Namanganda liboslar dizayni markazi ochildi

Fri Aug 26 00:00:00 EDT 2016

Joriy yilning 26 avgust kuni Namanganda O‘zbekiston davlat mustaqilligining 25-yilligini nishonlashga bag‘ishlangan Liboslar dizayni va modellash markazining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Bugungi kunda Namangan viloyatida to‘qimachilik matolarini ishlab chiqarish, liboslar tikish bo‘yicha korxonalar hamda malakali kadrlar bilan ta’minlab berayotgan o‘quv muassasalarini o‘zida mujassam etgan yangi tikuvchilik sanoati yo‘nalishi shakllanmoqda.

Namangandagi «Istiqlol Dizayn Markazi» MChJ qoshidagi yangi Liboslar dizayni markazi yuqorida sanab o‘tilgan, jumladan, kadrlar salohiyatini mustahkamlash, ishlab chiqarishni kengaytirish va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini jahon standartlari darajasiga yetkazish kabi masalalar yechimiga o‘z hissasini qo‘shishga xizmat qiladi. Ushbu maqsadlarda yangi Markaz Savdo-sanoat palatasi (SSP) va BMT Taraqqiyot dasturi o‘rtasidagi qo‘shma loyiha O‘zbekiston  biznes-forumi (III-bosqich)» tomonidan «Sasol» kompaniyasining moliyaviy ko‘magi asosida eng zamonaviy yuqori texnologik uskunalar bilan jihozlandi.

Markaz «Tashabbus-2011» tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan va MDH davlatlari uchun eksportga yo‘naltirilgan tikuvchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasida salmoqli tajribaga ega bo‘lgan «Istiqlol Dizayn Markazi» MChJ («Zamin Turkiston» MChJ) klassik uslubdagi liboslar ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi fabrikasi negizida tashkil etildi. Markazda o‘rin olgan zamonaviy asbob-uskunalar avtomatlashgan loyihalashtirish zamonaviy tizimi (Computer Aided Design), 3D-modellashtirish, raqamlashtirish, eskizlarni real hajmlarda bosib chiqarishdan foydalanish orqali modellarni tuzish uchun bir qancha qulayliklar, shuningdek, dizaynerlarning ishini sezilarli darajada yengillashtirib, tayyorlanadigan mahsulot sifatini oshirishga yo‘l ochib beradigan qo‘shimcha imkoniyatlarni taqdim etadi.

Kelgusida ixtisoslashgan kollejlar, universitetlardagi bitiruvchi kurslarning yaxshi akademik natijalarga erisha olgan talabalari beminnat ravishda Markazda ishlab chiqarish amaliyotini o‘tashi rejalashtirilgan. Markaz faoliyatida klasterga oid yondashuv talaba va o‘quvchilar uchun ishlab chiqarish talablariga muvofiq amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lish imkoniyatlarini beradi. Dastlabki hisoblashlarga ko‘ra, bir yilda Namangandagi kollejlarning 48 ga yaqin o‘quvchisi dizayn va modellashtirish ko‘nikmalarini hosil qilib, ulardan qariyb 10 nafar iste’dodli o‘quvchi «Istiqlol Dizayn Markazi» fabrikasiga ishga olinadi.

Hozirda Namanganda to‘qimachilik sanoatini rivojlantirishga qaratilgan infratuzilma mavjudligidan kelib chiqib, Markaz milliy brendni shakllantirish hamda nafaqat MDH, balki Yevropa va Amerika davlatlarida ham talabga ega bo‘lgan mahsulotni yaratish uchun zarur bo‘lgan zanjirning yana bir muhim halqasiga aylanadi. Xususan, ushbu yo‘nalishda bilimlarni oshirish, tajriba almashish uchun Markazga mavzuga doir mahorat maktablarini o‘tkazib beradigan xorijiy ekspertlarning taklif etilishi kutilmoqda.

Markazning ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Raisi Alisher Shayxov va BMTTD Doimiy Vakili Stefan Prisner mazkur Markazning ishga tushirilishi tayyor to‘qimachilik mahsulotining sifati va raqobatbardoshligi oshishi, sanoat ishlab chiqarishi hajmlarining o‘sishi, mahsulot eksporti uchun bozorlarning kengayishi va albatta, milliy brend yaratilishida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tdilar. Shu bilan birga, Markazning faoliyati yoshlarda, xususan, qizlarda bozor talablariga mos ko‘nikmalarni oshirish, ular uchun kelgusi ishga joylashish va turmush darajasini yaxshilash uchun imkon yaratib beradi.

***

«O‘zbekiston biznes-forumi (III-bosqich)» loyihasi SSP va BMTTD o‘rtasidagi qo‘shma tashabbus bo‘lib, onlayn xizmatlarni joriy qilish, me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, shuningdek, inklyuziv biznes-modellarni rivojlantirish va ilgari surish yordamida biznes yuritish uchun shart-sharoitlarni yaxshilashga qaratilgan.