Davlat xodimlari uchun odob-axloq qoidalari bo ‘yicha xalqaro seminar-trening

Thu Aug 18 00:00:00 EDT 2016

2016 yil 18 avgustda Toshkentda “Odob-axloq qoidalariga rioya qilish – samarali davlat boshqaruvining zaruriy sharti” mavzusida xalqaro seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbikiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamda YEXHTning yurtimizdagi loyihalar koordinatori ko‘magida tashkil etildi.

Seminarda Oliy Majlis Senati a‘zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, BMTTD O‘zbekistondagi doimiy vakili S.Prisner, YEXHTning loyihalar koordinatori idorasi katta maslaxatchisi X.U.Im, vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari (viloyat hokimliklari)ning ma‘sul xodimlari, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, o‘quv muassasalari vakillari hamda mahalliy va xorijiy ekspertlar ishtirok etishdi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad davlat xodimlarining O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining shu yil 2 martdagi Qarori bilan tasdiqlangan davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalaridan xabardorligini yanada oshirish hamda mazkur sohada xorij tajribasi bilan tanishishdir.

Ta‘kidlanganidek, O‘zbekistonda demokratik islohatlar yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish avj olgan bir paytda davlat xizmatining boshqaruv tizimni ta‘minlashda huquqiy vosita sifatidagi o‘rni va ahamiyati yanada kuchayadi. Boshqacha qilib aytganda, davlat boshqaruv faoliyati samaradorligi ko‘p jihatdan davlat organlari kadrlar personaliga bog‘liq bo‘lib qoladi.

Davlat xizmati samaradorligini oshirish davlat boshqaruv tizimini yanada rivojlantirish, davlat organlari huquqiy, texnik va kadr salohiyatini mustahkamlash, davlat xodimlarining jamiyatda ijobiy imijini yaratish maqsadida ular faoliyatining ochiqligi va tartibga solinganligin ta‘minlash uchun zarurdir.

Hukumat tomonidan davlat xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalarining tasdiqlanishi davlat xizmatining yanada modernizatsiyalash yo‘lidagi muhim va zarur qadam bo‘ldi. Ushbu hujjat asosida hududiy va tarkibiy bo‘linmalar xodimlari uchun majburiy bo‘lgan xodimlarning idoraviy odob-axloq qoidalarini ishlab chiqilishi hamda Odob-axloq komissiyasining yaratilishi idorada korruptsiya va boshqa huquq buzarliklarni oldini olishda muhim o‘ringa ega.

Seminar-trening dasturiga ko‘ra quyidagi mavzular asosida to‘rtta yalpi majlis o‘tkazildi:

1)    Davlat xodimlari asosiy odob-axloq tamoyillari va qoidalari;

2)    Davlat xodimlari odob-axloqini ta‘minlash bo‘yicha xorij tajribasi;

3)    Davlat xodimlari faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish zarurati;

4)    Odob-axloq qoidalari buzilishini oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar. Xodimlarning idoraviy odob-axloq qoidalarini qabul qilish bo‘yicha amaliy tavsiyalar.

Yalpi majlislar doirasida BMT shtab-kvartirasi Odob-axloq idorasi xodimi Kevin Ueyt, Malayziya korruptsiyaga qarshi kurashish komissiyasi rahbari Abdul Samat Bin Kasan, Belarus Respublikasi Bosh prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Sergey Sasheko va boshqa xorijiy ekspertlar so‘z olishdi. Davlat xodimlari odob-axloqini tartibga solishning qonuniy asoslari, davlat xizmati odob-axloq tamoyillari va qadriyatlari, odob-axloq masalalari yuzasidan BMT standartlari, davlat boshqaruv organlarida manfaatlar to‘qnashuvi, YEXHTning korruptsiyani oldini olish bo‘yicha qo‘llanmasi to’g’risidagi taqdimotlar yig‘ilganlar e‘tiboriga havola qilindi.

Seminar-trening yakunida tinglovchilar o‘zlashtirilgan ma‘lumotlar bo‘yicha oldindan tayyorlangan testlar yordamida o‘z bilimlarini sinab, sertifikatlar bilan taqdirlandilar.