatlarni takomillashtirish vazifalari bilan tanishib chiqdilar.

Seminar interaktiv o’qitish usullaridan foydalanilgan holda tashkil etildi. Ishtirokchilar ko’tarilgan masalalar va ularning yechimlarini muhokama qilishda faol ishtirok etdilar. Ilmiy-amaliy seminar yakunda ishtikorchilar sertifikatlar bilan taqdirlandilar.

Ushbu semindarda yolg’iz va yolg’iz yashovchi keksalarga va nogironlarga ijtimoiy yordam ko’rsatish standartlarini amalga oshirish monitoring rejasi ustida kelishib olindi. Shuningdek, seminarning monitoring qismida, kelajakda BMTTD ko’magida Toshkent viloyati Zangiota tumani hamda Toshkent shahri Mirobod tumani ijtimoiy tibbiyot birlashmalari ishtirokida qo’shma seminar tashkil qilish rejalashtirildi.